Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:27

Navalniy firibgarlik va sudyani haqoratlashga doir ish bo‘yicha aybdor deb topildi


Moskvaning Lefortovo tumani sudi siyosatchi Aleksey Navalniyni firibgarlik va sudyani haqorat qilishga doir ish bo‘yicha aybdor deb topdi.

Sudning sayyor majlisi Navalniy “Iv Roshe ishi” bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan Pokrov shahridagi axloq tuzatish koloniyasida o‘tkazildi. Sudya Margarita Kotova firibgarlik qilganini aytib, hukm ayblov tusida bo‘lishini aytdi.

Avvalroq davlat ayblovchisi suddan Aleksey Navalniyga nisbatan qattiq tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan 13 yillik qamoq va 1,2 million rubl jarima tayinlashni so‘ragan edi. Himoya esa Navalniyni oqlashni talab qilgan.

Siyosatchi Jinoyat kodeksi 297-moddasining ikki epizodi (1-qismi, “Sud muhokamasi ishtirokchilarini haqoratlash” va 2-qismi, “Sudyani haqoratlash”) hamda 159-moddasining 4-qismi (“Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik”) bo‘yicha ayblangan.

Ayblovda muxolifatchining bir yil avval “veteran Ignat Artyomenkoga tuhmat qilish”ga doir ish ko‘rilayotgan paytda sud majlisi ishtirokchilariga go‘yo hurmatsizlik qilgani nazarda tutilmoqda.

Taxminan bir paytda Navalniy Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga (FBK) tushgan mablag‘larni o‘zlashtirishda ayblangan. Ayblov xulosasida Navalniy va safdoshlari “aldov va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan” saylov kampaniyasi uchun pul yig‘ib, uni “shaxsiy maqsadlarda va o‘z faoliyati uchun” sarflab yuborishgani haqida gap boradi.

Navalniy tuzilmalariga pul xayriya qilgan 300 ming kishidan atigi to‘rt nafari jabrlanuvchi deb topilgan. O‘z navbatida himoya tarafidan qariyb 30 nafar guvoh – FBKning xayriyachilari ishtirok etdi. Ularning barchasi Navalniy va uning jamoasiga o‘z ixtiyori bilan pul xayriya qilganini ta’kidladi.

Navalniy ishi bo‘yicha sud majlisi o‘tkazilgan kunlar sudya Margarita Kotova prezident administratsiyasi xodimi Yevgeniy Vladimirov bilan telefonda gaplashib turgani aytilmoqda. Siyosatchining safdoshi Ivan Jdanov sudyaning telefon so‘zlashuvlariga doir ma’lumotlarni qo‘lga kiritganini bildirdi.

Aleksey Navalniy sud muzokarasida chiqish qilarkan, qo‘ng‘iroqlar sanasi va aniq vaqtini ochiqlab, sud jarayoni prezident administratsiyasi tomonidan boshqarilayotganini aytdi.

18-mart kuni Putin sudya Margarita Kotovaning lavozimini oshirdi. U Moskva shahri sudi sudyasi etib tayinlandi.

Navalniy so‘nggi so‘zida o‘ziga qarshi ochilgan ish bichib-to‘qilganini, guvohlar hammasi soxtaligini aytdi. Muxolifatchi, shuningdek, Ukrainadagi urushga qarshi chiqib, unda Rossiya hukumatini aybladi. Navalniyga ko‘ra, u “hokimiyat bilan kurashishda davom etadi”, “na FSB, na kimyoviy qurol va na Putin uni qo‘rqita olmaydi”.

XS
SM
MD
LG