Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:03

“Mendirman Jaloliddin”: Saida Mirziyoyeva tanqidga ochiqligini aytdi - tanqidlar uzoq kuttirmadi


"Mendirman Jaloliddin" filmini o‘tgan yil oktabrida prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva taqdim qilgan edi
"Mendirman Jaloliddin" filmini o‘tgan yil oktabrida prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva taqdim qilgan edi

14 - fevraldan e’tiboran "Milliy" telekanalida “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialining namoyishi boshlandi. Serial o‘zbek va turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tomonidan anons qilingan premyera ortidan tarmoqlarda filmda aks etgan tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima borasida bahslar boshlanib ketdi.

Mirziyoyevaning o‘zi tarmoqlardagi sahifalari orqali "filmda badiiy to‘qimaga o‘rin berilgani va bu boradagi tanqidlarga film ijodkorlari tayyor ekanligi"ni bildirdi.

Badiiy to‘qima va soxtalashtirish

"Mendirman Jaloliddin" filmining taqdimoti haqidagi ilk xabarlarda uning ssenariy muallifi sifatida tilga olingan yozuvchi Nazar Eshonqul buyuk sarkarda haqidagi filmda "badiiy to‘qima me’yorlari"ga rioya qilinmaganiga e’tibor qaratdi.

"Men o‘rgangan manbalarga tayanib ikki yuz foiz ishonch bilan shuni aytamanki, bu sarkardaning hayoti to‘qimaga muhtoj emas. Faqat badiiylashtirilsa bo‘ldi. Uning hayoti qahramonliklarga, asar uchun konfliktlarga yetib ortadi. Badiiy to‘qima soxtalashtirish degani emas, balki, tarixiy voqelikni qayta yaratish degani. Asli yo‘q fazilatlar, yo‘q qahramonliklar to‘qiladi,ya’ni yo‘q narsa yasaladi. Qolaversa, millatning qahramoni yasama qahramon emas... Milliy qahramon tarixiylikdan qancha uzoqlashsa, shuncha soxtalashadi. To‘qima pafos san’atning, reallikning jimjimaga o‘ralgan kushandasi. Badiiy to‘qimaning me’yorini bilmaslik har qanday tarixiy qahramonni to‘qima qahramonga aylantiradi. To‘qima qahramon milliy qahramon bo‘lolmaydi", deb yozdi Nazar Eshonqul 16 - fevral kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

Jaloliddin Manguberdi obrazini turk aktyori Emre Kiviljim gavdalantirgan
Jaloliddin Manguberdi obrazini turk aktyori Emre Kiviljim gavdalantirgan

Antropolog Eldor Asanov esa filmni ko‘rgan tomoshabinlarni tarixiy reallik haqida xulosa chiqarishga shoshilmaslik haqida ogohlantirdi.

Asanov film premyerasi bo‘lib o‘tgan 14 - fevral kuni o‘zining Telegram kanalida “Mendirman Jaloliddin” seriali mualliflari. Chingizxon va Jaloliddin bir choyxonada nima qilib o‘tiribdi? deya kinoyali savol qo‘ydi.

Uning yozishicha, "Mendirman Jaloliddin” seriali tarixiy voqealar asosida olingan, lekin to‘liq tarixiy reallikni tiklamaydi. Tarixga erkin, ijodiy yondashilgani boshidan ma’lum edi... Lekin tomoshabinlar bu serialni ko‘rib, “tarix xuddi shunaqa bo‘lgan ekan”, deb o‘ylab qolmasligi kerak, menimcha. Aks holda ularda tarixiy reallik haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘onishi mumkin".

Chingizxon bosqiniga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi obrazi O‘zbekistonda vatan himoyachisi timsoliga aylangan
Chingizxon bosqiniga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi obrazi O‘zbekistonda vatan himoyachisi timsoliga aylangan

Filmning ssenariy muallifi o‘zgarib qoldi

14 - fevral kuni namoyish qilingan serial titrlarida ssenariy muallifi sifatida Mehmet Bo‘zdog‘ va Boboxon Muhammad Sharif ismi ko‘rsatildi.

Nazar Eshonqulning 16 - fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u 2018 - yil yozida film tashkilotchilari va “O‘zbekkino” rahbariyatining buyurtmasi bilan ssenariyni yozib bergan. Adibning ta’kidlashicha, “ssenariy Badiiy kengash tasdig‘idan o‘tgan va kengash bayonnomasida ham bu o‘z aksini topgan. Ozodlik bu kengash qarori bilan tanishdi. Hujjatda 7 ta ssenariy ichidan Nazar Eshonqulga oid matn tanlab olingani aytiladi.

Nega qaysidir bosqichda tasdiqdan o‘tgan muallifdan voz kechilgan? Ozodlik bu savolni yozuvchi Nazar Eshonqulga berdi:

“Davlat rahbari tomonidan Jaloliddin Manguberdi haqida film olish tashabbusi ko‘tarilib, bu filmga prodyuserlik qilish “Mendirman Jaloliddin” qo‘shig‘i ijrochisi, prodyuseri Ozodbek Nazarbekovga yuklatilganidan keyin “O‘zbekkino” milliy agentligi Nazarbekov bilan birga bir nechta ssenariy yozdirdi. Ammo bu ssenariylarning birortasi “O‘zbekkino” Badiiy kengashidan o‘tmadi. Oqibatda, agentlikning o‘sha davrdagi rahbarlari Furqat Zokirov va Shuhrat Rizayev prodyuser Nazarbekov bilan kelishgan holda, 2018 - yil boshida ssenariy yozishni menga topshirishdi. Avvaldan bu sarkarda haqida roman yozish uchun material to‘plaganimdan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rganib, 2018 - yil yoz boshida “Jaloliddin Manguberdi” nomli ssenariy yozib berdim. Ssenariy Badiiy kengashdan o‘tdi. Kengash bayonnomasida ham bu o‘z aksini topgan.

Kinodagi Chingizxon rolini o‘zbek aktyori Javohir Zokirov o‘ynagan
Kinodagi Chingizxon rolini o‘zbek aktyori Javohir Zokirov o‘ynagan

Men yozgan ssenariy Ozodbek Nazarbekov iltimosi bilan turkchaga tarjima qilindi, Bo‘zdog‘ga yuborildi. Shunday qilib, serial borasida ishlar boshlandi. Mening serial haqida bilganlarim shu yergacha. Bundan bu yog‘idan bexabarman"¸ - deydi Nazar Eshonqul.

Nazar Eshonqul yozgan ssenariy muharririning Ozodlikka bildirishicha "namoyish qilingan ssenariyda Nazar Eshonqul yozgan variantdan asar ham qolmagan".

"Nazar Eshonqul ssenariysidagi har bir jumla tarixiy haqiqat ustiga qurilgan edi. Bo‘zdog‘ varianti esa, tarixiy haqiqatdan yiroq, badiiyligi ham o‘ta nochor bir cho‘pchak bo‘lib qolgan", - dedi ismi ochiqlanishini istamagan muharrir.

"O‘zbekkino" rahbari Firdavs Abduholiqov Ozodlik bilan suhbatda
"O‘zbekkino" rahbari Firdavs Abduholiqov Ozodlik bilan suhbatda

Davlat buyurtmasi

“O‘zbekkino” milliy agentligining ismi matbuotda aytilmasligini so‘ragan mulozimi ssenariy bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritdi:

“Nazar Eshonqul yozgan ssenariy asosida badiiy film suratga olinishi kerak edi. Filmni olish Ozodbek Nazarbekovning o‘g‘li Ja’farbekka tegishli “Best organaizer” MChJga topshirildi. 2018 - yilning 22 - iyunida “O‘zbekkino” Best Organaizer bilan shartnoma tuzib, uning hisobiga 533 mln so‘m avans o‘tkazildi. Keyin filmni suratga olish jarayoniga prezidentnining qizi Saida Mirziyoyeva aralashdi. “O‘zbekkino” film olish jarayonidan chetlashtirildi. 2010 - yili 10 - oktabrda “Best organaizer”ga DXXdan kelib, pulni qaytaring, deyishdi. O‘sha kuni shanba edi. Bank yopiq. Bank direktorini obkelib, pul qaytarish operatsiyasini bajartirishdi. Xudddi shu paytda Nazar Eshonqul ham ssenariy muallifligidan chetlatildi. Menimcha, ssenariy uchun katta gonorarni qizg‘anishdi. Ssenariy muallifi va rejissyor Mehmet Bo‘zdog‘. O‘zbekistonlik Boboxon Sharipov esa shunchaki maslahatchi qilib olindi. Bilganim shu. Bu serial uchun “O‘zbekkino” mas’ul emas. Kinoning yangi egasi prezident qizi”.

Yozauvchi Nazar Eshonqul “o‘yin qoidalari va film egasi” o‘zgarganidan bexabar qolganini aytadi:

To‘g‘risi, garchi, Ozodbek Nazarbekovning yordamchilari, men ssenariy taqdiri bilan qiziqqanimda, har gal “Sizning ssenariyingiz asosida kengaytirilgan serial olinyapti” deyishgan bo‘lsa-da, menga bu borada hech kim rasman murojaat qilgan emas. Vaholanki, “O‘zbekkino” normativ hujjatlariga ko‘ra, film ishlab chiqarishga tushishi bilan dastavval muallif bilan shartnoma tuziladi va keyin boshqa harakatlar boshlanadi. Men bilan esa, shu paytgacha ssenariy muallifi sifatida hatto shartnoma ham tuzilgan emas. Ayni ssenariy borasida menga buyurtma qilib yozdirgan va shu ssenariy asosida dastlabki harakatlar boshlagan “O‘zbekkino” rahbariyati ham menga aniq va asosli javob aytgan emas. Badiiy kengashdan o‘tgan, film uchun asos bo‘lgan ssenariy muallifiga nisbatan bu xil munosabatda bo‘lish mualliflik huquqlarini mensimaslik, hatto behurmatlik yuz bergan bo‘lsa ham, buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi hurmati uchun men bu borada, “suvni ko‘rmay, etik yechmaslik” tarafdori bo‘lib keldim”.

Nazar Eshonqul filmga “Jaloliddin Manguberdi” nomini bergani, hozirgi nomga o‘zining aloqasi yo‘qligini ta’kidlaydi.

“Film nomi aslida “Jaloliddin Manguberdi” bo‘lishi kerak edi. Men shunday nom berganman. Serialning hozirgi nomiga mening aloqam yo‘q. Teleserial muallifligi deyarli barcha axborot vositalarida menga nisbat berilgani uchun bevosita yoki bilvosita qilingan savollarga, ijtimoiy tarmoqdagi ba’zan behurmatlarcha o‘rinli, o‘rinsiz murojaatlarga, mazaxomuz izohlarga o‘zim bilmaganim uchun, javob berolmayman, bu mas’uliyatni bo‘ynimga ololmayman.

Jinoyat ishi markazidagi film

Bosh prokuratura olib borgan tergovga doir hujjat nusxasi
Bosh prokuratura olib borgan tergovga doir hujjat nusxasi

"Mendirman Jaloliddin" filmi 2020 - yilning 3 - oktabrida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tarafidan taqdim etilganidan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura "Menman, Jaloliddin" nomli film yuzasidan jinoyat ishi ochgan edi.

Ozodlikning jinoyat ishi tafsilotlariga doir xabari ortidan Bosh prokuratura bayonot berib, jinoyat ishiga Moliya vazirligi O‘zbekkino Milliy agentligida o‘tkazgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lganini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura “Menman, Jaloliddin” va yana 13 ta filmni suratga olish jarayonida "katta miqdordagi byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani va rastrata yo‘li bilan talon - toroj qilingani" yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini aytgan.

10 - oktabr kuni e’lon qilingan rasmiy axborotda Bosh prokuratura filmga ajratilgan 533 mln so‘m mablag‘ "davlat byudjetiga qaytarilgani"ni bildirdi.

Allamjonov prezidentning to‘ng‘ich qizi bilan
Allamjonov prezidentning to‘ng‘ich qizi bilan

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2018 - yil 22 - iyunida “O‘zbekkino Milliy agentligi hamda “Best organiser” MChJ o‘rtasida “Menman, Jaloliddin” nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan”.

“Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari “Mendirman, Jaloliddin” nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish xarajatlari byudjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, “O‘zbekkino” Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda byudjetga qaytarilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Bosh prokuratura mablag‘lar qachon qaytarilganini aytmagan, ammo 2020 - yilning 3 - oktabr kuni Saida Mirziyoyeva tomonidan taqdim qilingan “Mendirman, Jaloliddin” filmiga tegishli hujjatlar olinmagani" va “ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarning jinoyat ishiga hech qanday aloqasi yo‘q”ligini ta’kidlagan.

Saida Mirziyoyeva Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari bo‘lgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari Komil Allamjonov esa Mass-media fondi "yemagan somsaga pul to‘layotgani"ni aytib chiqdi.

"Ushbu serialga na "O‘zbekkino" aloqador va na davlat byudjeti mablag‘lari", deb yozdi Allamjonov 11 - oktabr kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

2020 - yilning 3 - oktabr kuni Toshkentdagi taqdimot marosimida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva film to‘laligicha O‘zbekistondagi eng yirik xususiy banklardan “Orient Finans Bank” tomonidan moliyalanganini aytgan.

O‘zbekistonda kino sanoati eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sifatida ko‘riladi. 2014 - yilda “O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatida olib borilgan taftishlarda “pul yuvish" hamda davlat mablag‘larini katta miqdorda talon-toroj qilish faktlari aniqlangan va jinoyat ishi ochilgan edi.

Taftish ortidan “O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatining mahsulotlarini sotish bo‘limi boshlig‘i 51 yashar Nazarov To‘lagan Tolipovich “O‘zbekfilm” binosida o‘zini osgan.

Keyinroq bir necha mas’ullar shartli jazo va jarimalarga tortilgan edi.

O‘tgan yil oktabrida "O‘zbekkino" vakili Ozodlikka Bosh prokuratura olib borgan so‘nggi taftishlar natijasida 17 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilgani aniqlanganini aytgan.

Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi haykali
Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi haykali

XS
SM
MD
LG