Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:05

Moskva meri: Ishchi muhojirlar soni 40 foizga kamaydi


Moskva meri Sergey Sobyanin - 8 - iyun, 2020
Moskva meri Sergey Sobyanin - 8 - iyun, 2020

Moskva meri Sergey Sobyanin koronavirus pandemiyasi ortidan kiritilgan cheklovlar tufayli 40 foiz mehnat muhojiri shaharni tark etganini bildirdi. Rossiya poytaxti hokimligi xorijlik ishchilar o‘rniga Rossiyaning boshqa mintaqalaridan odamlar jalb qilinayotganini aytmoqda. O‘zbek muhojirlari esa, virusga qarshi cheklovlar yana kuchaytirilayotgan Rossiya chegaralari ochilishini kutmoqda.

2020 - yilda Moskvada mehnat muhojirlari soni taqriban 40 foizga qisqardi. Bu bayonot bilan chiqqan shahar meri Sergey Sobyanin ishchilar yetishmovchiligi qish mavsumi kelishini kutayotgan Moskvaning, ayniqsa kommunal xo‘jaligi sohasiga salbiy ta’sir etishi mumkinligini aytdi.

"Yagona muammo -Moskvada sezilarli darajada , taxminan 40 foizga migrantlar kamaygani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu og‘ir jismoniy mehnat - belkurak, supurgi, lom... Har qaysi moskvalik ham bunday ishlarda ishlashga rozimas. Ammo asta-sekin biz bu masalani hal qilyapmiz, ishni mexanizatsiyalashtiramiz. Boshqa mintaqalarimizdan odamlarni jalb qilyapmiz", - dedi Sobyanin “Rossiya1” telekanaliga bergan intervyusida.

Пандемия она ва болани ярим йилга ажратди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:34 0:00

Mehnat muhojirlari yetishmovchiligiga, eng avvalo mamlakat chegaralari yopilgani ta’sir qilmoqda. Mutaxassislar odatan katta ishchi kuchiga ehtiyoj, ayniqsa Rossiyaning kommunal-xo‘jalik kompleksi, qurilish sohasi, qishloq xo‘jaligi va ishlab-chiqarishida sezilayotganini aytishadi. Shunga qaramasdan, shahar hokimiyati vaziyat nazorat ostida ekani va o‘z kuchi bilan muammoni bartaraf qilishga ishonishini aytmoqda.

Rossiya Statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2020 - yilning yanvar-sentabr oylari oralig‘ida migrantlarning Rossiyaga bo‘lgan oqimi o‘tgan yilga nisbatan 2,4 barobarga kamaygan. Bu raqamlar, asosan MDH, jumladan o‘zbek ishchi-migrantlariga tegishli ekani ta’kidlanmoqda.

Rossiya Migrantlar Federatsiyasi rahbari Vadim Kojenov Sobyanin biroz noaniq raqamlarni keltirganini bildirdi. U o‘z chiqishlaridan birida 40 foizga mehnat muhojirlari emas, balki berilgan patentlar miqdori kamayganini aytdi. Kojenovga ko‘ra, bu Rossiya hukumatining mamlakatda xorij fuqarolariga ishga ruxsatnomalarni 2020 - yilning aprelidan uzaytirmaslik to‘g‘risida chiqargan qarori bilan bog‘liq.

Migranto.ru portali asoschisi¸ migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis Svetlana Salamova Ozodlik bilan suhbatda ishchi kuchi defitsiti juda katta ekanini tasdiqladi. U vaziyat faqat chegaralar ochilishi ortidan o‘zgarishi mumkinligini aytadi.

"Mendan ayrim ish beruvchilar “Siz Moskvaga yoki boshqa shaharga 1500 o‘zbekni olib kirish yo‘llarini bilasizmi?” yoki “Vaxtamizga 400 kishilik brigada kerak, topib bering” , deb so‘rayapti. Ishchi kuchining eng katta yetishmovchiligi ko‘cha tozalash va farroshlik, mashina yuvish va kliningda sezilmoqda. Migrantlarimiz orasida ham juda ishlashga ishtiyoqi katta emasligi sezilib qoldi: 40 ming rublgacha ish taklif qilsam, meni kaltaklashga ham tayyor! Hatto 40 ming rubllik ishlarga odam topish qiyin. Ya’ni ular ham vakansiyalar ko‘pligini sezib, ko‘proq haq to‘lanadigan ishlarni tanlash imkoniga ega bo‘ldi", - deydi Svetlana Salamova.

Suhbatdosh ishchi kuchi yetishmayotgan bu sohalar sekin-asta maoshlarni ko‘tarishga o‘tgan bo‘lsa-da, qurilishda ish beruvchilar muhojirlar oyliklarini ko‘tarishga shoshilmayotganini ta’kidladi.

"Lekin qurilishda ham patent va yashash joyiga to‘lov kabi qo‘shimcha harajat qilishga va ishchilarini ushlab qolishga harakat boshlandi. Sobyanin gapida jon bor, lekin 40 foiz to‘g‘risida unga ma’lumot bergan yordamchisi umumlashtirib, ichki migrantlarni ham nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Chunki Moskvada yangidan avj olgan koronavirus tarqalishi va kuni kecha e’lon qilingan harakatlanishga cheklovlar poytaxtdan yon-atrofda yashovchi ruslarni ham cho‘chitib qo‘ydi. Har holda, vaziyat chegaralar ochilmaguncha shunday qolaveradi", - dedi Salamova.

Moskva shahar meriyasi oktabr oxirlarida koronavirus bilan kasallanganlar soni 7,5 foizga oshgani va shu kunlarda rekord ko‘rsatkichlarga yetganini xabar qildi.

Pandemiya avj olgan vaziyatda Rossiya poytaxtida ikki oyga - 2020 - yilning 13 noyabridan 2021 - yilning 15 - yanvarigacha qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi. Taqiqlar klublar, restoran-kafelar, diskoteka va boshqa jamoat joylari faoliyati, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarga taalluqli ekani aytildi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, Rossiyada 1 million 820 ming kishi koronavirus bilan kasallangan, 1 million 350 ming kishi tuzalib chiqqan, 31 ming 161 kishi ayni kasallikdan vafot etgan.

XS
SM
MD
LG