Toshkent shahrida COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Zangiota-2 yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar soni 65-70 foizga kamaygan.
Ammo shifoxona ma’muriyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozir shahardagi boshqa taqsimlash-tarqatish markazlari yopilgani bois bu muassasada kunlik qabul hanuz keskin ozayib ketgani yo‘q.
Shifoxonada ishlayotgan tibbiyot xodimlari esa, "bemorlar ozaya boshladi" degan vaj bilan ularning noyabr maoshini teng yarmiga kesish harakati boshlanganidan norozi bo‘lmoqda. Aytishicha, ular bu oyda to‘liq ishlashgan.
Ayni paytda Toshkent shahrida koronavirus bilan kasallangan yoki kasallangani gumon qilinayotgan bemorlarni qabul qilish va taqsimlash uchun ochilgan “O‘zekspormarkaz”ning 2 ta yirik bo‘limi yopilishi kutilmoqda.
Zangiota shifoxonasi
Koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan maxsus “2-son Zangiota shifoxonasi”da ishlayotgan shifokorga ko‘ra, bu yerdagi bemorlar soni 30-35 foizga kamaygan.
Mutaxassisligi otorinolaringolog (LOR) bo‘lgan bu tibbiyot xodimi ayni shifoxonada avgust oyidan buyon ishlayotganini aytadi.
“Hozir bizning bo‘limdagi bemorlar soni 65-70 foizga tushgan. Faqat keyingi bir hafta ichida ozgina o‘sish kuzatildi, bu menimcha Toshkentdagi kovid markazlar yopilib, bemorlar bizga jo‘natilgani bilan bog‘liq. Aslida, bemorlar soni noyabr oyi ichida kamayib keldi”, - dedi ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka gapirgan shifokor.
2 mingdan ortiq bemor o‘rni hozirlangan Zangiota-2 shifoxonasida ishlaydigan yana bir vrachga ko‘ra, hozir bu maskanga kuniga 40-50 nafardan bemor keltirilmoqda. Bu vrach ham bemorlar soni ozayayotgani, ammo shifoxona avvalgi tartibda to‘la quvvat bilan ishlayotganini aytdi.
Ammo Zangitota-1 va Zangiota-2 yuqumli kasalliklar shifoxonalarida xodimlarni qisqartirish jarayoni hanuz boshlanganicha yo‘q.
Zangiota-2 yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachining tibbiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Nurilla Tojiddinovga ko‘ra, bu yerda doimiy ishga olingan tibbiyot xodimlarini "qisqartirish masalasi kun tartibida yo‘q".
Aksincha, mas’ulga ko‘ra, bu maskan infeksion kasalliklarga mo‘ljallangan shifoxona tarzida faoliyatini davom ettiradi, 4 - dekabrda esa xirurgiya bo‘limi ham ochilgan.
Ammo LOR shifokoriga ko‘ra, muassasada vaqtincha ishlayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshlarini qisqartirish harakatlari boshlangan.
Uning aytishicha, shifoxonada koronavirus bemorlarini davolayotgan tibbiyot xodimlarining ayrimlari bilan oktabr oyida mehnat shartnomasi imzolangan.
“Dekabrdan bizni ikki kunda bir – 8 soatlik ish rejimiga qo‘yishdi. Tushunarli, bemorlar soni oz, dekabr uchun e’tiroz yo‘q. Ammo noyabr oyida biz to‘liq ishladik. Bemorlar soniga qaramasdan, har kuni 8 soatdan 3 smenada. Hozir shu ish tabellarini qabul qilishmayapti. Shunga aksar kollegalarda e’tiroz bor. Lekin kasalxonada bemorlar sonining ozayayotgani boshqaruvda o‘tirgan rahbarlarning oyligiga ta’sir qilmayapti, qizig‘i. Ularda oylik ozaymadi”, - dedi vrach.
U Ozodlikka o‘zlari bilan imzolangan mehnat shartnomasi nusxasini ham yo‘lladi.
Unda koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan maxsus “2-son Zangiota shifoxonasi”da ishga olinayotgan tibbiyot xodimi bilan shartnoma muddati “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari rasman to‘xtatiladigan kunga qadar” deb belgilangan.
Ish haqi miqdori esa “shtatlar jadvaliga muvofiq belgilangan miqdorda to‘lanadi (ish haqi miqdori qonun hujjatlariga asosan o‘zgarishi mumkin)”, deya qayd etilgan.
Ozodlik shifoxonada vaqtincha ishlayotgan tibbiyot xodimlariga berilayotgan maosh va ularning keyingi taqdiri borasida bosh vrachdan izoh olishga urindi. Ammo shifoxona ma’muriyati uning bemorlar ko‘rigi bilan band ekanini aytdi.
“O‘zekspormarkaz”
Poytaxtda koronavirus bemorlarini qabul qilish va taqsimlashga mo‘ljallangan yirik muassasa - “O‘zekspormarkaz” mas’ullaridan biriga ko‘ra, bu yerda ham 4 ta blokdan 2 tasi – Toshkent shahridan borgan bemorlarga mo‘ljallangan 3 va 4-bloklarni 10 dekabrdan yopish rejasi bor.
“Shunaqa hozirlik bor. 1 va 2-bloklar ochiq qoladi, 3 va 4-bloklar 10 - dekabrdan yopilishi mumkin, degan. Lekin vaziyat kun sayin o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun aniq shu kuni yopiladi, deyish qiyin. 1 va 2-bloklar Mudofaa vazirligiga qaraydi, u yerga qancha bemor kelyapti, o‘zi qancha bemor qoldi – bu haqda hatto men ham bilmayman”, - dedi markazning ismi ochiqlanmasligini istagan mas’ul xodimi.
Zangiota-2 shifoxonasida ishlayotgan LOR vrachning aytishicha, hozircha Toshkent shahri va viloyatidagi bemorlar uchun ikkita muassasa – Zangiota maxsus shifoxonasi va “O‘zekspormarkaz” taqsimot markazini ochiq qoldirishga qaror berilgan. Ammo bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.
Pandemiyadan so‘ng
Zangiotadagi maxsus shifoxonada vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shifokorlar bu yerdagi ishi to‘xtagach, avvalgi doimiy ish joyiga qaytishlarini aytmoqda.
“Men Toshkentdagi shifoxonalardan birida oyiga 1 million 800 – 2 million 300 ming so‘mlik maoshga ishlayotgan edim. Haqiqatda maosh juda kam, ish kuni uzun edi. Bu yerda ham to‘liq ishladik, vrachlar, 25 million so‘mdan oylik oldik. Endi pandemiya tugasa, eski ishimga qaytamanmi yoki men ham chetga ish izlab ketamanmi - hozir o‘ylanib turibman”, - deydi LOR vrach.
Respublikaning boshqa hududlaridagi vaqtinchalik markazlarda ishlayotgan tibbiyot xodimlari ham avvalgi ish joyiga qaytarilgan.
Jumladan, Namangan viloyati markaziy shifoxonasining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi har bir viloyatda COVID-19 bemorlarini davolagan shifokorlarning ro‘yxati tuzilganini bildirgan edi:
“Kovitolog sertifikati berilgan vrachlarning hammasi maxsus ro‘yxatga olingan, zarurat bo‘lishi bilan yana ishga qaytariladi. Hozir ular o‘zlari doimiy ishlagan shifoxonalarga qaytarilgan”.
Ammo bu markazlarda ish boshlagungacha ishsiz bo‘lganlar - ko‘proq kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari yana ishsiz qolishi mumkin. Ularning keyingi taqdiriga oid hozircha Ozodlikda biror rasmiy ma’lumot yo‘q.
Kovid markazlari yopilyapti
O‘zbekistondagi COVID-19 markazlari va koronavirus yuqqani gumon qilingan bemorlarni qabul qilish-taqsimlash markazlari noyabr oyidan yopila boshladi.
Xususan, Toshkentda kovid markazlari yopila boshlagani haqidagi ilk rasmiy bayonot 24 - noyabrda berilgan.
Shayxontohur tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev 505 o‘rinlik «Yoshlik» sport majmuasi va 1008 o‘rinlik “Atlas” kovid markazi yopilganini ma’lum qilgan.
Bundan sal avval, 17 - noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi koronavirus bemorlari uchun mo‘ljallangan shifoxonalar to‘la quvvat bilan ishlamayotganini tanqid qilgan va bu muassasalarni optimizatsiya qilish haqida ko‘rsatma bergan edi.
O‘sha kungi videoselektor yig‘ini haqida xabar qilgan prezident matbuot xizmati “O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan”i, o‘sha kezda bu o‘rinlarda “6 ming 570 nafar bemor” davolanayotganini bildirgan.
“Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi”, deya xabar qilgandi prezident matbuot xizmati.
Rasmiylar markazlar vaqtincha konservatsiya qilinayotgani, tibbiyot xodimlari ham zarurat tug‘ilganda, darhol qaytish sharti bilan doimiy ish joyiga qaytarilayotganini bildirmoqda.
Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, kasallik tarqalishining pastlashi koronavirus yuqish zanjirining uzilishi hamda aholining katta qismida immunitet shakllanib ulgurgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
SSV bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 6 - dekabr holatiga O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 74 053 nafarni tashkil etgan, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2127 nafar bemordan 179 nafari og‘ir, 33 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Ammo uy sharoitida o‘zini o‘zi davolayotgan bemorlar soni haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Tibbiyotchilar bunday bemorlar soni, rasman qayd etilganlaridan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin, demoqda.