Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:25

Kovid-markazlar qayta ochilmoqda. Karantin yanada kuchaytirilishi mumkin


Kovid markazlari 5 oy avval yopilgandi.
Kovid markazlari 5 oy avval yopilgandi.

O‘zbekistonda so‘nggi haftalarda koronavirus bilan zararlanish hollari ko‘payishi manzarasida besh oy avval yopilgan Covid-19 bemorlariga mo‘ljallangan markazlar qayta ochilmoqda.

Ayni paytda talabalar orasida COVID-19 bilan kasallanish holatlari aniqlangani sabab aksar oliy o‘quv yurtlari masofaviy ta’limga o‘tmoqda.

18 - apreldan boshlab O‘zbekistonda koronavirus tufayli karantin qoidalari kuchaytirildi.

Yangi tartibga ko‘ra, to‘y va iftorliklarda mehmonlar soni 100 kishidan oshmasligi lozim.

Restoran va kafelarda mijozlar soni 50 foizga qisqartirildi.

Jamoat transportlariga faqat 50 foiz miqdorida yo‘lovchi tashishga ruxsat beriladi.

1 - maydan konsert va tomoshalarni yopiq madaniyat saroylarida o‘tkazish cheklanadi.

Kovid-markazlar qayta ochilmoqda

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, aholi orasida koronavirus yuqtirish holatlari ko‘paygani sabab besh oy avval yopilgan kovid-markazlar qayta ochilmoqda.

"Kasallik ko‘payib ketdi. Eplasha olmayapti yana. 14 ta regiondagi Kovid markazlari qayta ochildi. Hozir bu markazlarni moliyalashtirish boshlandi. Moliyalash uchun Yaponiyadan olingan qarz sarflanyapti”,- dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Covid-19 bemorlariga mo‘ljallangan markazlar o‘tgan kuzda yopilgandi.

19 - aprel kuni bir qator viloyatlardagi Sog‘liqni saqlash boshqarmalari kovid-markazlar qayta ochilganini Ozodlikka tasdiqlashdi.

Jumladan, Andijonda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi kovid-markaz Navro‘z bayramidan so‘ng qayta ochilgan:

"Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi Kovid markazi qayta ochildi. Bu 220 o‘rinlik. Navro‘zdan keyin ochdik. Yana zahirada 3 ta kovid-markaz bor, biroq yuqumli kasalliklar shifoxonasida hali bo‘sh o‘rin ko‘pligi uchun ular ochilmadi”,- dedi ismini ochiqlamagan Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Ozodlik bog‘langan xodimi.

Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyatda faqat Rishtondagi kovid-markaz qayta ochilgan, boshqalari hali yopiq.

Toshkent shahrida COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar soni yana ko‘paygani aytilmoqda.

Biroq koronavirus bemorlarini qabul qilish va taqsimlashga mo‘ljallangan yirik muassasa - “O‘zekspormarkaz” hali ochilgani yo‘q.

"Zangiotada bemorlar soni 2500ga yetib qoldi. 25 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar”, - dedi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidagi Ozodlik manbasi.

Ozodlik 19 - aprel kuni Zangiotadagi shifoxona mas’ullari bilan bog‘lana olmadi.

“O‘zekspormarkaz”ning Ozodlik muxbiri bog‘langan xodimi og‘ir bemorlar Zangiotadagi shifoxonaga jo‘natilayotganini aytib, kasallik yengil kechayotgan bemorlarga uyda davolanishni tavsiya qildi.

Yana onlayn ta’limga qaytilmoqda

Ayni paytda talabalar orasida COVID-19 bilan kasallanish holatlari aniqlangani sabab aksar oliygohlar vaqtincha yopildi.

Jumladan, 19 - aprel kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vaqtincha yopildi.

Universitet matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bunday qaror qabul qilinishiga “professor-o‘qituvchilar hamda talabalar orasida COVID-19 bilan kasallanish holatlari aniqlangani” sabab bo‘lgan.

Avvalroq Ozodlik o‘qituvchi va talabalari orasida koronavirusga chalinish holati aniqlangan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali shu yil 12 - aprelidan karantinga yopilgani, karantin muddati 14 kun qilib belgilangani haqida xabar qilgan edi.

Karantin kuchaytirildi

O‘zbekistonda koronavirus sabab karantin cheklovlari kuchaytirilishini Bosh vazir Abdulla Aripov 17 - aprel kungi maxsus yig‘ilishda ma’lum qildi.

18 - apreldan boshlab, quyidagi cheklovlar o‘rnatildi:

  • Kafe va restoranlarda o‘rindiqlar soni 50 foizga qisqartildi. Mijozlar soni 100 kishidan oshmasligi lozim.
  • To‘y va iftorliklarda ham mehmonlar soni 100 kishidan oshmasligi belgilandi.
  • Jamoat namozlari va Ramazon oyidagi tarovih namozlarini masjidlarning ochiq maydonlarida o‘qish va namozxonlar tibbiy niqobda bo‘lishi hamda oraliq masofa saqlanishi lozim.
  • Bog‘cha, maktab, kollej, litsey va oliygohlarda koronavirus aniqlanganda, ular zudlik bilan 2 haftalik karantinga yopiladi. O‘qish onlayn rejimda amalga oshiriladi.
  • Jamoat transportlarida o‘rindiqlar soni 50 foizga cheklanadi. Oxirgi bekatda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi lozim.
  • Aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida karantin qoidalariga amal qilinishi qat’iy nazoratga olinadi.
  • 1 - maydan konsertlar va ko‘ngilochar tomoshalarni yopiq binolarda o‘tkazish cheklanadi.
  • Koronavirusga chalinib, uyda davolanayotgan bemorlarning xonadonlari ham qat’iy nazorat qilinadi.
  • Bozorlar, supermarketlar, ko‘ngilochar muassasalar, idora va tashkilotlarga niqobda kirish, kirishdan avval tana haroratini o‘lchash, qo‘llarni antiseptik bilan zararsizlantirish lozim. Karantin qoidalariga amal qilmagan muassasalar vaqtincha yopiladi.
  • Karantin qoidasini buzganlar qat’iy javobgarlikka tortilib, jarimalar qo‘llanadi.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, karantin choralari yanada kuchaytirilishi mumkin:

"Hozir birdaniga cheklansa, vahima kuchayadi. Shuning uchun karantin choralari bosqichma-bosqich kiritiladi. Yaqin 10 kunda hammasi oydinlashadi. Vaziyat ancha jiddiy”.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimlari karantin cheklovlari yana kuchaytirilishi borasidagi savollarni javobsiz qoldirdi.

Emlangan o‘zbeklar

Aprel oyi oxirigacha O‘zbekistonga Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasidan 300 ming doza keltirish rejalangan. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining o‘tgan hafta yakunida Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov bildirgan.

Hukumat rahbariga ko‘ra, joriy oy oxirigacha Xitoy vaksinasidan yana bir million doza olib kelinishi ham kutilmoqda.

Ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘zbek olimlari ikki vaksina ustida ish olib borayotganini bildirdi.

SSVga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni joriy yilning 17 - apreliga kelib, 403 ming 136 nafarga yetgan.

Mamlakatda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni, 2021 - yil 17 - aprel holatiga ko‘ra, rasman 86 ming 680 nafarni tashkil etgan.

Kasalxonalarda muolajasi davom etayotgan bemorlar 1999 nafarni tashkil etyapti, ulardan 238 nafarining ahvoli og‘ir, 109 nafarining esa ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.

SSV 18 - aprel kuni koronavirusga chalingan bemorlardan ikki nafari vafot etgani, shu tariqa xastalikdan vafot etganlarning umumiy soni 638 nafarga yetganini rasman bildirgan.

Norasmiy manbalar, koronavirus yuqtirganlar va kasallikdan o‘lganlar soni rasmiy raqamlardan ancha ko‘pligini iddao qilib keladi.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Алоқадор

XS
SM
MD
LG