Линклар

 
Mirziyoyev uchun uyushtirilgan "baliq-shou": Namangandagi ko‘zbo‘yamachilik tafsiloti
Шошилинч хабар
20 март 2025, Тошкент вақти: 01:26

Mirziyoyev uchun uyushtirilgan "baliq-shou": Namangandagi ko‘zbo‘yamachilik tafsiloti


Seminarchilarga ko‘rsatilgan baliqlar oradan bir kun o‘tib g‘oyib bo‘lgan. Xo‘jaqo‘rg‘oncha qishlog‘i, Namangan viloyati.
Seminarchilarga ko‘rsatilgan baliqlar oradan bir kun o‘tib g‘oyib bo‘lgan. Xo‘jaqo‘rg‘oncha qishlog‘i, Namangan viloyati.

Namangan viloyatining Norin tumanidagi Xo‘jaqo‘rg‘oncha qishlog‘ida 20-fevral kuni o‘tkazilgan seminar-ko‘rikda davlat teleradiokompaniyasi - MTRKda ko‘rsatilgan aholi xonadonlaridagi sun’iy hovuzlarga tashlangan baliqlar va ariqlardagi o‘rdaklar oradan bir kun o‘tib g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda Ozodlikka video jo‘natgan xo‘jaqo‘rg‘onchaliklarning aytishlaricha, baliqlar vaqtinchalik foydalanishga qo‘shni tumandagi tadbirkordan olib kelingan va seminar tugagach egalari ularni olib ketib qolgan.

Xo‘jaqo‘rg‘oncha qishlog‘idagi Nurilloxon Mahmudov xonadonida kredit evaziga qurib berilgan sun’iy hovuzga tashlangan baliqlar, ko‘rgazmali seminar o‘tgandan so‘ng olib ketildi. Bu baliqlar uning qo‘shnisi bo‘lgan Abdug‘ani Jalolovning xonadoni qurilgan sun’iy hovuzdan ham olib ketilgan.

Balig‘i olib ketilgan hovuz
Balig‘i olib ketilgan hovuz

Ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, televideniyeda ko‘rsatish uchun baliqlar boshqa tumandagi baliqchilik xo‘jaligidan olib kelingan:

“Uchqo‘rg‘on tumanida Azizbek degan tadbirkorning baliqchilik xo‘jaligi bor ekan. Tadbirkor o‘sha kuni Umra ziyoratiga ketgan ekan. Baliqning egasiga pul to‘lanmagan, vaqtinchaga so‘rab olib kelishgan. Seminar tugaganidan so‘ng, baliqlarni olib ketishdi. Video xonadon egasi tomonidan o‘shanda olingan”.

Seminar 20-fevral kuni Norin tumani hokimligi tomonidan qishloqdagi xonadonlarda baliq yetishtirishni o‘rgatish uchun tashkil qilingan edi.

Markaziy teleradiokompaniya tayyorlagan reportajda, bu seminar prezident Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadini oshirishga e’tibor qaratilgani aytiladi.

Hovuzga o‘sha kuni tashlangan gulbaliqlar
Hovuzga o‘sha kuni tashlangan gulbaliqlar

Ya’ni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kambag‘allikdan chiqarish.

Shu qishloqdagi kambag‘al oilalardan ikkitasi tanlab olingan va ularning hovlisiga baliq yetishtiradigan sun’iy hovuzlar o‘rnatilgan.

Seminar bo‘lib o‘tgan kun respublika bo‘ylab taklif qilingan o‘nlab tadbirkor, rahbarlar hovuzlarda suzib yurgan forel, ya’ni gulbaliqlarni, uning yonidagi ariqda “g‘a-g‘a”lab yurgan o‘nlab o‘rdakni ko‘rdilar.

Bu o‘rdaklarni ham, egalari "bank" qaytarib olib ketgan
Bu o‘rdaklarni ham, egalari "bank" qaytarib olib ketgan

Ammo oradan bir kun o‘tib, baliqlar bilan birga o‘rdaklar va go‘yoki ular tuqqan tuxumlar ham g‘oyib bo‘lgan.

“Juda kulgili ishlar bo‘ldi, o‘rdaklarni olib kelib Nurillaxon akaning uyiga qo‘yvorishdi, qafasiga tuxumlarini ham solib qo‘yishdi. MTRK operatorlari o‘rdaklarni u yoq, bu yoqqa haydab videolarga olishdi. Seminar tugagandan so‘ng hammasini quvib ushlab, yana olib ketishdi, hatto tuxumlarini olib ketishdi. Hech bo‘lmasa tuxumlari qolsin edi, pulini berardik”, deydi xo‘jaqo‘rg‘onchaliklardan biri.

MTRK ko‘rsatuvida rahbar va mutaxassislar bu hovuzlardagi baliqlarni parvarishlab yilida 50-60 million so‘mdan sof foyda olish mumkinligi haqida ilhomlanib gapirdilar.

Suvsiz hovuz va o‘rdaklarsiz ariq videosi Xo‘jaqo‘rg‘oncha qishlog‘ining Telegram kanalida tarqalganidan so‘ng, qishloq odamlarining aytishicha, tuman hokimi darg‘azab bo‘lib, MFY raisi Fazliddin Rahmonovni lavozimidan bo‘shatgan.

“Hokim o‘zlarining ko‘zbo‘yamachiligi oshkor bo‘lganidan jahli chiqib raisimizni ishdan olib tashladi. Bir haftaning ichida boshqa odamni rais qilib qo‘ydi. Vaholanki qonun bo‘yicha, mahalla raisi bo‘shaganidan so‘ng bir oy joyi bo‘sh turishi kerak, saylov bo‘lishi kerak. Raisimizga ham oson emas, unga mahalladan kamida 40ta kredit oladigan xonadon topasan, deb majburladi. Vaholanki bular taklif qilayotgan tadbirkorlikning rivojlanib ketishiga, bankdan qarzdor bo‘lib qolishiga hech kimda ishonch yo‘q” , deydi xo‘jaqo‘rg‘onlik turg‘un.

Uning aytishicha, bu ko‘zbo‘yamachiliklar oshkor bo‘lgach, tuman hokimining topshirig‘i bilan baliqlarning bir qismi qaytadan yana olib kelinib hovuzlarga tashlab qo‘yilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan, mahalla faolining aytishicha, Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘ng Xo‘jaqo‘rg‘oncha aholisiga qo‘y, sigir olish uchun, issiqxona qurish uchun baland foizli ko‘p kreditlar ajratilgan edi, lekin bu tadbirkorlikning birortasi ham o‘zini oqlamadi:

“Kambag‘allikdan chiqaramiz deb, bozordagidan ikki baravar qimmat narxdagi qo‘y-mollarni kambag‘allarga o‘tkazishdi. Kasal qo‘ylar va oriq mollar odamlarni kambag‘allikdan chiqara olmadi, aksincha kreditini to‘layman deb ko‘pining beli sindi. Arzon matohli issiqxonalar qurib berishdi, bitta shamolda uchib, sinib ketdi. Endi esa baliq, o‘rdak boqasan deb majburlashyapti. Axir, hayotida baliq boqmagan oddiy odam bu nozik ishni qanday eplaydi. Axir baliq ham nozik jonivor, o‘zining qarovi, maxsus ozuqasi bo‘lishi kerak. Bir umr ketmon bilan dehqonchilik qilib yurgan odamning qo‘lidan bu ish kelmaydi. Bu ura-urachilik, ko‘zbo‘yamachilik qachon tugaydi?”

Xo‘jaqo‘rg‘oncha qishlog‘i aholisi hech qachon baliq boqmagan. Bu ular uchun yangilik, bu kasbning issiq-sovug‘ini hali bilmaydi. Lekin bo‘yniga ilib qo‘yilgan katta kredit bor.

Mahalliy rahbarlar esa, “mana buncha odamga tadbirkorlik qilishni o‘rgatdik, bunchasini ishlik qildik”, deb yuqoriga hisobot bersa bo‘ldi. Uning balig‘i bo‘ladimi yoki o‘ladimi, unisi bilan ishi yo‘q. Kreditni esa bank qanday qilib bo‘lsa ham undirib oladi.

Ozodlik rasmiy izoh olish maqsadida Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov va uning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari G‘ayratjon Primqulovning mobil telefonlariga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo hech biri javob bermadi.

Namangan viloyatida ko‘zbo‘yamachilik holatlari birinchi bor kuzatilmayapti.


Ozodlik Pop tumanida 2020-2021-yillarda qurilgan yuzlab gektardagi issiqxonalar ishlatilmay, vayron bo‘lib yotganini ko‘rsatgan edi.

O‘tmishdagi Karimov boshqaruvidan farqli Mirziyoyev mamlakatdagi qashshoqlik muammosini tan olgan va uni kamaytirish bo‘yicha qator choralarni amalga oshirmoqda.

Ammo mutaxassislar siyosiy tizim isloh qilinmagan sharoitda Mirziyoyevning ko‘pgina iqtisodiy tashabbuslari, jumladan, tovuq boqish va limon yetishtirish orqali aholini tadbirkorga aylantirish harakatlari korrupsiyaning yanada kuchayishi va tashqi qarzining kattalashishiga olib kelganini aytishadi.

Jahon Banki shu oy boshida e’lon qilgan tadqiqot migrantlarning pul o‘tkazmalarisiz O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9,6 foiz emas, balki 16,8 foiz bo‘lardi, degan xulosaga kelgan.

  • Bank hisobotida aytilishicha, migrantlarning O‘zbekiston yaipi ichki mahsuloti hajmidagi ulushi esa 14 foizga yetgan.
XS
SM
MD
LG