Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:02

Konstitutsiya: Yangi tahrirdagi loyiha qoraqalpog‘istonliklar orasida norozilik uyg‘otdi


Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sobiq raisi Musa Yerniyazov (o‘rtada) O‘zbekiston Senatida.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sobiq raisi Musa Yerniyazov (o‘rtada) O‘zbekiston Senatida.

O‘zbekistonda 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qoraqalpog‘istonliklar orasida norozilik uyg‘otdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik chiqishlariga asosiy qonunning yangi tahririda Qoraqalpog‘iston respublikasining “suvereniteti” iborasi hamda respublika xalqining “umumiy referendum asosida ajralib chiqish huquqi” jumlasi olib tashlangani sabab bo‘lgan.

26-iyun kuni “Qoraqalpog‘istonliklar konstitutsiyasi” nomi bilan ochilgan yangi Telegram-kanalga bir kunda 100 mingdan ortiq odam a’zo bo‘ldi, ommaviy norozilikka chaqiriqlar yangradi. 27-iyun kuni ertalab nukusliklar shaharda mobil internet cheklab qo‘yilgani haqida yozishdi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining amaldagi tahriri 70-moddasi:

“Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi”, deya o‘qiladi.

26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi tahrir loyihasida esa bu moddani quyidagicha o‘zgartirish nazarda tutilmoqda:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi”.

Birinchi norozilik bu moddadan «suveren» so‘zining olib tashlanganiga bo‘lyapti.

Amaldagi Konstitutsiyaning 74-moddasida:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega”, deyilgan.

Yangi tahrirdagi loyihada bu moddani quyidagicha ta’riflash taklif qilingan:

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir".

Ikkinchi norozilik esa bu moddadan "Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega"ligini chiqarib tashlangani ustida ketyapti.

Qoraqalpog‘istonlik jurnalist, “Makan.uz” sayti ta’sischisi Lolagul Qallixanova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Konstitutsiyaning yangi tahririda taklif etilayotgan ayni o‘zgarishlarga qarshi ekanligini bildirdi.

“Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi” so‘zlari olib tashlandi, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolarining roziligisiz respublika suvereniteti qonun bilan olib qo‘yiladi”, deb yozdi Lolagul Qallixanova “Makan.uz” saytida 26-iyun kuni e’lon qilingan maqolasida.

Jurnalist Konstitutsiyaning 74-moddasidagi, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qoraqalpog‘iston xalqining umumxalq referendumi asosida O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqish huquqiga ega”, deb belgilangan moddaning ham olib tashlanishini “qoraqalpog‘istonliklarning o‘z konstitutsiyaviy huquqidan mahrum etish”, deya baholagan:

"Bunday o‘zgartirishlarni qoraqalpog‘istonlik fuqarolarning o‘zlari kiritishi kerak edi, ular konstitutsiyaga o‘z huquqlaridan mahrum etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar loyihasini o‘qib hayron bo‘lishdi".

Lolagul Qallixanova O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishli bobiga o‘zgartirishlar kiritishni to‘xtatib, shu bobning 70-dan 75-moddalarigacha bo‘lgan qismini o‘zgarishsiz qoldirishni talab qilishi haqida yozadi.

Ozodlik 27-iyun kuni Lolagul Qallixanova bilan bog‘landi. Ammo u barcha fikrlari saytida yozilganini aytib, ortiqcha izoh berolmasligini bildirdi.

Yangi Konstitutsiya loyihasi e’lon qilinganidan so‘ng, Feysbukning «Bu mening Konstitutsiyam!» sahifasida munozara avj oldi.

“Assalamu aleykum konstitutsiya komissiya a’zolari, men karshiman Korakalpogiston Respublikasining konstitutsiyasining 70 dan 75 moddalariga kushimcha va uzgartirishlarni kiritishga”.

"Qoraqalpog‘iston xalqi Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 73, 74, 75 moddalariga o‘zgartish kiritishga qat’iyan qarshi. Qoraqalpog‘istonliklardan hech kim so‘ramadi, Zuhra Abatayevna Oliy Majlis yig‘ilishi ishtirokchilariga dezinformatsiya berdi!”

“Agar xalkni uylasalaring iltimos Korakalpogiston Respublikasiga oid 70,71,72,73,74,75 moddalarni uzgartirish kiritilmasin, bu moddalardan Korakalpogiston Respublikasi xalki rozi xammasi, uzgartirish shart emas”.

Xavfsizlik xavotiri bois ismi sir qolishini so‘ragan nukuslik o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, tarmoqlarda tuni bo‘yi davom etgan chaqiriqlarga qaramasdan 27-iyun kuni shaharda aholining norozilik chiqishi kuzatilmagan:

“Men hozir sentr tomondan keldim, tinchlik edi. Lekin hamma g‘azabda. Bunday taklifni o‘zimiznikilar bergan emish. Odamlarning og‘zida faqat shu gap. Mobil Internet ishlamayapti. Aloqa juda yomon”.

Ismi sir qolishini so‘ragan mahalliy blogerlardan birining Ozodlikka yozishicha, ulardan Konstitutsiya mavzusini umuman tilga olmaslik talab qilingan:

“Bizda bu mavzu kechadan buyon qaynayotgan edi. Bugun ichki ishlarga bitta-bitta chaqirtirilib, Konstitutsiya bo‘yicha hech narsa yozmaslik buyrug‘ini berishdi. Yozsak, o‘zimizdan o‘pkalashimiz kerak ekan. Organ xodimlarining aksariyati fuqarolik kiyimida aholi orasida yuribdi”.

Qorqalpog‘istonning Chimboy tumanida yashaydigan, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan blogerlardan birining Ozodlikka aytishicha, konstitutsiya muhokamasiga bag‘ishlangan barcha Telegram kanallar o‘chirtirib yuborilyapti:

“Kecha Telegramda “Qoraqalpog‘iston konstitutsiyasi guruhida yuz mingdan ortiq odam bu o‘zgartishlarga qarshi o‘z fikrlarini yozgan edi. Bugun uning adminstratorini topib, suhbatga chaqirishdi shekilli, gruppa o‘chirib yuborildi. Agar o‘zgartishlar shu holatda referendumga tashlansa qariyb ikki million qoraqalpog‘istonlik aholidan ovoz qolgan 33 million aholining ovoz beruvchi qatlami orasida hech narsa bo‘lmaydi. Biz shundan xavotirdamiz, haq-huquqimizning poymol bo‘lishidan qo‘rqyapmiz”.

Qoraqalpog‘istonliklar faol bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda separatizm kayfiyatidagi chaqiriqlar 2014-yilda Rossiyaning Qrim anneksiyasi ortidan kuchaygani kuzatilgandi.

O‘zbekiston hukumati so‘nggi paytlarda mintaqani rivojlantirish bo‘yicha qator dasturlarni e’lon qilgan, ekologik halokat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan yangi loyihalarni ilgari surgan.

26-iyun kuni Gazeta.uz nashridan “Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirish taklif etilmoqda” nomli maqola olib tashlandi.

Hozirga qadar rasmiylar Qoraqalpog‘iston suvereniteti atrofida paydo bo‘lgan noroziliklarga munosabat bildirgani yo‘q.

Ozodlik bilan suhbatda AQShda yashayotgan jurnalist va sobiq deputat Jahongir Muhammad Konstitutsiyaning yangi tahririda Qoraqalpog‘iston bilan bog‘liq bandlarning o‘zgartirilishini, o‘z ta’biricha, “mina”ga qiyosladi.

“Bugun biz turkiy davlatlar birligi, Turon, Turkiston g‘oyalari atrofida birlashuvga intilayotgan bir paytda bunday holni orqadan pichoq urish deyiladi. Qonun loyihasini tayyorlaganlar bu bilan mamlakatni “minalashtirish”ga hissa qo‘shmoqdalar”.

RSFSR tarkibida bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Avtonom Sovet Sotsialistik respublikasi 1936- yilda O‘zbekiston SSRga berilgan.

1992-yilning 9-yanvarida Qoraqalpog‘iston ASSR Qoraqalpog‘iston Respublikasiga aylantirilib, O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG