Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:28

Moskvada pichoqlab ketilgan toshkentlik stomatolog olamdan o‘tdi


Jamol Odilov 40 yoshda edi.
Jamol Odilov 40 yoshda edi.

Moskvaning Yasniy proyezdida joylashgan xususiy klinikada sodir etilgan hujum natijasida yaralangan stomatolog Jamol Odilov 17-dekabr, juma kuni shifoxonada vafot etdi. Bu haqda xabar qilgan Moskva prokuraturasiga ko‘ra, o‘zbek shifokoriga pichoq bilan hujum qilgan Murad Oganesyanga nisbatan qo‘yilgan “qotillikka urinish” moddasi “qotilikka” o‘zgartirildi.

4 kun oldin pichoqlab ketilgan o‘zbekistonlik 40 yashar shifokor Jamol Odilov 17 -dekabr tong saharda Moskvaning Sklifosovskiy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida jon berdi.

Jamol Odilov ishlab kelgan klinika rahbariyati vakili uning ahvoli jumaga o‘tar tunda birdan yomonlashganini aytarkan, bunday dedi:

- Pichoqlanganidan keyin 2 kun o‘tib ahvoli durust edi. O‘tgan kuni kechqurun birdan ahvoli yomonlasha boshladi. Men oxirgilar qatorida soat 10 larda gaplashgandim u bilan. Keyin tunda yomonlashgan. Kecha ertalab soat 10-11larda reanimatsiyaga yana qayta olib kirib ketishgan. Sklifosovskiy shifoxonasida o‘lim sabablari borasida hech kimga hech qanaqa informatsiya berilmayapti. Tergov qo‘mitasi ish ochgan va biz ham faqat tanish-bilish orqali ma’lumot olib yotibmiz. Hozir jasad shifoxona morgiga olib tushirilgan. Bugun ertalab 7 larda menga xabar berishdi. Turmush o‘rtog‘i ham yetib keldi bugun va ikki marta hushidan ketib qoldi.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan klinika vakilining aytishicha, vafot etgan Jamol Odilov Toshkentning Do‘rmonidan, uning qaramog‘ida 4 farzandi, turmush o‘rtog‘i va keksa onasi bo‘lgan:

- Uning 3 qizi, 1 o‘g‘li, xotini va keksa onasi bor edi. Dadasi o‘tgan yili olamdan o‘tgandi. O‘zi mutlaqo bosiq va muomalali yigit edi. Endi uni olib ketishga O‘zbekiston elchixonasidan menga “yordam beramiz”, deb qo‘ng‘iroq qilishdi. Boshqalar ham moddiy yordam berishga tayyor. Faqat oldin o‘likni sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazishlari kerak ekan. Keyin MFTs (ko‘ptarmoqli markaz- tahr.) dan ma’lumotnoma olib, Toshkentga yuboramiz.

Moskva shimolidagi xususiy stomatologiya klinikasida ishlab kelgan Jamol Odilov 13 - dekabr, dushanba kuni, soat 14lar atrofida Moskvaning Janubiy Medvedkovo mavzesida joylashgan ish joyida pichoqlab ketilgan edi.

Toshkentlik Jamol Odilov 40 yoshda bo‘lgan. U Moskvada yuzlab boshqa tish do‘xtirlar kabi bir necha yildan buyon mehnat muhojirligida yurgan.

Qotilikka urinishda ayblanib hibsga olingan shaxs “Paradiz” prodyuserlik markazi bosh direktori Murad Oganesyan bo‘lib, u o‘z g‘arazli niyatini amalga oshirish maqsadida klinikaga ikkita pichoq ko‘tarib kelgani to‘g‘risida videokadrlarni Ozodlik e’lon qilgan edi.

Москвада пичоқланган стоматолог оламдан ўтди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:00 0:00

Ozodlik muxbirlari suhbatlashgan klinika xodimlari so‘roq paytida tergovchi Murad Oganesyandan hujum qilgani sabablarini so‘ragani va «Uni ozarbayjonga o‘xshatibman!”, deb javob olganiga guvohlik bergan.

Oganesyan bundan bir yil oldin unga ushbu xususiy klinikada ko‘rsatilgan tibbiy muolajadan norozilik tarzida bu jinoyatga qo‘l urganini tergovchilar xabar qildi.

Ozodlik Jamol Odilovning 13 - dekabrda pichoqlanishi aks ektgan videokadrlarni qo‘lga kiritgan edi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Moskva shahar Babushkinskiy tumanlararo tergov bo‘limi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 3-qismida (“Odam o‘ldirishga urinish”) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgandi.

Ishni o‘z nazoratiga olgan Moskva shahar prokuraturasi O‘zbekiston vatandoshi qotilligida gumonlanib ushlangan shaxsga nisbatan “qotillikka urinish” yuzasidan ochilgan jinoyat ishini “qotillik” moddasiga o‘zgartirishini ma’lum qildi.

"Komsomolskaya pravda" nashrining o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, Rossiyada suratga olingan “Svolochi” (“Ablahlar”) va boshqa mashhur filmlarga prodyuserlik qilgan biznesmen Murad Oganesyanning kompaniyalari mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz tufayli kasodga uchragan va bundan ikki yil oldin yopilgan. MTV kinosovrinini olgan “Svolochi” filmiga kinorejissyor Vladimir Menshov mukofot topshirishdan bosh tortgani ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

14 - dekabrda yoshi 60 ga tulgan Murad Oganesyan o‘z yubileyini hibsxonada nishonladi. Ma’lumotlarga qaraganda u hozirda hibsda saqlanmoqda.

XS
SM
MD
LG