Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:03

"Maqsad qo‘rqitishmi?.." Prezident saylovi ortidan so‘z erkinligiga bosim kuchaydi


Xalqaro tashkilotlar va media ekspertlarga ko‘ra, jurnalist va blogerlarga bosim Mirziyoyev “islohotlar”ini savol ostiga qo‘yadi.  
Xalqaro tashkilotlar va media ekspertlarga ko‘ra, jurnalist va blogerlarga bosim Mirziyoyev “islohotlar”ini savol ostiga qo‘yadi.  

O‘zbekistonda bir kunda kamida uch nafar bloger “davlat siyosatini obro‘sizlantirishga harakat qilayotganlik” vaji bilan xavfsizlik idoralariga so‘roqqa chaqirtirilganini ma’lum qildi.

Mahalliy blogerlarga bosim polьshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning O‘zbekistonga kirishiga taqiq qo‘yilishi bilan bir vaqtda kuzatilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar va media ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mahalliy blogerlarga bosim va xorijlik jurnalistning mamlakatdan badarg‘a qilinishi o‘tgan hafta ikkinchi muddat prezidentligini boshlagan Shavkat Mirziyoyev “islohotlar”ini savol ostiga qo‘yadi.

Bir kunda uch bloger so‘roqqa chaqirildi

Samarqandlik bloger Farruh Samarqandiy 9 - noyabr kuni Feysbuk sahifasida tarmoqda yozgan sharhi uchun “bir joy”ga chaqirtirilgani va yozgan sharhini o‘chirishga majburlanganini bildirdi.

Bugun ikkinchi odamdan eshityapman mana, "hukumat organlariga nisbatan tuhmat aks etgan post va izohlar yozgan" deya ariza tushibdi ustilaridan.

Shaxsan o‘zim kecha bir joyga chaqirildim... Bir postim uchun chaqirishgan ekan, o‘sha postni o‘chirdim ba’zi do‘stlarimizning hurmati. Hech qanaqa tuhmat yo‘q edi. Umid qilaman-ki, meni masalam tugadi.

Bu ishlar saylovdan 2 yillar o‘tib, keyin boshlansa kerak deb o‘ylagan edim. Menimcha voqealar rivoji tezlashib ketadigan ko‘rinadi. Diktatura va qatag‘on Ishtixon hokimiyatidan boshlanadiganga o‘xshayapti Samarqandda. Ko‘ramiz qani nima bilan tugarkan bu donoslar.

Skrindagi postlar qaysidir nashrda chiqqan "korrupsiya zanjiri uzildi" nomli maqola ortidan yozilgan edi...”, deb yozdi bloger.

Ammo bloger qanday posti uchun suhbatga chaqirtirilganini ochiqlamagan.

Shu kuni o‘zbekistonlik boshqa bir bloger Farhod Norbo‘tayev ham xavfsizlik idoralariga suhbatga chaqirtirilganini haqida post qoldirdi.

“Meni ham ustimdan ariza yozibdi. Telegram kanalimga bog‘chadagi korrupsiya haqida yozganim uchun”, - deb yozdi Norbo‘tayev 9 - noyabr kuni Feysbuk sahifasida.

Yozgan sharhi uchun so‘roq qilingan yana bir o‘zbekistonlik bloger Hayrulla Mamasoliyevdir.

“Nima yozsak o‘ziga olib ketadiganlar ko‘payabdi)) Qora xalq g‘ing desa, milisa jo‘nataversalaring enni qoytip ishlaymis? Meni ishchanlik obro‘yimga putir yetqazishayapti, deb o‘sha ariza bergan odam qaysi oyligiga moshin olgan, deb vstrechniy ariza tashlasam, milisa akalar ko‘rib chiqama?

Diqqat! Ariza mavzusiga e’tibor qarating: qo‘yilgan postda va sharxlarda tuman idoralariga nisbatan bo‘xton so‘zlar keltirilgan, deb yozishibdi. A arizaning o‘zi g‘irt bo‘xtonku! Ko‘zi o‘tkirlar aytinglar pastdagi skrinda bironta bo‘xton so‘z bormi?..”, deb yozdi Hayrulla Mamasoliyev 9 - noyabr kuni Feysbuk sahifasida.

“Maqsad qo‘rqitishmi?..”

O‘zbekistonda bir kunda kamida uch nafar blogerning tarmoqlarda yozib qoldirgan sharhi uchun xavfsizlik idoralariga so‘roqqa chaqirilishi blogerlarga bosim va tarmoq foydalanuvchilarining ta’biricha “arqonlarning tortilishi” sifatida talqin etilmoqda.

“Prezident topshiriqlari, so‘z erkinligi haqidagi talablarini teskarisiga ishlatyapsizlarmi? Nega Mamasoliyev, Norbo‘tayev va shu kabi qator bloger va jamoatchilik namoyondalarini suhbatga chaqiryapsizlar? Maqsad qo‘rqitishmi yoki...”, deb yozdi bloger Shohruhbek Alibekov.

Blogerlarning so‘roqqa chaqirtirilishi ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar va Internetda prezidentni haqorat qilganlik uchun jazoning kuchaytirilishi manzarasida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda shu yil mart oyida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mazkur me’yor Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarda belgilab qo‘yildi.

Prezident bu moddani amalga tadbiq etuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni 30 - mart kuni imzolagan edi.

Bundan tashqari, Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Unga ko‘ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan avval O‘zbekistonning "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunida bloger ommaviy axborot vostasiga tenglashtirilgan va tarqatgan axboroti uchun qonun oldida javob berishi belgilab qo‘yilgandi.

"Hozir O‘zbekistondagi istagan blogerdan so‘rang ichki ishlar bo‘limlaridan boshi chiqmayotganini aytadi. Arzimagan narsa uchun so‘roqqa chaqirib, postlarni oldirib tashlayapti. Qum bo‘ronida ko‘plar yaqinda Ortiqxo‘jayevni ayblab chiqdi. Ikkita blogerni taniyman, ular shu haqda yozgani uchun ichki ishlarga chaqirtirildi va yozganlarini o‘chirib tashlashdi. Hozir nimani yozishga qo‘rqib qolganmiz ", - deydi o‘zbekistonlik bloger DioRa.

3 - noyabr kuni Qashqadaryo viloyat sudi Effect.uz saytining uch nafar jurnalistiga nisbatan sud hukmini e’lon qildi.

Ulardan biri - Elyorbek Tojiboyev 3 yilga qamaldi, yana 3 kishiga 6 oydan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi belgilandi. Jurnalistlar tuhmat, haqorat qilish, hokimiyat vakili yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish hamda tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashishda ayblanganlar.

Pikulitska mojarosi

Ozodlik IIV va xavfsizlik idoralariga chaqirtirilgani aytilgan blogerlardan hozircha qo‘shimcha tafsilotlarni ololgani yo‘q. Mahalliy blogerlarga bosimning kuchayishi polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning O‘zbekistondan badarg‘a qilinishi manzarasida yuz bermoqda.

Jurnalist O‘zbekistonga kirishi taqiqlangani haqida Twitter`sahifasida xabar berdi.

Pikulitska 9 - noyabr kuni O‘zbekistonga kiritilmagani va bir kun o‘tib, DXX tomonidan mamlakatdan chiqarib yuborilishini o‘zining jurnalistik faoliyati bilan bog‘laydi.

"O‘zgarishlar bo‘lishi mumkin degan umidda O‘zbekistonga kelganimga uch yildan oshdi. Hozirgi hukumat davrida hech qanday tizimli o‘zgarishlar bo‘lmaydi, degan ishonch bilan ketyapman", - deb yozdi polshalik jurnalist 8 - noyabr kuni o‘zining Twitter sahifasida.

The Guardian, Al Jazeera, The Diplomat va Eurasianet nashrlari bilan hamkorlik qilib kelgan mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska shu yil boshida akkreditatsiyaga ariza topshirganidan olti oy o‘tib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan rad javobi olganini ma’lum qilgandi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot erkinligini himoya qilishga va’da berib, ikkinchi muddatga qasamyod qilganidan bir kun o‘tib xorijlik jurnalist faoliyatini taqiqladi”, - deya munosabat bildirdi media tahlilchi va yozuvchi Jey Oven o‘zining Tvitter sahifasida.

Xyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson: “Bu O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi, xususan, jurnalistlarga qanday munosabatda bo‘lishi borasidagi yomon xabar”, - deya munosabat bildirdi Tvitterdagi bayonotida.

Shvetsiyada yashovchi faol Muzaffar Sulaymonov esa, O‘zbekistonda bloger va jurnalistlarga kuchayib borayotgan bosim manzarasida o‘zini so‘z va matbuot erkinligi himoyachisi sifatida taqdim qilib keladigan Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning muovini Saida Mirziyoyevalarning jimligini tanqid qildi.

“O‘zbekiston demokratiya yo‘lida ketayotgani katta yolg‘on. Xorijlik muxbirni jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq akkreditatsiyadan mahrum qilgandan keyin rasmiylar uni qayta kirishini taqiqlab qo‘ydilar. U mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Nima uchun bu haqda jim turasiz?”, deb yozdi u 10 - noyabr kuni o‘zining Tvitter sahifasida.

Agneshka Pikulitskaning O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi va mamlakat ichkarisida so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatning yanada yomonlashishi 3 - noyabr kuni kuzatilgan ijtimoiy tarmoqlarni total cheklash urinishi ortidan yuz bermoqda.

Hodisaga e’tibor qaratgan The Washington Post nashri O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari tarmoqlarni bloklashda Rossiya va Xitoydan o‘rnak olayotgani haqida yozdi.

Nashrning o‘zbekistonlik media ekspert Madina Tursunovadan iqtibos keltirishicha, «hokimiyatning bu xatti-harakatlari hukumat va prezidentning Internet va ijtimoiy tarmoqlar bloklanmasligi haqidagi bayonotlari chin ekaniga shubha uyg‘otmoqda".

XS
SM
MD
LG