Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:10

Ma’muriy resurs: Prezidentlikka nomzod prezidentning imkoniyati cheksiz


Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida. 2021, 21 - sentabr.
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida. 2021, 21 - sentabr.

Prezident Mirziyoyevning “hayoti va mehnat yo‘liga bag‘ishlangan “Xalq prezidenti” filmining 26 - sentabr, soat 20.00 ga rejalashtirilgan telenamoyishi “huquqshunos-ekspertlarning tavsiyasiga ko‘ra” boshqa kunga qoldirilgani bildirildi.

Film namoyish qilingani taqdirda Saylov kodeksining qaysi me’yori buzilishi mumkinligi aytilmadi.

Ayni paytda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti davomida tarqatayotgan mablag‘lar, berayotgan va’dalar bu nomzod egallab turgan lavozimi imkonli qilgan ma’muriy resurslardan foydalanayotgani to‘g‘risidagi masalani kun tartibiga chiqardi.

Ulkan raqamlar

  • 10 ming ishsiz uchun ixcham issiqxonalar qurib beriladi;
  • 30 ming oila uchun “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etiladi;
  • 95 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo qilinadi;
  • viloyatda kelgusi besh yilda jami 16 ming xonadonli 700 ta ko‘p qavatli uy quriladi;
  • 850 kilometr ichimlik suvi va 60 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 30 ta suv inshooti hamda 3 ta oqova suv inshooti barpo etiladi...

Bu va’dalarni 27 - sentabrda namanganliklarga Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Republikasi prezidentligiga nomzod sifatida berdi.

Kishi boshiga 5 milliondan

Namanganliklar oldida berilgan va’dalar hozircha nasiya bo‘lsa, 21 - sentabr kuni Mo‘ynoq tumanida (Qoraqalpog‘iston) yashaydigan 31 ming kishining har biriga 5 million so‘mdan naqd pul tarqatildi. Bu haqda o‘sha kuni tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Orol dengizi qurishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan Mo‘ynoq aholisiga tarqatilgan jami 150 millard so‘m (taqriban $15 500 000) Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga O‘zbekiston Republikasi prezidentligiga nomzod sifatidagi safari doirasida berildi.

Tuman hokimligining xabar qilishicha, har bir mo‘ynoqlikka berilgan taqriban 500 AQSh dollariga teng pulni Xalq banki Mo‘ynoq tuman xodimlari avtomashinalarda uyma-uy yurib tarqatgan.

"Tilli-jag‘li"lar nazaridan chetdagi masala

Mahalliy jurnalistlar va blogerlarning eng “tilli-jag‘li”lari ham prezidentlikka nomzod Mirziyoyevning ko‘pmillard so‘mlik va’dalari yoki xarajatlarining saylov to‘g‘risidagi qonun talablariga mosligi haqida emas, balki samara berish-bermasligi haqida fikr yuritmoqda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 10-syezdida, Toshkent, 2021 - yil 9 - sentabri
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 10-syezdida, Toshkent, 2021 - yil 9 - sentabri

Masalan, bloger Otabek Bakirov Telegramdagi sahifasida nomzod Mirziyoyevning qoraqalpog‘istonlik va xorazmlik boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul nonushta va’dasi to‘g‘risida fikr yuritib, “bepul nonushta ma’murchiligi o‘ta qimmat, samarasi esa o‘ta savolli xarajat bo‘ladi”, deb yozdi.

"Prezident komandasi"

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev yoki uning tarafdorlari xatti-harakatining qonunga mosligi to‘g‘risida o‘ylay boshlashga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning bir jumlalik xabari undadi.

Allamjonov 26 - sentabr, kechga yaqin e’lon qilgan postida Prezident Mirziyoyevning hayoti va mehnat yo‘liga bag‘ishlangan “Xalq prezidenti” filmining 26 - sentabr, soat 20.00 ga rejalashtirilgan telenamoyishi boshqa kunga qoldirilganini bildirdi.

Allamjonovning yozishicha, film namoyishi “huquqshunos-ekspertlarning tavsiyasiga ko‘ra” qoldirilgan.

“Huquqshunos-ekspertlar” o‘z xulosasini Saylov kodeksining qaysi moddasiga tayanib chiqargani to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Paydo bo‘lgan savolni berish uchun Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Bir kun avval Allamjonov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi chog‘ida o‘zini kutib turgan matbuot vakillariga "komanda" deb xitob qilgani aks etgan videoni ulashgandi.

Sobiq matbuot kotibi prezidentning joriy matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov bilan prezidentga hamrohlik qilayotgani aks etgan suratini ham tarmoqlarga joylagan.

Anglashilgani - prezident va amaldagi hokimiyat idoralari faoliyatini yorituvchi jurnalist va blogerlar ayni paytda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ham "komandasi" a’zolaridir.

O‘zbekistonda davlatga qarashli va davlat tomonidan nazorat qilinadigan ommaviy axborot vositalarining saylovlarda asosan amaldagi prezident faoliyatini targ‘ib qilishi yangicha voqe’lik emas. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bundan oldingi saylovlarda ham matbuot saylov jarayonlarini bir tomonlama yoritganligini qayd etgan.

Saylov kodeksi nima deydi?

“Saylov o‘ta nozik mavzu” ekanligidan kelib chiqib, ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan toshkentlik 57 yashar huquqshunosning aytishicha, “prezident haqidagi filmning namoyishiga, Saylov kodeksi monelik qilmasligi kerak”.

“Saylov kodeksining 47-moddasida tashviqotni bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali olib borish mumkinligi kafolatlab qo‘yilgan. Shu moddaning o‘zida tashviqot materiallariga oid bir qator talablar ham ko‘rsatib o‘tilganki, ularni tayyorlaganlar o‘sha talablarni buzmasalar kifoya”, - dedi suhbatdosh.

Huquqshunosning fikricha, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ko‘pmillard so‘mlik va’dalar berishi yoki mo‘ynoqliklarga berdirganiday naqd pul berdirishi chigalroq masaladir:

Saylov kodeksi”ning 44- moddasida “Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi”, deb aniq-tiniq yozib qo‘yilgan. Biroq ayni paytda Mirziyoyev amaldagi davlat rahbari. Xo‘sh, bu vaziyat qanday hal qilinadi? Shaxsan menda bu savolga javob yo‘q”, deydi huquqshunos.

Nomzodlar tengsizligi

Huquqshunos masalaning boshqa, tashkiliy jihatlariga etibor qaratdi:

“Prezident u yoki bu viloyatga borar ekan, doimiy samolyotdan, doimiy avtomobillaridan foydalanyapti. Uni viloyat hokimlari kutib olyapti, kelishiga tayyorgarlik ko‘rishyapti, unga hamrohlik qilishyapti. Axir shu ham ma’muriy resursdan foydalanishku! Boshqa nomzodlarda bormi shu imkoniyat? Boshqa nomzodlarni Mirziyoyevni kutib olganlariday kutib olishadimi? Mirziyoyev uchun yaratib berganlariday sharoit qilib berishadimi? Albatta, yo‘q!”

44- moddaning davomida belgilab qo‘yilishicha, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi”.

Prezidentlikka qodir Qodirovga aylandi

Ayni paytda o‘zbek jamiyatida asosiy nomzod uchun ishlayotgan ma’muriy resurs boshqa nomzodlarga qarshi ishlaydi, degan ishonch mavjud. Masalan, "Milliy tiklanish" partiyasidan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Alisher Qodirovning shov-shuvga sabab bo‘lgan saylovoldi banneri kuni kecha boshqasiga almashtirildi va ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Qodirovga bosim o‘tkazib, bannerini almashtirishga majbur qilishibdi, degan gaplar tarqadi.

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning dastlabki banneri.
Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning dastlabki banneri.
Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning keyingi banneri.
Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning keyingi banneri.

Alisher Qodirovning o‘zi ijtimoiy tarmoqlar orqali bannerni almashtirish "rejalashtirilgan" ish ekanligi to‘g‘risida xabar qildi.

Qo‘shnilar tajribasi

Saylov kodeksining 44- moddasida nazarda tutilgan holat xalqaro amaliyotda “ma’muriy resursdan foydalanish” deb ataladi va buning oldini olishga saylovga oid qonunlarning konkret moddalari qaratilgan. Masalan, qo‘shni Qirg‘izistonning tegishli qonunining 21-1-moddasi “Ma’muriy resursni suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi”, deb ataladi.

  • O‘zbekiston markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzod sifatida Liberal-demokratik partiyadan Shavkat Mirziyoyevni, “Adolat” partiyasidan Bahrom Abduhalimovni, Ekologik partiyadan Narzulla Oblomurodovni, “Milliy tiklanish” partiyasidan Alisher Qodirovni, Xalq-demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisovani ro‘yxatga olgan.
  • Mazkur partiyalarning hammasi hukumatparast partiyalar sifatida ko‘riladi.
  • Muxolifatdagi partiyalarga esa bu safar ham saylovda qatnashish uchun imkon berilmadi.
  • 24 - oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG