Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:21

“Mahallabay” majburlash. Bank xodimlari hokim yordamchisi lavozimiga o‘tishni istamayapti


Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalarda hokim yordamchisi lavozimini joriy etishni taklif qilgan.
Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalarda hokim yordamchisi lavozimini joriy etishni taklif qilgan.

O‘zbekistonning turli hududlaridan bank va moliya tizimi xodimlari mahallalarda Prezident Mirziyoyev ko‘rsatmasi bilan tashkil etilgan hokim yordamchisi lavozimiga o‘tishga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan xodimlarga ko‘ra, hokim yordamchisi lavozimiga tayinlanishda hech kimdan rozilik so‘ralayotgani yo‘q, o‘tishni istamayotganlar esa “prezident siyosatiga qarshi chiqishda” ayblanmoqda.

Samarqand viloyatining Toyloq tumanidan ismi ochiqlanmasligini so‘ragan bank xodimi 11 - noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda hokim yordamchisi lavozimiga o‘tish uchun 5 million so‘m maosh taklif qilinayotganini bildirdi.

“Chekka hududlarga hokim yordamchisi qilib jo‘natyapti. Kim qarshi chiqsa, “prezident siyosatiga qarshimisan”, deb majburlayapti. Tuman hokimini tashkiliy bo‘limi qilyapti. Asosan iqtisodchilar olinyapti bu ishga. 5 million sum oylik. Men “Xalq banki”da ishlayman, eng kami 10 million olamiz. Haznachilikdagilar kam, 3 million oladi, ular xam norozi bo‘lyapti. Chunki tayini yo‘q ish. Ikki yildan so‘ng bu shtat yopilsa, ishsiz qolib ketishimiz mumkin”, - deydi samarqandlik bank xodimi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 - oktabr kuni qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda kichik tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish va kambag‘allikni qisqartirish uchun hokim yordamchilari lavozimlarini joriy etish taklifini ilgari surgandi.

“Hokim yordamchilari qo‘lida o‘zining byudjeti bo‘ladi, mahallaga biriktirilgan soliq, bank, yo‘l va boshqa idoralar xodimlari bilan birga ishlaydi. Hokim yordamchilari soliq, bank, iqtisodiyot, investitsiya, moliya idoralari, hokimiyatda ishlaydigan bilimli va fidoyi yoshlar orasidan tanlanadi.

Ular yangi tizim bo‘yicha ishlashga o‘qitiladi va ishining natijasiga qarab yaxshi oylik to‘lanadi. 2-3 yil mahallada ishlab, yaxshi natija ko‘rsatgan hokim yordamchilarini, kelgusida hokim va vazir lavozimlariga qo‘yamiz”, — degan Mirziyoyev.

Hozirda O‘zbekistondagi barcha viloyatlarda hokim yordamchisi lavozimiga tanlov e’lon qilingan.

Samarqand viloyati hokimining matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Manuchehr Mirzayev hokim yordamchisi lavozimiga majburan tayinlovlar bo‘layotgani haqidagi iddaolarni rad qildi.

"Samarqand viloyati hokimligi saytida viloyatdagi jami 1111 mahallada hokim yordamchisi lavozimiga “ochiq tanlov” e’lon qilganmiz. Hujjatlar 15 -noyabrgacha qabul qilinadi. Lekin hokim yordamchisi lavozimiga hech kim hech kimni majburlamaydi. Juda ko‘p ariza kelib tushgan bu lavozimga”, - deydi hokimlik matbuot kotibi.

Samarqand viloyati hokimligi saytida berilgan e’londa “mahallabay” ishlash tizimini keyingi bocqichga olib chiqish maqsadida respublikada ilk marotaba tajriba tariqasida “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilayotgani aytiladi.

Hokim yordamchisi, e’londa yozilishicha, “xonadonbay” so‘rovlar o‘tkazish orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini aniqlash, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashish istagini bildirgan ishsizlarni bandligini ta’minlash va aholini o‘zini-o‘zi band qilishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.

“Nomiga” o‘tkazilayotgan tanlov

Surxondaryolik iqtisodchilardan biri yangi ta’sis etilgan lavozimga tanlov “nomiga” o‘tkazilayotganini iddao qildi.

“Tanlov nomiga. Chunki ko‘pchilik xohlamayapti. Bu lavozimning kelajagi yo‘q. Bir-ikki yildan keyin tugatiladi bu. Sinov tariqasida qilinyapti. Ishsiz qolib ketadi. Akademiyani tugatganlar bor. Bu akademiyani tugatganlarga mahallani borib qorovullab o‘tirish to‘g‘ri kelmaydi. Ishlamasang hammangni haydaymiz, deyapti”, - deydi nomi ochiqlanishini istamagan Surxondaryo viloyat Uzun tumani iqtisodiy kompleks xodimi.

Andijonda allaqachon hokim yordamchilarini tanlab olingan, ular bilan majlis o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda.
Andijonda allaqachon hokim yordamchilarini tanlab olingan, ular bilan majlis o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda.

Andijon viloyati Asaka tumani hokimligiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimlari allaqachon hokim yordamchisi lavozimiga odam to‘plab bo‘lingani haqida hisobot berishni boshlagan.

“Boshqa viloyatlar hali nomzod axtarib, moliyachiyu bankirlarni urho-ur qilib yurishganda, bizni viloyat hokimimiz allaqachon hokim yordamchilarini tanlab olib, majlis o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqdalar. Bizning Asaka tumani, Obod mahallamizga tayinlandi bitta yosh yigit. Ish xonasi ham yo‘q. Nima qilishni ham bilmaydi”.

Andijon viloyatida hokim yordamchilari tayinlab bo‘lingani aytilmoqda.
Andijon viloyatida hokim yordamchilari tayinlab bo‘lingani aytilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva Ozodlik bilan suhbatda viloyatlarda majburan hokim yordamchilari tayinlanayotganini rad etdi.

“Men ham o‘qidim xabarlarni. Lekin, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, unday emas. Hatto belgilanganidan ko‘proq ariza kelib tushgan. Bunga davlat byudjetidan pul sarflashni nima keragi bor deyilyapti. Shuni aytishim kerakki, bizdan bitta o‘rinbosar- tomorqa bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi qisqaryapti, shuning o‘rniga bu shtat ochilyapti”, - dedi Boymirzayeva.

Davlat g‘aznasiga yarim trillion so‘mga tushadigan lavozim

O‘zbekistonlik bloger Tohir Sobirov hokim yordamchisi lavozimining ta’sis etilishi davlat g‘aznasiga qo‘shimcha yuk ekanini aytadi.

“Respublika bo‘yicha 14ta hudud bor 12 ta viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston ham qo‘shib hisoblaganda. Mamlakat g‘aznasiga bu bir oyga 56 milliard so‘mga tushadi. Endi buni bir yilga uring, 500 milliarddan ko‘proq bo‘lyaptimi, yarim trillion so‘m. Yarim trillion so‘mga 200ta maktab qursa bo‘ladi, 400ta yangi bog‘cha qurish mumkin. Yoki bo‘lmasa, Toshkentdan Qoraqalrog‘istongacha 1200 kilometrlik yangi yo‘lni asfalt yo‘l qurish ham mumkin bu pulga. Endi o‘zingiz o‘ylang, kerakmi bu hokim yordamchilari? ”, - deydi bloger.

XS
SM
MD
LG