Namangan viloyatining Kosonsoy tumani tog‘li hududidagi 20-maktab direktor o‘rinbosari Sohiba Ataxonova bir kunda og‘zaki ravishda ishdan olingani, so‘ngra ishida qoldirilganini aytmoqda.
Asli biologiya o‘qituvchisi bo‘lgan Ataxonova o‘tgan hafta Ozodlikka bergan intervyusida o‘zi ishlab turgan maktabda oshxona, sportzal yo‘qligi, hojatxona talabga javob bermasligi haqida gapirgan edi.
U 1973 - yilda qurilgan maktab binosida qozonlar eskirgani va elektr energiyasi tez- tez uzilgani bois, yaxshi isitilmasligi haqida ota- onalar shikoyatini ham tasdiqlab, isitish tizimini yaxshilashda rahbariyatdan yordam so‘ragandi.
Endilikda o‘qituvchi, bir kun ichida ishdan olinishiyu ishda qoldirilishi sababini maktab muammolarini matbuotga ochiq aytganiga bog‘lamoqda. U viloyat Xalq ta’limi boshqarmasini maktab rahbarlari hujjatlarini tekshirish emas, balki avvalo maktab muammosini hal qilib berish bilan shug‘ullanishga chaqirmoqda.
Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi esa Ataxonovaga matbuotda tanqidiy chiqishi uchun emas, “ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari” sabab chora ko‘rilgani, viloyatda bu orada 6 maktab direktori ishdan olinib, o‘rinbosarlari ogohlantirilganini bildirdi.
Og‘zaki ko‘rilgan chora
S. Ataxonova Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi tog‘li Chindovul qishlog‘i bolalari o‘qiydigan 20-maktab direktor o‘rinbosari.
U 7 - yanvar kuni Ozodlikka bergan intervyusida qishloq maktabi yaxshi isitilmasligi borasida ota-onalar arziga izoh bergan va ta’lim muassasasidagi muammollarni bir-bir sanagan edi.
12 - yanvar kuni S. Ataxonovaning aytishicha, 11 - yanvar kuni maktabiga Namangan viloyati Xalq ta’limi boshqarmasidan kutilmaganda bir guruh borgan, tezkor tekshiruv o‘tkazgan va u hamda maktab direktorining ishidan “kamchilik topishgan”:
"Faqat hujjatlarni tekshirishdi. Menga tegishli bo‘lmagan hujjat ishlaridan kamchilik topishdi va boshqasiga tegishli kamchilikni bataraf qilishni nazoratimga olaman, degan tushuntirish xatiga qo‘l qo‘yib berdim", - deydi direktor o‘rinbosari.
O‘sha kuni oqshom viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati tarqatgan xabarda esa, Ataxonova ishlaydigan 20-maktab direktorining ishdan olingani, uning "faoliyati kelgusida ko‘rib chiqilishi" ma’lum qilingan:
"Ammo bugun, 12 - yanvar kuni ertalab maktabga yana tekshiruvchi keldi va "Sizni deb, rahbarimdan gap eshitdim, sizni deb, yana keldim maktabingizga", dedi. Bugun oqshom esa, Ozodlikdan boshqarmaga telefon borganidan keyin nazarimda, yig‘ilish qilib, "hech kim ishdan olinmaydi" deyishibdi yana".
S. Ataxonova o‘zi va maktab rahbarining ishdan olinishi maktab muammolarini matbuotga ochiq aytgani bilan bog‘liq, deb ishonmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda o‘ziga ochiq aytilmagan, ammo yetarlicha ishora berilgan.
Quyida S. Ataxonova bilan suhbatni tinglang:
Maktabga yangi qozon yetkaziladi
Ataxonovaning murojaati ortidan Ozodlik Namangan Xalq ta’limi boshqarmasiga bog‘landi. Boshqarma boshlig‘idan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Ammo boshqarmaning qurilish ishlari bo‘yicha bo‘limi vakili Qobiljon Temirovga ko‘ra, S. Ataxonova va u ishlaydigan maktab direktori ishdan olingan yagona rahbar emas.
Temirovga ko‘ra, 2020 - yil yakuniga yaqin boshqarma boshlig‘i almashgan va yangi boshliq ishni viloyatdagi maktablarning "natijalarini ko‘zdan kechirishdan boshlagan".
Mas’ul yangi yil boshidan buyon viloyatdagi maktablarning o‘quv ishlari bo‘yicha natijalari yaxshi bo‘lmagan bir necha maktab direktori va direktor o‘rinbosarlarini ishdan olishga qaror qilinganini aytdi.
Ammo aynan Sohiba Ataxonova masalasida boshqarmaning kadrlar bo‘limiga bog‘lanishni tavsiya qildi, bu bo‘limdan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Shuningdek Temirov, Ozodlik murojaati ortidan, tog‘li hududdagi 20-maktabning isitish qozonlari texnik tekshiruvdan o‘tganini aytdi va Ozodlikka fotosuratlarni taqdim qildi.
Suratlarda isitish qozonlarining juda eskirgani aks etgan.
Bunga izoh bergan mas’ul so‘nggi oylarda viloyatdagi 700dan ortiq maktabga 200 atrofida yangi qozon yetkazilgani, tez orada Chindovul maktabini ham yangi qozon bilan ta’minlash chorasi ko‘rilishini aytdi.
Maktab muammolari hanuz yechimsiz
S. Ataxonova ishlaydigan Kosonsoy tumani Chindovul qishlog‘idagi 20-maktabda 30 mingga yaqin aholining 1500 nafardan ortiq farzandi ta’lim oladi.
Maktabda 3 korpus bor, sinfxonalar soni 40 ga yaqin, o‘quvchi sinflar soni 52 ta, har bir sinfda 28 nafardan 35 nafargacha o‘quvchi bor.
11 - yanvardan bu maktab o‘quvchilari ham to‘liq an’anaviy ta’limga qaytdi.
Sohiba Ataxonovaga ko‘ra, Namangan viloyati rasmiylari, tuman maktablarini aylanib yurgan kunlari elektr toki qariyb uzilmagan, 2 kundirki maktab issiq.
Ataxonova, buncha surishtiruvga sabab bo‘lgan asosiy masala – maktab muammosi e’tiborsiz qolmoqda, borgan tekshiruvchilar ham bu muammolarga jiddiy e’tibor qaratmadi, demoqda:
"Dars jarayonini tekshiring, bizning muammolarimizni ko‘ring, dedim. Xullas, maktab muammolari qolib, yana hujjatlarni tekshirishdi. Matbuotga gapirishdan qo‘rqmayman, aslida shu turtki bo‘lib ketib, bolalarimizga foyda bo‘lsa, bo‘ldi! Bolalarimizga yaxshi maktab binosi, yaxshi, issiq zamonaviy hojatxonalar qilib berishsa, bo‘ldi!"
Ataxonova maktabdagi real holat aks etgan suratlarni Ozodlikka yo‘lladi.
Asli biologiya o‘qituvchisi bo‘lgan S. Ataxonova Namangan Xalq ta’lim boshqarmasi hamda Xalq ta’limi vazirligini "maktablarni qog‘ozbozlikka ko‘mish o‘rniga ta’limga e’tibor qaratish"ga chaqirdi.
10 mingga yaqin maktabda an’anaviy dars boshlandi
Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda 10 mingga yaqin maktab bor, o‘quvchilar soni 6 million 200 mingdan ortiq, o‘qituvchilar soni esa yarim millionga yaqin.
O‘tgan yili 16 - martidan O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi ortidan barcha ta’lim muassasalari yopilib, o‘quvchilar ta’tilga chiqarilgandi. 30 - martdan boshlab maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim boshlangan.
Xalq ta’limi vazirligi 2020-2021 - yangi o‘quv yilida an’anaviy darslar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi, ammo pandemiya sharoiti cho‘zilgani bois, masofaviy ta’lim ixtiyoriy ravishda saqlanib qoldi.
O‘zbekistonda bu yil erta tushgan sovuq, ayniqsa qishloq maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilarini tang ahvolda qoldirdi.
Mamlakatning turli hududlaridan gaz ta’minotidan butkul uzilgan maktablarning o‘quvchilari sovuqdan azob chekayotgani haqida ko‘plab xabarlar olingan.