Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:50

O‘zbekiston: Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegara ochiq, nazorat kuchaytirilgan


Tojik-qirg‘iz chegarasidagi to‘qnashuvlar sabab ikkala davlat o‘z chegaralarida nazoratni kuchaytirdi.
Tojik-qirg‘iz chegarasidagi to‘qnashuvlar sabab ikkala davlat o‘z chegaralarida nazoratni kuchaytirdi.

Qirg‘iz-tojik chegarasining Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidan taxminan 40 kilometr uzoqlikdagi bahsli hududida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar ortidan O‘zbekiston o‘z chegaralarida nazoratni kuchaytirdi.

Guvohlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralariga qo‘shimcha harbiylar jo‘natilgan.

Ayni paytda o‘zbek-qirg‘iz va o‘zbek-tojik chegaralari ochiq bo‘lib, pandemiya sabab u yerdan cheklangan ko‘rinishda o‘tish tartibi amal qilmoqda.

30 - aprelda Mirziyoyev Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari bilan telefon muloqotida qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatdan tashvish izhor qilib, tomonlarni to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

28 - aprel kuni tojik-qirg‘iz chegarasida boshlangan qurolli to‘qnashuvlarda Qirg‘izistondan 13 kishi halok bo‘ldi, 134 kishi jarohatlandi, Tojikistondan esa halok bo‘lganlar soni kamida 8 kishi, jarohatlanganlar 90 kishi ekani aytildi.

Tomonlarning o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuviga qaramasdan 30 - aprel kuni vaziyat tarangligicha qoldi.

O‘zbek-tojik chegarasi

Suv mojarosi sabab boshlanib ketgan qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan Tojikistonning Isfana tumani Somoniyon qishlog‘i, Chorko‘h jamoati o‘zbek-tojik chegarasidagi Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidan taxminan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Tojik-qirg‘iz to‘qnashuvlarida o‘nlab uyga o‘t qo‘yildi.
Tojik-qirg‘iz to‘qnashuvlarida o‘nlab uyga o‘t qo‘yildi.

Ozodlik suhbatlashgan beshariqliklar qirg‘iz-tojik chegarasidagi ziddiyatni internet orqali kuzatib borayotganini aytishdi.

“Uch kundan beri tojik qo‘shnilarimiz bilan qirg‘izlar o‘rtasidagi voqealarni ko‘ryapmiz. To‘g‘ri, bizlar Tojikiston bilan chegarada yashaymiz. Biroq beshariqliklar orasida hech qanday panika yo‘q. Hayot oldingiday davom etyapti”, -dedi anonim qolishni istagan beshariqlik.

Boshqa bir suhbatdoshimiz oxirgi chegara hodisasidan so‘ng davlat idoralari tomonidan qo‘shimcha biror chora ko‘rilmaganini aytdi:

“Mahallakom yoki hokimiyatdagilar ham jim. Odatda vaziyat jiddiy bo‘lsa, aholi orasida targ‘ibot ishlarini olib borib, odamlarni panikaga tushmaslik va provokatorlarga berilmaslikdan ogohlantirishi kerak. Demak, ular sukunati vaziyat nazoratda ekani va O‘zbekiston uchun unaqa jiddiy xavf yo‘qligini bildiradi”.

Beshariq tumanidan Tojikistonga o‘tadigan Andarxon va Ravot chegara postlari pandemiyadan avval yopilganicha hanuz ochilgani yo‘q.

Ayni paytda ikkala chegara postida ham qirg‘iz-tojik chegarasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng nazorat kuchaytirilgan va chegaraga qo‘shimcha kuch yuborilgan. Buni Ozodlik suhbatlashgan chegarachilardan biri tasdiqladi.

Chegarachilardan olingan ma’lumotga ko‘ra, 30 - aprel kuni o‘zbek- tojik chegarasidagi 17ta chegara postidan to‘rttasi -“Sariosiyo”, “Oybek”, “Plotina” va “Jartepa” chegara o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsatgan.

13ta chegara posti pandemiya bois bir yil avval yopilganicha, hanuz ochilmagan. Amaldagi tartibga ko‘ra, ochiq chegara postlaridan ham cheklangan tartibda (asos ko‘rsatgan holda) o‘tish mumkin.

Қирғиз-тожик чегарасидаги зиддият: Икки томон ўт очишни тўхтатишга келишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:04 0:00

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi

11 oy avval suv mojarosi ro‘y bergan Farg‘ona viloyati, So‘x tumani, Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston bilan chegara postlarida ham nazorat kuchaytirilgan.

Rishtonliklardan biri 29 - aprel kuni harbiylarni olib borayotgan mashinalar karvoniga guvoh bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, o‘zbek-qirg‘iz chegarasi tomon ketayotgan mashinalar soni o‘ndan ziyod bo‘lib, ular orasida harbiy texnikalar ham bo‘lgan.

“Bizda vaziyat tinch, hech qanday g‘ayrioddiy holat kuzatilmayapti”, -dedi so‘xliklardan biri.

Qirg‘iziston Chegara xizmati mas’ulining 30 - aprel kuni Ozodlik muxbiriga aytishicha, qirg‘iz-o‘zbek chegarasida biror o‘zgarish kuzatilmagan.

Mas’ulga ko‘ra, chegara postlaridan pandemiya bois joriy qilingan tartiblar asosida ikki tomonga o‘tib-qaytish mumkin.

Mirziyoyev qo‘shni prezidentlar bilan gaplashdi

30 - aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari bilan telefon muloqotida qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi.

Japarov va Mirziyoyev Toshkentdagi uchrashuvi payti.
Japarov va Mirziyoyev Toshkentdagi uchrashuvi payti.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan muloqotda “Toshkentdagi sammitda qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish muhim”ligini qayd etgan.

Joriy yil 11-12 - mart kunlari Toshkent shahrida o‘tgan sammitda ikki mamlakat uch oy ichida chegara muammolarini hal qilishga kelishgan edi.

Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan muloqotda chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun tomonlar erishgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvga amal qilishning muhimligini ta’kidlagan.

Suv mojarosi

Chegaraning bahsli hududidagi suv muammosi o‘tgan yilning 31 - may kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanining Botken viloyati Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘idagi to‘qnashuvlarga ham sabab bo‘lgan.

To‘qnashuvlarda kamida 43 inson halok bo‘lgan, 300ga yaqin odam jarohatlandi.
To‘qnashuvlarda kamida 43 inson halok bo‘lgan, 300ga yaqin odam jarohatlandi.

Tojikiston harbiylarining “Golovnoy” suv taqsimlash inshooti elektr ustuniga kuzatuv kamerasini o‘rnatgani ortidan 28 - aprelь kuni boshlangan janjal qonli to‘qnashuvga aylanib ketdi.

Qirg‘iziston Chegara xizmatiga ko‘ra, Tojikiston bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuvda uch nafar qirg‘iz maxsus kuchlari askari halok bo‘lgan, 20 nafar qirg‘iz askari yaralangan. Ulardan 2 nafarining ahvoli og‘ir ekani aytildi.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, qirg‘iz tomonidan jami 13 kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar 134 kishi.

Tojikiston tomoni talafot borasida rasmiy raqamlarni e’lon qilganicha yo‘q. "Aziya-Plyus" agentligi o‘z manbalarga tayanib, 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bermoqda. Yaralanganlar soni 90 kishidan ortiq.

O‘tgan yilgi o‘zbek-qirg‘iz chegarasida joylashgan “Chashma” bulog‘i ustidagi janjal sabab kelib chiqqan to‘qnashuvlarda ayblangan ikki kishi o‘tgan oyda 5 yilga qamaldi, 20 kishiga ozodlikni cheklash jazosi berildi.

Арипов ваъдасини бажармади. 22 сӯхлик судланди, иккиси 5 йилга кесилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:49 0:00

So‘xda may oyida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan bironta qirg‘iz fuqarosi hibsga olingani yoki jinoyat ishi ochilgani ma’lum emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG