Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:37

O‘zbekiston bilan chegaradagi bahsli yerlarning qariyb 99 foizi Qirg‘izistonga o‘tdi - Japarov


Kampirobod suv ombori.
Kampirobod suv ombori.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov so‘nggi kunlarda “O‘zbekistonga berib yuborilgan” qabilidagi mish -mishlar ortidan qirg‘iz jamiyatida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan Kampirobod suv ombori ikki davlat tomonidan 50/50 ulushda boshqarilishi haqida bildirdi.

Ayni paytda qirg‘iz muxolifati lideri Adaxan Madumarov Kampirobod suv ombori to‘liq O‘zbekistonga o‘tgani va bu bilan 4000 gektar yer ham Toshkent tasarrufiga berilganini iddao qildi.

Mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan chegara muzokaralaridan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev suv ombori to‘g‘oni to‘liq O‘zbekiston tomoni nazoratida qolishini, biroq tomonlar suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishini aytgan edi. Bu bayonotlar ortidan hokimiyat qaroriga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

O‘zbek tomoni Qirg‘iziston bilan Kampirobod suv ombori va boshqa bahsli hududlar yuzasidan erishilgan kelishuv tafsilotlarini ochiqlamayapti.

Prezident Sadir Japarov Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasidagi Kampirobod suv ombori va uning atrofidagi vaziyatga munosabat bildirdi:

"Yaqin orada shartnoma imzolanib, parlamentdan o‘tib, shartnoma buzilmaydigan bo‘lib tasdiqlangach qaysi yerlar bizga o‘tgani ma’lum bo‘ladi. Chidab kutib turinglar. Asosan bahsli yerlarning deyarli 99 foiz bizga o‘tdi. Kampirobodni bunga qadar to‘liq O‘zbekiston nazorat qilgan bo‘lsa, bundan buyon 50/50 ulushdagi qo‘shma korxona tuzib, to‘g‘onni birga boshqaramiz degan qarorga keldik. Suvning sathini 908 gorizontdan 900 gorizontga tushirdik. Mana shunda suv ombori hududidagi 1246 gektar yer suvdan bo‘shab, bizga o‘tyapti. Bu yerdan mahalliy aholi umrbod qishloq xo‘jalik yo‘nalishida foydalanadi".

Prezident o‘z postida Kampirobod suv ombori masalasida aholi bilan uchrashib, yetti soat davomida ularning savollariga javob berganini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u O‘zbekistonga "Qirg‘izistonning bir santimetr yeri berilmagani"ni, qolgan bahsli hududlar bo‘yicha ma’lumot keyinroq aytilishini va buni qirg‘izistonliklar xursandchilik bilan qabul qilishini qo‘shimcha qilgan.

Sadir Japarov Kampirobod masalasidan o‘z siyosiy maqsadlarida foydalanib, “xalqni qo‘zg‘amoqchi bo‘lganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi”dan ogohlantirdi.

Sentabr oyi oxirida O‘sh viloyatining O‘zgan tumanida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan, unda mahalliy aholi Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga o‘tkazilishidan xavotir bildirgan va prezidentdan O‘zbekiston bilan Kampirobod masalasida imzolangan so‘nggi protokol bo‘yicha tushuntirish berishni talab qilgan edi.

Shundan so‘ng 4-oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Kampirobod suv ombori masalasi yuzasidan O‘sh viloyatining O‘zgan tumani aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda mamlakat parlamentining fraksiya yetakchilari, ayrim deputatlar va milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ham ishtirok etdi. Tuman hokimiyati binosi oldiga kelgan yuzlab odamlar prezidentning aholi bilan uchrashuvi tashqarida o‘tishini, Kampirobod masalasida to‘liq va ochiq ma’lumot berishini talab qildi.

Uchrashuvga kelgan aholi hokimiyat zaliga sig‘magani sababli uchrashuvga avval bir guruh, keyin ikkinchi guruh kirdi. Uchrashuvga kelganlarning qo‘llarida “Protokollar bekor qilinsin!”, “Kampirobod ota meros!”, “Kampiroboddan qo‘lingni tort hukumat!” degan plakatlar bor edi.

Uchrashuvda ishtirok etgan fuqarolik jamiyati faoli Jumalidin So‘puyev Kampirobod to‘g‘onini siyosiy masalaga aylantirmaslik zarur deb hisoblaydi:

“Qamchibek Tashiyev bir yil avval xalq bilan uchrashganida “xalq rozi bo‘lmasa O‘zbekistonga bir metr yer ham berilmaydi” degan edi. Xalqimizning birgina talabi bor. Masalaga siyosiy tus berishning keragi yo‘q. Kampirobod masalasini ko‘tarishmasin. Bu bahsli yer emas. Nima uchun Sadir Japarov davriga kelib, Kampirobod muammoga aylanyapti? Kampirobod to‘g‘onining 60% O‘zbekistonda, 40% Qirg‘izistonda turibdi. Shundayligicha turaversin. O‘zbekiston suvimizdan foydalanyaptimi, foydalanaversin. Hukumat tepasiga qachonki savodlilar kelganida bu masalani hal qilib olishadi. Unga qadar shu ahvolda turaversin. Xalqning talabi shu”, deya So‘puyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Ozodlik qirg‘iz xizmati.

Xabarda aytilishicha, parlamentdagi "Butun Qirg‘iziston" fraksiyasi yetakchisi, muxolifatchi Adaxan Madumarov uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida prezident savollarga ochiq javob bermaganini iddao qilgan.

"Kampirobod (O‘zbekistonga o‘tib) ketdi. Shunday qilib 4000 gektardan oshiqroq yerni berib yuborishdi. “Bu yerlarning kompensatsiyasini (O‘zbekistondan) 1965 -yilda olganmiz deyishdi”. Uchrashuvda savollarga ochiq, shaffof javoblar berilmadi”, deb aytgan qirg‘iz muxolifatchisi.

Mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev suv ombori to‘g‘oni to‘liq O‘zbekiston tomoni nazoratida qolishini, biroq tomonlar suv resurslaridan birgalikda foydalanishini aytgan edi. Bu bayonotlar ortidan hokimiyat qaroriga qarshi bir qator norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston bilan aloqalar iliqlasha boshlagan 2017-yilgacha Kampirobod suv ombori boshqa suv xavzalari kabi ikki davlat o‘rtasidagi asosiy bahs nuqtalaridan biri bo‘lib kelgan edi.

Toshkent, ayniqsa, Kosonsoy va Kampirobod suv omborlari O‘zbekistonga tegishli ekani, bu obyektlar to‘lig‘icha Toshkent ixtiyoriga o‘tkazilishi shartligini talab qilib kelgan.

“Kosonsoy” va “Kampirobod” suv omborlari Farg‘ona vodiysidagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlovchi asosiy zahira hisoblanadi.

2016-yilning martida Qirg‘iziston hukumati O‘rtato‘qay (O‘zbekistonda Kosonsoy, deb ataladi) va Karkidon suv omborlari, Katta Namangan, Chust, Norin, So‘x-Shoximardon, Lagan, Savay kanallarini O‘zbekiston ixtiyoridan Qirg‘izistonga qaytarish bo‘yicha ishlar boshlanganini bildirgan edi.

Ammo Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Qirg‘iziston bilan munosabatlarda iliqlik paydo bo‘lgach mazkur jarayon to‘xtatib qo‘yilgan va chegaralarni aniqlash ishlari tezlashgan.

O‘zbek tomoni chegara muzokalarining natijalari va Kampirobod (Andijon) suv ombori bo‘yicha erishilgan kelishuv tafsilotlari borasida hozircha biron rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining uzunligi 1378 kilometr bo‘lib, uning 1170 kilometri, ya’ni 85 foizi 2017-yilda, yana 13 foizi 2021-yilning fevralida aniqlanib bo‘lingani ma’lum qilingan. Ayni paytda bahsli bo‘lib qolayotgan 2 foiz hudud masalasida muzokaralar o‘tkazilmoqda.

XS
SM
MD
LG