Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:32

Koson hokimining odam urib o‘ldirgan mashinasini uning o‘g‘li boshqargani iddao qilinmoqda(VIDEO)


Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev
Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev

Qashqadaryo viloyat, Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayevning “Kaptiva” xizmat mashinasi 12 - dekabr kuni kechqurun kosonlik 59 yashar Sherali Jumaqulovni urib yuborganidan so‘ng, u voqea joyida vafot etgan.

Marhum yaqinlari va hodisa guvohlarining iddao qilishlaricha, mashinani hokimning 19 yashar o‘g‘li boshqargan, yonida hokimning o‘zi, salonda esa xotini bilan qizi ham bo‘lgan.

Asrol Boyqarayev va uning oilasi xodisa joyini zudlik bilan tark etganidan so‘ng, hokimning buyrug‘i bilan rulda tamoman boshqa odam, hokim o‘rinbosarining haydovchisi Rahim Jo‘rayev bo‘lgani rasmiylashtirilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan birining yuqori martabali mulozimi bu yo‘l-transport hodisasi Kosonning o‘zida ko‘rilmay, viloyat IIBga oshirilgani ortida O‘zbekiston IIVda ishlaydigan rasmiy turganini aytdi.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, hokim va uning oilasini bu voqeaga aralashtirmay, ishni tezroq yopish haqida Ichki ishlar vazirligidan "og‘zaki buyruq bo‘lgan".

Koson tumani hokimligining axborot xizmati rahbari Dilshod Nabiyev bu iddaolarni rad qilib, avtohalokatda hokim va uning oilasining ishtiroki yo‘qligini ta’kidladi.

Guvohlarning aytishicha, hodisa 12 - dekabr kuni kechqurun soat sakkizdan o‘tganda Koson tumani markaziy kasalxonasi yaqinida sodir bo‘lgan. Tuman hokimi Asrol Boyqarayevning qora rangli “Kaptiva” xizmat mashinasi juda katta tezlikda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 60 yashar Sherali Jumaqulovni urib yuborgan.

Mashina suratidagi o‘ng qanotining o‘pirilib, ichkariga o‘yilib kirib ketgani aksidan ham zarbning qanchalik qattiq bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan uch nafar kosonlik bilan gaplashdi.

Hokimlik tomonidan bosim bo‘lishidan cho‘chigan guvohlar, agar xolis tekshiruv va sud bo‘lsa, guvohlik berishga tayyorliklarini aytishdi.

Марҳум Шерали Жумақуловнинг хотини ва синглисининг президентга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:02 0:00

"Mashinadan ikki ayol tushib, qochib ketdi"

Birinchi guvohning aytishicha, o‘sha kuni u "hokimni, haydovchini va mashinadan tusha solib qochgan ikki nafar ayolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan":

Moshin borib shunday to‘xtadi-da, ichidan ikkita ayol va bitta oq sochli odam tushdi va ayollar Koson tomonga qarab qochib ketishdi.

“12 - dekabr kuni kechqurun soat sakkizlarda xo‘jayin bilan biroz janjallashib qolib, ko‘chaga chiqib, onamning uyi tomon ketayotgan edim. Bizlar tomonda Obron bolnisa bor-da, o‘sha peshexodga yaqinlashayotgan edim. Birdan kuchli qars, degan ovoz eshitildi. Bir buvacha ancha metrga uchib ketdi. Moshin borib, shunday to‘xtadi-da, ichidan ikkita ayol va bitta oq sochli odam tushdi va ayollar Koson tomonga qarab qochib ketishdi. Oq sochli odam hokimimiz edi. Men ham qo‘rqib ketdim-da, o‘zim ham bilmay orqaga qocha boshladim. Birpas mahallaga kirib, o‘zimga keldim-da, yana qaytib o‘sha joyga bordim. Borsam odamlar uje to‘plangan, milisa kelgan, odamlarning telefonlarini yig‘ishtirib olyapti. Ko‘nglim yomon bo‘lib qaytayotsam o‘sha moshinadan bir yoshgina bola tushib, Qarshi tomonga qarab qochib ketyapti, yo‘lda menga urilib ham ketdi. Chiroylikkina bola ekan”.

"Yaqinroq borib qarasam, hokim bovoning o‘zi ekan"

Voqeaga guvoh bo‘lgan ikkinchi kosonlik tuman hokimi Asrol Boyqarayevni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytadi:

200 metr narida bolnisa bor, olib borsa bo‘lar ediku. Lekin ikkovi ham yotgan odamga qaramay qochib ketishdi.

“Shanba edi. Men o‘sha kuni to‘ydan piyoda kelayotgan edim. Hokimning mashinasi peshexoddan o‘tayotgan piyodani shunday ham qarsillatib urdiki, u odam uchib ketdi. Qora kurtka kiygan, sochi oq odam old tomondagi passajir joyidan tushdi va moshinani oldi orqasiga qaray boshladi. Yaqinroq borib qarasam, hokim bovoning o‘zi ekan. Meni ko‘rdi-da, yo‘ldan o‘tayotgan bitta moshinani to‘xtatib, minib ketdi. Haydovchi ham qochib ketdi, uni ko‘zim ilg‘amay qoldi. Endi, u hokim bo‘ladimi, oddiy haydovchi bo‘ladimi, bunday holatda darrov tez yordam chaqirishi, urib yuborgan odamiga birinchi yordam ko‘rsatishi odamgarchilik bo‘lardi. 200 metr narida bolnisa bor, olib borsa bo‘lar ediku. Lekin ikkovi ham yotgan odamga qaramay qochib ketishdi. Bitta emas, ikkita jinoyat qilishyapti, bular”.

"Shofyorlar o‘rni qalbaki hujjat bilan almashtirildi"

Koson tumani hokimligida ishlaydigan, xavfsizlik maqsadida ismi sir qolishini so‘ragan uchinchi guvohning aytishicha, Asrol Boyqarayev zudlik bilan hokimlik binosiga kelib, jinoyat izlarini qalbakilashtirish harakatini boshlagan:

Yo‘q, keyin aniqlashimizcha, 19 yashar o‘g‘li rulda bo‘lgan ekan.

“Men o‘sha kuni hokimlikda kompyuterda ishlab yotgan edim. Bir payt hokim ura solib, gupillab kirib keldi. Izidan IIB boshlig‘i Ulug‘bek Otaqulov, GAI boshlig‘i Musayev keldi. Birpasdan keyin hokim o‘rinbosari Sultonmurod Donayev tushib xodimlarga hokimning o‘zini shofyorini ikki kun avval byulletenga chiqqan qilinglar-da, ikki kun oldindan boshlab Rahimni shofyor qilib rasmiylashtiringlar, dedi. Buyruq berib, shunday qildirtirdi. Biz keyin ertalab hokimning o‘zi rulda bo‘lgan, deb eshitdik. Yo‘q, keyin aniqlashimizcha, 19 yashar o‘g‘li rulda bo‘lgan ekan. Endi esa, ana shu qalbaki hujjatlar asosida Toshkentda o‘qiydigan o‘g‘lini asrab qolmoqchi. Birovning bo‘yniga qo‘yib, qamatib yuborguncha, o‘zi men rulda edim, deb tan olsa, o‘lgan odamning oilasidan yig‘lab kechirim so‘rasa, balki kechib yuborardi. Yo‘q, hokimlik nomiga dog‘ tushmasin, mansabimdan ajralib qolmay deydi. Qanchalik pastkashlikka bormaydi, bular”.

"Oldimga soxta shofyorni olib kelishdi"

Marhum Sherali Jumaqulovning xotini, 56 yashar Noila Vahobovaning aytishicha, ularga da’vosidan voz kechishi uchun oraga “katta” odamlarni qo‘yishgan, pul ham taklif qilishgan:

Keyin 35 kun deganda bir soxta shofyorni oldimga olib kelishdi. U boshqa odam, mening guvohlarim aytgan shofyor emas.

“Kuni-kecha xo‘jayinimning qirqini berib, endi sal o‘zimga kelyapman. Hozir Toshkentga arz qilgani keldim. Advokat yollayman, erimni kim o‘ldirganini aniqlab berishsin. Voqeaning guvohlari bilan o‘zim bir necha marta gaplashdim. Moshinada hokim va uning xotini, qizi ham bo‘lgan ekan. O‘g‘li rulda bo‘lgan ekan. Endi esa bular umuman bu moshinaga o‘tirmagan boshqa odamni qanday qilib bo‘lsa ham ko‘ndirib, aybni bo‘yniga qo‘yishyapti. Oraga qancha katta odamlarni qo‘yishdi, o‘lgan odam o‘lib ketdi, endi bollaringizni o‘ylang, deyishyapti. Men o‘sha shofyorni oldimga olib kelinglar, dedim. Keyin 35 kun deganda bir soxta shofyorni oldimga olib kelishdi. U boshqa odam, mening guvohlarim aytgan shofyor emas. Bir deputatni oraga qo‘yishdi, shu bugun topdikda bu shofyorni deyapti. Xullas, shunaqa o‘yin qilishyapti, boy boyga boqyapti, kambag‘al soyga oqyapti”.

Noila Vahobovaning Ozodlikka yuborgan videosida go‘yoki o‘sha kuni mashina rulida bo‘lgan Rahim Jo‘rayevning ularning uyiga kelgani aks etgan.

Шерали Жумақуловни машинада уриб юборганини бўйнига олган ҳайдовчи Раҳим Жўраев.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:47 0:00

Videoda Sherali Jumaqulovning o‘g‘li Rustam tuman hokimi o‘rinbosarining haydovchisi Rahim Jo‘rayevga "qasam iching" deyayotgani aks etgan:

“Mayli rulda bo‘lganman desa, moshinni ichida kim bo‘lganini aytsin, agar yolg‘on gapirsam, bola-chaqam sizlarga o‘xshab yetim qolsin, desin, bo‘ldi. Oldidagi odam kim bo‘lgan, shuni aytsin”.

Rustam haydovchidan qayta-qayta so‘rasa ham, u jim turib, javob bermaydi.

Kosonda sodir bo‘lgan ushbu hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakati olib borilmoqda. Qariyb qirq kundan buyon bu ish hali yakunlangani yo‘q.

Tergov harakatlarini Qashqadaryo viloyat IIB tergovchilari olib bormoqda.

"Hamma ish soxta hujjatlar asosiga qurilgan!"

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan birining yuqori martabali mulozimi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sababli ismi sir qolishini so‘rab, intervyu berdi.

Tergovga aloqadorligini aytgan mulozimning so‘zlariga ko‘ra, hokimning O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi tanishi hujjatlarni soxtalashtirib, ishni yopish haqida og‘zaki buyruq bergan:

Hammasi soxta hujjat, marhumning oila a’zolariga ham soxta hujjatlar ko‘rsatilyapti. Tergovchilar ham shunday qilishga majbur bo‘lyapti, chunki yuqoridan IIVdan prikaz bo‘lgan.

“Hokimning xizmat avtomashinasi bo‘lgan, davlat raqami 70 027 AA “Kaptiva”. 12 - dekabr kuni kechqurun soat 8larda peshexodni urib, voqea joyidan qochib ketgan. Rulda hokimning o‘g‘li bo‘lgan, hokim oilasi bilan bo‘lgan. Hozirgi kunda, o‘g‘lini yashirib, boshqa haydovchi, hokimning zamini haydovchisini o‘rniga qo‘yib o‘tirishibdi. Bu borada jinoyat ishi ochilmagan, registratsiya ham bo‘lmagan. Kosonda ko‘rilmay, viloyatga o‘tkazilgan. Dekabrda ham Kosonda 3-4 ta avtoavariya bo‘lgan, o‘lim holati ham bo‘lgan, lekin aynan bu holat tinchgina yopilib ketadi deb, viloyatga o‘tkazilgan. Hammasi soxta hujjat, marhumning oila-a’zolariga ham soxta hujjatlar ko‘rsatilyapti. Tergovchilar ham shunday qilishga majbur bo‘lyapti, chunki yuqoridan IIVdan prikaz bo‘lgan. Hokimning o‘zi bitta erka o‘g‘li bor ekan. Hammasi o‘shaning orqasini yopish uchun qilinyapti”.

Piyodani urib yuborganlik aybini bo‘yniga olgan Rahim Jo‘rayev Ozodlikdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini eshitganidan so‘ng aloqani uzib qo‘ydi.

Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayevning telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

"Hokim oilasidan hech kim mashinada bo‘lmagan!"

Tuman hokimligining axborot xizmati rahbari Dilshod Nabiyev Ozodlikka marhum yaqinlarining iddaolarida asos yo‘qligini aytdi:

“Bu voqeada hokimning o‘zi ham, qizi ham, o‘g‘li ham bo‘lmagan. Haqiqatan hokimning mashinasi avariya bo‘lgan. Uni sentabr oyidan beri hokimning birinchi o‘rinbosari haydovchisi boshqarib keladi. Chunki hokimning haydovchisi otpuskaga chiqib ketgan. Hamma hujjatlari bor. Buni prokuratura ham tekshirib, o‘rganib chiqdi. Fuqarolar o‘sha kuni urib ketgandan keyin qochib ketgan, deyishyapti. Lekin qochgani ham yo‘q. O‘sha yerda bo‘lgan, hamma holat to‘liq rasmiylashtirilgan. Tergov davom etyapti”.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan voqea guvohlari Rahim Jo‘rayevni o‘sha kuni falokat sodir bo‘lgan joyda ko‘rmaganliklarini aytishdi.

Marhum Sherali Jumaqulov Koson tumani tez yordam kasalxonasida haydovchi bo‘lib ishlagan. Undan ikki o‘g‘il va uch qiz qoldi.

XS
SM
MD
LG