Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:32

O‘qituvchilar: O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha so‘rovnoma yangi ko‘zbo‘yamachilikka sabab bo‘lmoqda


O‘zbekiston umumta’lim maktablarida ommaviy ravishda to‘ldirilayotgan so‘rovnomalar o‘quv yili oxirida bitiruvchilarga ajratiladigan kredit miqdorini belgilashga asos bo‘ladi
O‘zbekiston umumta’lim maktablarida ommaviy ravishda to‘ldirilayotgan so‘rovnomalar o‘quv yili oxirida bitiruvchilarga ajratiladigan kredit miqdorini belgilashga asos bo‘ladi

Ozodlikka turli viloyatlardan murojaat qilgan maorif xodimlari mamlakatda o‘qituvchilar zimmasiga yuklangan “befoyda rasmiyatchilik”ning yana bittaga ko‘payganini bildirdi.

Ayni kunlarda mamlakat bo‘ylab har bir sinf rahbariga 7-11 sinf o‘quvchilari va ular ota-onalaridan bolaning qaysi kasbga qiziqishi bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldirish yuklatilgan.

Ozodlik gaplashgan ayrim maktab direktorlariga ko‘ra¸ Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari viloyatdagi 700 dan oshiq maktab rahbaridan bu so‘rovnomalarning bir kun ichida to‘ldirilib¸ topshirilishini talab qilgan.

COVID-19 pandemiyasi bois o‘rnatilgan cheklovlarga qaramay¸ o‘qituvchilarning uyma-uy yurib bunday so‘rovnomani shunchaki ma’muriyatchilik uchun to‘ldirishi¸ ayrim maorif mutasaddilari fikricha¸ na ta’lim sifati oshishi¸ na o‘quvchining kelajagiga xizmat qiladi.

Ozodlik bog‘langan ayrim XTB mulozimlari¸ bu jarayonning prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasida o‘tkazilayotgan yangi tajriba ekanini ta’kidladi.

Andijoncha tashabbus...

18 - yanvar kuni Ozodlik bilan bog‘langan o‘qituvchilarning bildirishicha¸ ayni kunlarda respublika bo‘ylab 2021/2022 - o‘quv yilidan joriy etilgan «Kasbga yo‘naltirish tizimi» ijrosi boshlanganini bildirdi.

Bu jarayon¸ xususan¸Andijon viloyatida yakunlovchi bosqichga kirgan.

Viloyatdagi bir necha tuman xalq ta’limi mutasaddilarining shaxsi sir qolishini so‘rab Ozodlikka bildirishicha¸ bevosita viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov topshirig‘i bilan so‘rovnomalarni 18 - yanvar kuni tungi 23 gacha to‘ldirib topshirish buyurilgan.

Chorshanba kuni prezident o‘tkazadigan selektorda «Kasbga yo‘naltirish tizimi» bo‘yicha “Andijon texnologiyasi”ni namuna qilib ko‘rsatishmoqchi. Shunga 18 -yanvar kun davomida viloyatdagi 746 ta maktab direktoriga tungi 11 ga qadar so‘rovnomani to‘ldirib¸ XTBga topshirish buyurildi. Bugun har bir sinf rahbari sinfidagi har bitta bolaning uyiga borib¸ so‘rovnomani imzolatib¸ uni ikki nusxada pechatdan chiqarib¸ alohida pereplyot qilib¸ bittasini maktab direktoriga¸ ikkinchisini XTBga tayyorladi. Maktab direktorlari bu papkalarni to‘plab¸ XTBga topshirish uchun hozir navbatda turibdi. Soat 23 gacha topshirmagan direktorga¸ Telegram orqali XTB rahbarlaridan “ishdan bo‘shaysan” degan bosim bo‘lyapti”¸ - deydi 18 - yanvar kuni mahalliy vaqt bilan kechki 9 lar atrofida tuman XTBsida turganini aytgan direktorlardan biri.

So‘rovnoma

Nushasi Ozodlikka yuborilgan so‘rovnoma matnidan unga 7-11 - sinf o‘quvchilari¸ ular ota-onalari va sinf rahbari qo‘l qo‘yishi shartligi ko‘riladi. So‘rovnomada o‘quvchilardan “hunar o‘rganish imkoni bo‘lganda¸ qaysi hunarni tanlagan bo‘lardingiz” deb so‘ralgan va tanlash uchun 11 ta kasb taklif etilgan.

So‘rovnomani ko‘rsangiz¸ maqsad yomonmasga o‘xshaydi. Lekin uning ijrosi¸ har doimgidek¸ bolalar uchun uzoq muddatda foyda keltirmaydigan¸ ko‘zbo‘yamachilik va soxtakorlikka aylandi. Agar bu jarayon bola va ota-onalar bilan maxsus shug‘ullanib¸ ularga yo‘l ko‘rsatish¸ bolaning iqtidorini rivojlantirishga qaratilganda edi¸ e’tiroz bo‘lmasdi. Lekin Andijonda 70-80 foiz umumta’lim maktablari o‘qituvchilari bola yoki uning ota-onasi bilan gaplasha olmadi. So‘rovnomadagi bitta hunarni nomiga belgilab¸ rasmiyatchilik uchun to‘ldirib topshirdi. Nimaga¸ chunki Andijon hokimi prezidentga o‘zini tashabbuskor qilib ko‘rsatmoqchi. Bunaqa tashabbuskorlikning ta’limga foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq"¸ - deydi andijonlik ta’lim mulozimi.

Soxtakorlikning yangi zanjiri

Ozodlik gaplashgan o‘qituvchilarga ko‘ra¸ ayni kunlarda O‘zbekistondagi maktablarning barchasida to‘ldirilayotgan bu so‘rovnomalar yil oxiriga borib tadbirkorlar va banklarga nisbatan yangi bosimga asos bo‘ladi.

Bitiruvchilar tanlagan hunar ertaga ularga kredit ajratishga asos bo‘ladi. Hokim banklarga falon pul kredit berasan¸ faloncha bitiruvchi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlaydi¸ deb bosim qiladi. Bu tajriba 2020 - yil yozida boshlandi va hozirga kelib katta muammoga aylandi. Kredit olmayman¸ deganiga qaramay, bitiruvchilar otiga 30 milliongacha kredit rasmiylashtirishgan¸ lekin uni boshqa odam olgan. Bu bilan bola tadbirkor ham¸ hunarmand ham bo‘lib qolgani yo‘q. Bu prezidentga o‘zini ko‘rsataman deganlarning bola va ota-onalarni aldash bilan tugayotgan yana bir soxtakorligi”¸ - deydi Ozodlikka gapirgan ta’lim mutasaddilaridan yana biri.

Ozodlik gaplashgan ayrim sinf rahbarlari¸ kasbga yo‘naltirish tizimini Karimov davridan beri amalda bo‘lgan birituvchilarni ishga joylashning o‘zgartirilgan formasi, deb baholadi.

Bu tashabbus xalq ta’limidan chiqqan emas¸ hokimliklarning ishi bu. Falonta yoshni faloncha joyga ishga joyladik¸ falonchasini tadbirkor¸ hunarmand qildik, deyish uchun. Aslida bu so‘rovnoma xalq ta’limi tizimidagi yangi inqirozga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki¸ so‘rovnomada aksar bola aniq fanlar¸ deylik, biologiya¸ ximiya¸ matematikaga qiziqaman¸ deb yozmasa¸ bu yo‘nalishdagi dars soatlari qisqarishi mumkin. Mehnat¸ jismoniy tarbiya umuman olib tashlanishi mumkin. Qaysi fanni o‘qiysan¸ qaysi fanni o‘qimaysan¸ deb bola yoki ota-onadan so‘ralmaydi. Bu davlat tomonidan qat’iy belgilanishi zarur strategik qarorlardan biri hisoblanadi”¸ - deydi ta’lim sohasi mutasaddilaridan yana biri.

Ta’lim tizimidagi yangi tajriba

O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va pedogogik-psixologik respublika tashxis markazi bo‘lim boshlig‘i Hayot Foziljonov 2020 - yilning 26 - noyabr kuni rasmiy matbuotga O‘zbekiston maktablarida boshlangan yangi tajriba haqida ma’lumot bergan edi.

Foziljonov¸ 2021/2022 - o‘quv yilidan boshlab umumta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘z iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib o‘rnini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun «Kasbga yo‘naltirish tizimi» joriy etilganini bildirgan edi.

Mulozim yangi tizim 7-sinfdan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida interaktiv so‘rovnomalar o‘tkazilib, kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishi aniqlanadi va ularning ma’lumotlar bazasi yaratilishi¸pirovardida o‘quvchilarning ongli ravishda to‘g‘ri kasb tanlashiga yordam berishini ta’kidlagan.

Bunday tizim joriy etilishiga esa¸ prezident Mirziyoyevning 2020 - yil 6 - noyabr kungi farmoni asos bo‘lgan.

"O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" deb nomlangan bu farmon¸ maktab bitiruvchilarining zamonaviy kasb egalari bo‘lishi uchun ularda zarur ko‘nikma va bilimlarni shakllantirishni ta’lim tizimining ustuvor vazifasi qilib belgilagan edi.

Xususan¸ farmonga ko‘ra¸ 2021/2022 - o‘quv yilidan boshlab umumta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘z iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib o‘rnini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun «Kasbga yo‘naltirish tizimi» joriy etildi.

XS
SM
MD
LG