Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:10

Mirziyoyev o‘zi besh oy oldin “Sodiq xizmatlari uchun” taqdirlagan mulozimni "xiyonat"da aybladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev va Jizzax hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulov - kollaj
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Jizzax hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulov - kollaj

Jizzax viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akram Rahmonqulov ustidan jinoyat ishi ochildi.

Jizzax viloyat prokuraturasi vakilining Ozodlikka aytishicha, hokim o‘rinbosari ustidan hozircha Jinoyat kodeksining 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Respublika huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozimga ko‘ra, 15 - yanvar kechga yaqin hokim muovini Rahmonqulov va Jizzaxda 10 - yanvar kuni qulagan bino qurilishiga bevosita aloqador bo‘lgan ikki mulozim hibsga olingan.

Viloyat hokimligidagi o‘zini tanishtirmagan mulozim Rahmonqulovning hibsga olingani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi, inkor ham qilgani yo‘q.

18 - yanvar holatiga hokimlik rasmiy vebsaytida Rahmonqulov hanuz viloyat hokimi o‘rinbosari sifatida qayd etilgan.

"O‘rinbosarning to‘dasi"

15 - yanvar kuni prezident Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari hamda yoshlar bilan muloqot chog‘ida Jizzaxda qulagan uy mavzusiga to‘xtalib, «Viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak» deya ta’kidlagan edi:

«Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bizning siyosatimizga xiyonat qilgan. Buni hamma bilishi lozim. Uning butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, baribir eski zamonni qo‘msagan noinsoflar ham bor. Ular erkinlik, ochiqlik siyosatini tushunmaydi»

Mirziyoyev xiyonatda ayblagan Jizzax viloyat xokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Akram Rahmonqulov bundan atigi 5 oy oldin prezidentning PF 6055 qaroriga muvofiq «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan edi.

Jizzaxda qulagan uy
Jizzaxda qulagan uy

10 - yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilgan olti qavatli uyning bir qismi qulab tushgan.

Vaziyat yuzasidan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshliq hukumat komissiyasi taftish olib bormoqda.

Jizzax viloyat prokuraturasi vakiliga ko‘ra¸ tergovga qadar surishtiruv mobaynida Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslaridan ko‘rsatma olingan.

"Quruvchilar" oilasi

Matbuotga gapirish vakolati bo‘lmagani vajidan ismi aytilmasligini so‘ragan prokuratura vakiliga ko‘ra¸ Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Rahmonqulov Akram Bahritdinovich "Yagona buyurtmachi xizmati injiniring" kompaniyasi tomonidan ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini qurish bo‘yicha davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladigan tender va tanlovlarning aksariyatida komissiya raisi sifatida “tizimli korrupsiya” bilan shug‘ullangan.

Prokuratura xodimining o‘z tasarrufidagi ma’lumotlarga tayanib ma’lum qilishicha¸ Rahmonqulov davlat buyurtmalarini o‘z qarindoshlariga oid firmalarga “jinoiy maqsadda taqsimlashda” gumonlanmoqda.

Bundan oldin Telegramdagi «Davletovuz» kanali Jizzaxdagi tenderlar bilan bog‘liq yangi tafsilotlarni ma’lum qilgan edi. Xabarga ilova qilingan jadvalda hokim o‘rinbosarining qarindoshlari “tenderda yutgan” buyurtmalar aks etgan.

Tender natijalari aks etgan jadval
Tender natijalari aks etgan jadval

«Bu davlat buyurtmalari qiymati bir necha yuz milliard so‘mni tashkil qiladi. Familiya, ism va shariflarni qarab chiqsangiz bo‘ldi», deb yozadi bloger.

Jadvalda hokim o‘rinbosari Rahmonqulov Akram Bahritdinovichning yaqin qarindoshlari Rahmonqulov Akbar Bahriddinovich¸ Rahmonqulov Alisher Bahriddinovich, Rahmonqulov Adham Bahriddinovich, Bahriddinov¸ Shuhratjon Akramovich kabi “tadbirkorlar” ismlarini ko‘rish mumkin.

15 - yanvar kuni Qurilish vaziri Botir Zokirov Jizzax shahridagi binoning qulashiga qurilishdagi "o‘g‘riliklar" sababchi ekanini aytgandi.

“Pudratchi tashkilotning xayoli o‘g‘rilik bo‘lgan... Qurilish konstruksiyalarida ishlatiladigan beton markasi 250-300-400 bo‘ladi. Bu holatda beton markasi 3-4 baravarga tushirilgan. Shuning uchun ustunlarning ko‘tarish imkoni yo‘q» deb aytgan vazir.

O‘tgan yili Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi ortidan prezident Mirziyoyev "qurilishlarda korrupsiya hollari ko‘p" ekanini aytgandi.

Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Akram Rahmonqulov Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon qurilish bilan bog‘liq jinoyat ishi figurantiga aylangan eng yuqori martabali mulozimdir.

XS
SM
MD
LG