Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:15

"Mustaqil komissiya": Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan qariyb 100 oilaga asossiz uy berilmagan


Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta hovli-joy suv ostida qolgan.
Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta hovli-joy suv ostida qolgan.

"Sardoba suv ombori buzilishi oqibatida Sirdaryo viloyatining uchta tumanida toshqindan zarar ko‘rgan aholiga uy tarqatishda hukumat tomonidan belgilangan tartib buzilgan va natijada 147 ta uy asossiz berilgan, ayni paytda uy olishga haqli 99 fuqaroga uy berilmagan".

Bu ma’lumot mahalliy deputatlar, mahallalar fuqarolari, inson huquqlari himoyachisidan iborat "Mustaqil komissiya" bir necha oy davomida o‘tkazgan tekshiruvlar yuzasidan tayyorlagan hisobotda keltirilgan.

Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari hali jamoatchilikka e’lon qilinmagan hisobotdagi bu ma’lumotlarga munosabat bildirar ekan, jabrlanganlarga uy ajratishda hukumat tomonidan belgilangan tartibga og‘ishmay amal qilinganini iddao qildi.

Сардоба: “Бу ерлар олдин жаннат эди” – омон қолганлар ҳикояси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:00 0:00

32 yashar Ilyos Xamzaqulovning Mirzaobod tuman, Navbahor MFY hududidagi uyini Sardoba toshqini yuvib ketgan. Bir farzandning otasi oilasi bilan o‘shandan buyon otasining uyida yashamoqda.

“Uyimni endigina bitirib kirib olgan edik. Toshqinda yuvib ketdi. O‘rniga uy berishmadi. Hujjatlaring joyida emas ekan, deyishdimiey...” dedi Ilyos Ozodlikka.

Ilyos Xamzaqulov "Mustaqil komissiya" uysiz qolganini, biroq o‘rniga uy olmaganini aniqlagan 99 kishidan biri. Komissiya Ilyos va uning oilasi yuzasidan “To‘liq oqib ketgan yashagan uyi uchun 3 xonali uy berish kerak”, degan xulosaga kelgan.

Jami 35 betdan iborat hisobot (nusxasi Ozodlikda bor) “Sirdaryo viloyati Sardoba suv ombori buzilishi natijasida 2020 - yil 1 - may kungi suv toshqinida talafot ko‘rgan aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va qonun buzilishlari to‘g‘risida tahliliy ma’lumot” deb ataladi va muqovasidagi sanadan u 2021 - yil, 5 - avgustda tayyor bo‘lgani anglashiladi.

Komissiya hisobotiga suv toshqinidan zarar ko‘rganlarga uy ajratish tartibiga doir me’yoriy hujjatlar, viloyat hokimligida, viloyat kengashida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlar qarorlari ilova qilingan.

Hisobotning 27 betdan iborat asosiy qismida komissiya aniqlagan faktlar keltirilgan.

Unda aytilishicha, viloyatning Mirzaobod tumanida 61, Oqoltin tumanida 51, Sardoba tumanida 35 ta uy asossiz berilgan.

Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.
Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.

Ayni paytda Mirzaobod tumanida toshqindan zarar ko‘rgan 70, Oqoltin tumanida 20, Sardoba tumanida 9 kishiga uy asossiz ravishda berilmagan.

Hisobotda asossiz uy olgan hamda uy olmaganlarga oid batafsil ma’lumot: ism-familiyasi, manzili, oilasi tarkibi va boshqa ma’lumotlar bor.

Asossiz uy olganlarning uy olishi asossizligi sababi, uy olmaganlarning uy olishga nima uchun haqliligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Masalan, Mirzaobod tuman, Solin qishlog‘ida yashovchi bir fuqaro “Mahalla raisining tug‘ishgan akasi” ekanligi, unga “1 ta uy asossiz berilgan”i yozilgan.

Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.
Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.

Shuningdek, toshqin oqibatida uysiz qolganlardan 99 kishining uy olishga haqli ekanligi hujjatda keltirilgan.

Jamoatchilik komissiyasi xulosasiga ko‘ra, toshqin ortidan jabrlanganlardan jami 18 ta oilaga 40 mln so‘mdan berilgan, lekin keyin qaytarib olingan.

Komissiya asossiz uy olganlardan uylarni tortib olib, ularni haqiqiy jabrlanganlarga berishni, “Aldov yo‘li bilan qaytarib olingan 40 mln so‘mlik mablag‘larni o‘z egalariga qaytarib berishni” tavsiya qilgan.

Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.
Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.

Hisobotni ikki mahalliy deputat, olti nafar mahalla fuqarosi, bir inson huquqlari himoyachisi imzolagan.

Ozodlik hisobotni imzolaganlardan biri, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi deputati Akmal Ikromov bilan gaplashdi.

“Biz viloyat deputatlari kengashimiz raisi tashabbusi bilan fuqarolar arizasiga asosan masalani o‘rganishni boshladik. Uchala tumanga 10 nafardan deputat bo‘lindi. Biz deputatlar tuman ishchi guruhlari bilan birgalashib ish boshladik. Biroq fuqarolar bilan bevosita muloqotlar davomida masala chigalroq ekanligi bilina boshladi va shundan keyingi o‘rganishlarimiz davomida juda ko‘p kamchiliklarni fosh qildik”, dedi deputat.

Akmal Ikromovning aytishicha, birgina Mirzaobod tuman, Haqiqat mahallasidagi Chorvachilik bo‘limida 7 ta uy asossiz berilgani aniqlangan.

Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.
Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarga berilgan yordamni o‘rgangan mustaqil komissiya hisobotidan.

Deputat o‘zi a’zosi bo‘lgan "Mustaqil komissiya" ishiga jabrlanganlarga uy tarqatishga mas’ul bo‘lgan amaldorlar to‘sqinlik qilgani to‘g‘risida, yakuniy xulosa chiqqunicha, aniqlangan qonunbuzarliklar to‘g‘risida “Toshkentgacha jo‘natilgan shikoyatlar yana tumanlarga qaytib kelgani” to‘g‘risida aytib berdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, suv toshqinidan zarar ko‘rganlarga uy berish jarayonini viloyat hokimining o‘rinbosariMahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i O‘lmasjon Mamadaminov nazorat qilgan.

O‘lmasjon Mamadaminov Ozodlikning hisobotga munosabat bildirishini so‘rab qilgan murojaatiga javob berarkan, jamoatchilik komissiyasi hisoboti bilan tanish emasligini bildirdi. Unda keltirilgan ma’lumotlarni Ozodlikdan eshitgach, ularni inkor etdi:

“Har bir fuqaro bo‘yicha tuman kengashlari deputatlari o‘rganib, xulosa bergan. Har biri bo‘yicha xulosalar bor, s’yomkalar bor. Har bir jabrlangan bo‘yicha oylab ishlangan”.

"Mustaqil komissiya" hisobotini imzolaganlardan birining (ismi aytilishini istamadi) 20 - sentabrda Ozodlikka bildirishicha, hisobotda keltirilgan ma’lumotlarni viloyat prokuraturasi o‘rganmoqda. “Rasman shug‘ullanyapmiz, deb qo‘ng‘iroq qilishganiga bir hafta bo‘ldi”, dedi u.

Sirdaryo viloyat prokuraturasidan bu xususda ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi.

  • 2020 - yilning 1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.
  • To‘g‘on yorilishi oqibatida yuz bergan toshqin O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aholini evakuatsiya qilish amaliyotiga sabab bo‘ldi - yuz minglab odam xavfsiz hududga ko‘chirildi.
XS
SM
MD
LG