Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2024, Тошкент вақти: 19:47

Nijniy Novgorodda o‘zbek muhojiri to‘rt kishini o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda (VIDEO)


Shomaston T. to‘rt kishining qotilligida ayblanmoqda
Shomaston T. to‘rt kishining qotilligida ayblanmoqda

Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida 26 yashar o‘zbekistonlik muhojir 5 yashar bola, uning 41 yashar onasi, 63 yashar buvisi va 64 yashar bobosi qotilligida gumon qilinib hibsga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi uydagi barcha qimmatbaho buyumlarni olib qochgan.

Tergov boshqarmasi o‘zbekistonlik shaxs bilan birga hibsga olingan ikki nafar Armaniston fuqarosining bu jinoyatga qanday aloqasi borligi to‘g‘risida ma’lumot berganicha yo‘q.

Joriy yilning 28 -fevral kuni kechki payt Nijniy Novgorod viloyati Priokskiy tumani Kudma qo‘rg‘onidagi uylardan birida 4 kishining jasadi topildi.

Rossiya Tergov Qo‘mitasining Nijniy Novgorod viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakili Ozodlik so‘roviga qotillikda gumonlanib shu qo‘rg‘onda turli yumushlarni bajarib yurgan 26 yashar mehnat muhojiri qo‘lga olinganini bildirdi.

- Tergov taxminlariga ko‘ra, 2021 - yilning 28 - fevral kuni Kudma qo‘rg‘onidagi xususiy uylardan birida yordamchi ishchi bo‘lib xizmat qilib kelgan ayblanuvchi uyning garajida 64 yashar nafaqaxo‘rga, keyin uyda uning 63 yashar xotiniga hujum qilib, pichoqlab o‘ldiradi. Keyin u 41 yoshli ularning kelini va uning 5 yashar o‘g‘lini ham chavaqlaydi. Katta miqdorda pul mablag‘lari va qimmatbaho buyumlarni olib, ayblanuvchi jinoyat joyidan g‘oyib bo‘ladi, - dedi Nijniy Novgorod viloyati Tergov boshqarmasi rasmiysi Yuliya Sklyarova.

Tergovchilarga ko‘ra, o‘sha kuni Korolevlar oilasining yana bir a’zosi - 14 yashar o‘quvchi qiz sport mashg‘ulotlarida bo‘lgan va baxtli tasodif tufayli omon qolgan. Uyiga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmagan bu qiz boshqa viloyatda bo‘lgan otasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ota-onasi telefonni ko‘tarmayotganini aniqlagan erkak qo‘shnisidan uyiga kirib chiqishni so‘ragan.

Jasadlarni aniqlagan qo‘shni hodisa joyiga politsiya chaqirgan.

- Tergov qo‘mitasi tergovchilari va Rossiya Ichki ishlar operativ xodimlarining hamkorlikdagi amaliyoti natijasida qo‘shni Vladimir viloyatida bu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan 26 yashar shaxs hibs etildi. 1 - mart kuni u Nijniy Novgorodga Tergov qo‘mitasida so‘roq qilish uchun olib kelindi, - dedi Yuliya Sklyarova.

O‘zbek muhojiri Nijniy Novgorodga so‘roq qilish uchun olib kelingan
O‘zbek muhojiri Nijniy Novgorodga so‘roq qilish uchun olib kelingan

Ozodlik olgan tergov ma’lumotlariga binoan, qotillikda ayblanayotgan shaxs 1995 - yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik Shomaston T. U haqiqatan Korolevlar oilasi xo‘jaligida turli yumushlarni bajarib kelgan.

Aniqlanishicha, o‘ldirilgan oila boshlig‘i Gorkovskiy temir yo‘llar bo‘linmalaridan birining boshlig‘i bo‘lgan, u o‘zbekistonlik yigitni 3 yil muqaddam ishga yollagan va oyiga 30 ming rubl haq to‘lab kelgan.

O‘ldirilgan ayolning eri - “Alfa” jangovar guruhi sobiq jangchisi, hozirda fermerlik bilan shug‘ullanayotgan iste’fodagi polkovnik ekani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik Shomastonni Kudmada Shurik deb chaqirishgani, u boshqa xo‘jaliklarda ham turli yumushlarni qilib, kun kechirib yurganini aniqladi. Shurik Kudmada qor kurash, yer kovlash, ekin-tikin va boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan.

U bilan birga qo‘rg‘onda birmuncha vaqt oldin uning akasi ham ishlab kelgani ma’lum. Muhojir o‘ldirilgan 5 yashar bolani ham yaxshi tanigani, u bilan qor o‘ynagani tergovga ma’lum.

O‘ldirilganlar orasida 5 yashar bola ham bor.
O‘ldirilganlar orasida 5 yashar bola ham bor.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek muhojiri taksi chaqirtirgan va haydovchiga 45 ming rublga Sankt-Peterburgga eltib qo‘yishni so‘ragan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlar asosida politsiya ayblanuvchini aniqlagan va Vladimir viloyatidagi trassada u ketayotgan taksini to‘xtatgan.

Tergov boshqarmasi o‘zbekistonlik shaxs bilan birga hibsga olingan yana ikki nafar Armaniston fuqarosining bu jinoyatga qanday aloqasi borligi to‘g‘risida ma’lumot berganicha yo‘q.

Matbuotga sizdirilgan ayrim taxminlarga ko‘ra, o‘zbek migranti armanistonliklarga shunchaki eshikni ochib bergan va ularning buyruqlarini bajargan.

Shuningdek, Tergov qo‘mitasi ayrim Rossiya ommaviy axborot vositalarida bolaning 41 yashar onasini o‘ldirilishidan oldin zo‘rlagani to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqlagani yo‘q.

Nijniy Novgorod Tergov boshqarmasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105 - moddasi 2 qismi “a,v” bandlari (ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish, voyaga etmagan bolani qasddan o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

2021 - yilning yanvar oyida Moskvada o‘zbekistonlik 31 yashar Gulchehra ismli enaga 82 yoshga kirgan keksa ayolni pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

Rossiya ichki ishlar vazirligi 2020 - yilning birinchi o‘n oyi davomida xorijiy davlat fuqarolari tomonidan 25 mingta turli og‘irlikdagi jinoyatlar va 466 mingta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilganini e’lon qildi.

Rossiya hukumati bu ko‘rsatkichlar pandemiya cheklovlari davrida o‘tgan yillarga nisbatan o‘sishni boshlaganidan xavotir bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG