Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:38

Navalniyning o‘limi nimani o‘zgartiradi yoki o‘zgartirmaydi?


Sankt Peterburgda kommunal xizmatlar ishchisi Navalniy ask etgan muralni o‘chirmoqda. Aprel, 2021.
Sankt Peterburgda kommunal xizmatlar ishchisi Navalniy ask etgan muralni o‘chirmoqda. Aprel, 2021.

O‘n yildan ko‘proq vaqt davomida va hatto qamoqqa tashlanganidan keyin ham, Aleksey Navalniy Kremlning murosasiz raqibi bo‘ldi, uning Rossiya haqidagi o‘zgacha qarashlari Prezident Putinning norozilik namoyishlarini bostirish, norozilikni yo‘q qilish va siyosatni qattiq nazorat qilish bo‘yicha tobora kuchayib borayotgan ta’qiblari nishoni bo‘ldi.

Navalniyning o‘limi Putin Rossiyasi mustaqil ovozlarga mutlaqo toqat qilmaydigan, saylovlarda hatto muqobil nomzodlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydigan joyga aylangan bir paytda sodir bo‘ldi.

Kremlning eng ashaddiy tanqidchisi o‘limi bularni o‘zgartiradimi? Bu nimanidir Navalniy istagan tomonga o‘zgartirishi mumkinmi?

Birinchi navbatda bu 15-17-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi kampaniyasidir. Davlatning siyosat va ommaviy axborot vositalari ustidan qattiq nazorati borligini hisobga olsak, Putin g‘alaba qozonishi aniq. Ammo tahlilchilarga ko‘ra, Kreml Putinga bas keladigan odam yo‘qligini isbotlash uchun ham u ishonchli g‘alaba qozonishini xohlaydi.

“Эримни Путин ўлдирди”- Юлия Навальная
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:00 0:00

Ukrainaga qarshi urushni tanqid qilgan yagona nomzod Boris Nadejdin uchun imzo yig‘ishga odamlar saf tortib kela boshlagach, uning nomzodi olib tashlandi, chunki Putin raqibi ovozlarning katta qismini yutishi ehtimolidan qo‘rquv bor edi.

2018-yildagi so‘nggi saylovlarda Putinga qarshi kurashishga ruxsat berilmagan Navalniy o‘tgan hafta rossiyaliklarni bo‘lajak saylovning so‘nggi kuni soat 12:00 da o‘z saylov uchastkalariga kelishga chaqiruvchi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Qamoqxona sharoitlarining zararli ta’siri va Navalniyni, o‘zining da’vosicha, o‘ldirishga qaratilgan ishlar – keng tarqalgan shubhalar manzarasida ba’zi tahlilchilar va Kreml tanqidchilari uning o‘limini Putinning yana olti yilga saylanish istagi bilan bog‘lashdi.

"Seshanba kuni men u ishtirok etgan ko‘plab sud majlislaridan birida uning ovozi yozilgan audioyozuvni eshitdim. Bu quvnoq, baquvvat, sog‘lom odamning ovozi edi", deydi siyosatshunos Yekaterina Shulman Deutsche Welle nashriga. "Bu uning qasdan o‘ldirilganligini anglatadi. Saylov kampaniyasiga xalaqit qilmasligi uchun uni o‘ldirishgan. Bu ko‘rinib turgan narsa va uni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi."

Mixail Xodorkovskiy esa rossiyaliklarni ovoz berishda Navalniyning ismini saylov byulletenlariga yozishga chaqirdi.

Saylov, Navalniyning taqdiri yuzasidan yoki urushga qarshi norozilik bildirib ko‘chaga chiqish ruslar uchun katta xavfdir.

“Bir tomondan odamlarning Putinga ovoz berish istagi kamayadi, boshqa tomondan [saylovga] qarshi faol harakat qilish yanada qo‘rqinchli bo‘ladi”, deb yozdi siyosatshunos Abbos Gallyamov Telegram’da.

“Optimistik nuqtai nazar shuki, Navalniyning o‘limi Nadejdinga yangi hayot berishi mumkin... va haqiqiy harakatni keltirib chiqarishi mumkin. Pessimistik nuqtai nazarga ko‘ra esa, yanada radikal va potentsial doimiy usullar qo‘llanishidan qo‘rqqani sababli Nadejdinning ovozi o‘chadi", dedi Samanta de Bendern, Britaniyaning "Chatam Haus" tahlil markazi tadqiqotchisi.

Aslida, Putin davrida o‘tkazilgan raqobatsiz saylovlarga qarshilik ramzi bo‘lgan odamning o‘limi saylovga norozilik xavfini oshirishi mumkin.

“Putinga muxoliflik qilishga toqat borligi belgisi sifatida bir paytlar Navalniy Rossiya uchun foydali bo‘lgan. Bu foydalilik o‘z nihoyasiga yetdi”, dedi britaniyalik tahlilchi Keyr Giles. “Rossiya o‘zining repressiv rejim emasligini ko‘rsatishga boshqa zarurat sezmayapti. Rossiya o‘zining tarixiy qulay zonasiga qaytdi – ichki va xorijdagi raqiblarini pushaymon bo‘lmasdan va xalqaro qoralashlardan tashvishlanmasdan o‘ldirish".

Navalniy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining ochiq tanqidchisi edi va uning o‘limi haqidagi xabarlar Kremlning o‘z maqsadlariga erishishiga hech qanday ta’sir o‘tkazmasa kerak. Ammo xorijdagi rezonans G‘arbning Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashida hal qiluvchi rol o‘ynashi, Rossiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazish chaqiriqlarini kuchaytirishi va Kongressda to‘sib qo‘yilgan AQSHning 60 milliard dollarlik yordam paketi tasdiqlanishiga turtki berishi mumkin.

Навальний сафдошлари унинг қамоқда ўлганини тасдиқлашди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:25 0:00

Kreml eksperti va Rossiyadagi "Karnegi" Yevroosiyo markazi tahlilchisi Tatyana Stanovayaning fikricha, Navalniyning o‘limi sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar, Putin va davlat uchun muammo tug‘diradi.

“Navalniy 2000-yildan beri Putin rejimiga qarshi eng muhim muqobil bo‘lib kelgan va Putinga qarshi qat’iy siyosiy pozitsiyani ifodalovchi tarixiy shaxsga aylangandi. Uning mislsiz tan olingani, elita orasidagi ahamiyati va ichki siyosatdagi ishtiroki uni boshqa muxoliflardan ajratib turardi, – deb yozdi Stanovaya Twitter’da. – Bu rejim uchun jiddiy siyosiy muammo tug‘diradi – ular Navalniy merosi bilan shug‘ullanishlari kerak."

Ammo Kreml bu muammoni qanday hal qilishga urinishini oldindan aytish qiyin emas, deya qo‘shimcha qildi u.

“Shubhasiz, yaqin orada biz aksil-Navalniy qatag‘onlar, ijtimoiy tarmoqlardagi g‘azabdan so‘ng bosqinlar, jinoyat ishlari va hibsga olishlarning muhim to‘lqiniga guvoh bo‘lamiz”, dedi u.

Ko‘plab kuzatuvchilar Navalniyning o‘limi qandaydir o‘zgarishlarga olib keladimi yoki yo‘q, bundan qat‘i nazar, bu qorong‘i davrning eng qorong‘i belgilaridan biri bo‘lishini aytmoqda.

"Navalniy "kelajakning go‘zal Rossiyasi" uchun kurashdi, ammo o‘tmish va hozirgi dahshatli Rossiya tomonidan tor-mor etildi. Bu Rossiyaning kelajagi faqat bir kishi – Putin uchun mavjud”, dedi Germaniyaning xalqaro aloqalar kengashi tadqiqotchisi Alyona Yepifanova. “Putin o‘ziga to‘sqinlik qiladigan har qanday odamni o‘ldirishga tayyor. Bugun u buni yana bir bor isbotladi”.

XS
SM
MD
LG