Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:38

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi 100% hal bo‘lmagan. So‘xda janjalga sabab bo‘lgan Chashma bulog‘i hanuz bahsli


So‘x tumani (Farg‘ona viloyati hokimligi saytidan olingan surat).
So‘x tumani (Farg‘ona viloyati hokimligi saytidan olingan surat).

Qirg‘izistonning Botken viloyati bilan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati chegarasidagi Chechme (Chashma) bulog‘i bo‘yicha ikki mamlakat bir qarorga kelgani yo‘q.

Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 30 - mart kuni O‘sh viloyat, O‘zgan tuman aholisi bilan uchrashuvda bildirdi.

Tashiyev 26 - martda Bishkekda o‘tkazgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida bahsli hudud qolmagani, bu masalani tomonlar 100% hal qilgani to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi bu bayonotni o‘zi yetakchilik qilgan hukumat delegatsiyasining O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat komissiyasi bilan 24-25 - mart kunlari Toshkentda o‘tgan so‘zlashuvlar ortidan qilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili 26 - martda qirg‘iz rasmiysi bayonotlari yuzasidan mahalliy OAV savoliga javoban kelishuv hozircha «ishchi guruh kelishuvlari» ekanini, yakuniy kelishuvlar ikki davlat bosh vazirlari tomonidan tasdiqlangach e’lon qilinajagini bildirgan.

Biroq O‘zbekiston tomoni chegara bo‘yicha so‘zlashuvlar natijalari to‘g‘risida shu kungacha rasmiy bayonot e’lon qilgani yo‘q.

Viloyat rahbarlari darajasidagi bayonotlar

Bishkek rasmiysi mazmunini ochiqlayotgan kelishuv yuzasidan Toshkent rasmiy bayonot e’lon qilmagan bo‘lsada, O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh viloyatlari rahbarlari o‘zlarining qirg‘izistonlik hamkasblari bilan uchrashib, shu paytgacha yopiq turgan chegara o‘tkazish maskanlarini ochish uchun zarur ishlar boshlab yuborilganini ma’lum qildi.

30 - martda mahalliy matbuotning xabar qilishicha, Namangan viloyatiga Qirg‘iziston hukumatining Jalolobod viloyatidagi muxtor vakili (hokim) Absatar Sirg‘abayev boshchiligidagi delegatsiya kelgan.

Uchrashuvda Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov: ”Ikki taraflama aloqalarni yaxshilash maqsadida Uchqo‘rg‘on—Kensay hamda Nanay—Kerben chegara bojxona postlarini qayta tiklash hamda Kosonsoy—Baymoq o‘tish punkti orqali transport harakatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur ishlar boshlab yuborilgan”,- degan. Biroq xabarda bu ishlar qachon yakuniga yetishi ochiqlanmagan.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasidagi qismini kesib o‘tuvchi 19 kilometrli So‘x-Rishton yo‘li esa, 1 - apreldan ochilishini 28 - martda Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tasdiqladi.

Farg‘ona hokimi Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumat delegatsiyalarining 24-25 - mart kunlari Toshkentda o‘tgan uchrashuvida mana shunday qaror qabul qilinganini aytgan.

  • 26 - martda Qirg‘iziston MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan So‘x eksklaviga borish uchun Qaytpas, Etikchi chegara postlari ochilishi haqida bildirgan edi.
  • Tashiyevga ko‘ra, postdan og‘ir yuk tashuvchi avtomashinalarning o‘tishiga ruxsat berilmaydi. 20 tagacha o‘rinli kichik avtobuslar, yengil mashinalargina o‘ta oladi.
  • “Tomonlar kelishib oldi. 2021 - yilning 1 - aprelidan boshlab Rishton - Qaytpas va Etikchi - Tul chegara maskanlari ochiladi”, degan edi Tashiev.

Chashma masalasi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 30 - mart kuni O‘sh viloyat, O‘zgan tuman aholisi bilan uchrashuvda Botken viloyati bilan Farg‘ona viloyati chegarasidagi (O‘zbekistonning So‘x eksklavi chetidagi) Chechme (Chashma) bulog‘i bo‘yicha ikki mamlakat bir qarorga kela olmaganini bildirdi. Uning so‘nggi bayonoti 26- martda chegara masalasi 100% hal bo‘ldi degan bayonotiga nisbatan shubha paydo qildi.

Qirg‘iz Respublikasi MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev jurnalistlar savollariga javob beryapti. Bishkek, 2021, 26 -mart.
Qirg‘iz Respublikasi MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev jurnalistlar savollariga javob beryapti. Bishkek, 2021, 26 -mart.

“Bugun borib, ko‘rib keldim. Chechme bulog‘i ikki so‘tix yer ekan. Biroq ota-bobolarimizdan qolgan, uning yuqorisida ularning qabrlari bor ekan. Ochig‘i, biz kelisha olganimiz yo‘q. Ikki so‘tix yer, atrofini qo‘shganda bir gektarcha bo‘lishi kerak. Boshqa yoqlarni bitirib qo‘ya beraylik. Xudo xohlasa u masala ham hal bo‘ladi”, dedi Tashiyev.

  • 2020 - yil, 31 - may kuni Farg‘ona viloyat So‘x tumanining Botken viloyat, Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘ida suv ustida janjal chiqqan edi.
  • Buning ortidan yuz bergan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, So‘x tuman shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.
  • Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.
  • “O‘zbekiston bilan bahsli bo‘lib turgan 13 ming gektar yer Qirg‘izistonga o‘tdi"

Qirg‘iziston MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev 30 - mart kuni O‘sh viloyatining O‘zgan tumani aholisi bilan uchrashuvda “O‘zbekiston bilan bahsli bo‘lib turgan 13 ming gektar yer Qirg‘izistonga o‘tdi”, deb aytdi.

“O‘rtato‘qay (Kosonsoy-tahr.) suv omborining 800 gektari Qirg‘iziston hududida joylashgan. Lekin suvning 95 foizini O‘zbekiston, 5 foizini Qirg‘iziston ishlatadi. Shuning uchun biz O‘zbekiston mana shu 800 gektar yerni kompensatsiya qilib, boshqa hududdan yer bersin degan talabni qo‘ydik. Bungacha O‘zbekiston bizga 200 gektar yerni bergan ekan. Biz yerning qolgan qismini ham kompensatsiya qilinglar dedik. Biroq O‘zbekiston u holda Ko‘k Sergak, Bayastan va Unkur Too qishloqlarini ko‘chirib ketishimiz shartligini bildirdi. Bu qishloqlar xarita bo‘yicha O‘zbekiston hududida joylashgan. Shuning uchun suv ombori evaziga beriladigan yer o‘rniga mana shu qishloqlarni Qirg‘iziston hududiga qo‘shib oldik”,-dedi Tashiyev.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston bilan bahsli bo‘lgan hududning 100 gektari Qorasuv tumaniga, 1000 gektari esa O‘zgan va Suzoq tumaniga qo‘shiladi.

Qirg‘iz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev 26 - mart kungi matbuot anjumanida quyidagi ma’lumotlarni ochiqlagan edi:

"O‘rtato‘qay (Kosonsoy) suv ombori qirg‘iz tarafda qoldi. Ombordagi suvning 95%dan o‘zbek tomoni foydalanadi. Biz tarafga Ko‘kserek (Qoraqo‘rg‘on) qishlog‘i va 105 gektar yer biz tarafga yozildi. Olabuqadagi Bayastan uchastkasidagi 212 gektar, Qorasuvga qarashli Oqtoshda 100 gektar, Unkurtog‘dan 35 gektar, Unkurtog‘ to‘lig‘icha bizga yozildi. Qorabeles uchastkasidan 25 gektar yerni qaytarib oldik. O‘rtato‘qay suv omborining hisobidan bizga o‘tdi".

Shuningdek, QR MXDQ raisining aytishicha, Jalolobod va Namangan viloyatlari chegarasidagi G‘ovasoy uchastkasidagi 8 ming gektar yer Qirg‘izistonga o‘tgan. “Qirg‘iz qishloqlarining yaylovi bor yerlari bizga o‘tadigan bo‘ldi”, degan Tashiyev.

Ayni paytda Qamchibek Tashiyevning aytishicha, Shahrixonsoy to‘g‘oni atrofidagi 50 gektar yer O‘zbekistonga o‘tgan, biroq bu yer evaziga O‘zbekiston O‘zganga yaqin yerdan 50 gektar beradigan bo‘lgan.

QR MXDQ raisi Kampirrovot suv ombori masalasi qanday hal bo‘lgani to‘g‘risida bunday dedi:

"Kampirrovot suv ombori taqriban 5737 gektar. Shundan 1300 gektari Qirg‘izistonga o‘tdi. Suvdan qirg‘izistonliklar to‘liq foydalana oladi, ular suv chetiga to‘siq qo‘ymaydi".

O‘zbekiston bilan shu paytgacha talash bo‘lib kelgan yerlar bo‘yicha erishilgan kelishuv to‘g‘risida Tashievning aytganlarini mana bu yerda ko‘rishingiz mumkin.

Bu Qamchibek Tashiyevning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi hukumatlari delegatsiyalarining O‘zbekiston – Qirg‘iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha 24-25 - mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishi bayonnomasi mazmunidir. Endilikda bayonnoma tegishli idoralar tasdig‘idan o‘tishi, ikki davlat rahbari imzolashi va parlamentlari ratifikatsiyalashi kerak.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 11-12 - mart kunlari Toshkentga qilgan tashrifi davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan chegaralarni aniqlash ishlarini to‘lig‘icha uch oy ichida yakunlash masalasida kelishilganini Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida bildirgan, O‘zbekiston bilan chegara masalasida o‘ta muammoli hududlar qolmaganini aytgan edi.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida 2017 - yili erishilgan kelishuv asosida ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning 1170 kilometri (85%), o‘tgan vaqt mobaynida yana 10 % ga yaqini aniqlangani aytilgan.

XS
SM
MD
LG