Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:37

“O‘zbekiston tanqidga hanuz toqatsiz”. Polshalik jurnalist akkreditatsiyadan mahrum qilingani haqida


Agneshka Pikulitska shu yil fevralida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimi o‘ziga akkreditatsiya jarayonida ijobiy maqolalar yozishni so‘rab, bosim o‘tkazganini aytgan edi. 
Agneshka Pikulitska shu yil fevralida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimi o‘ziga akkreditatsiya jarayonida ijobiy maqolalar yozishni so‘rab, bosim o‘tkazganini aytgan edi. 

Polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining akkreditatsiyasini uzaytirmaslik haqida 2 - iyun kuni e’lon qilgan qarori o‘zi uchun kutilmagan bo‘lmaganini aytdi.

“Bu qaror meni ajablantirgani yo‘q. So‘nggi ikki oy davomida bo‘lgan hodisalarga qarasak, menga berilgan akkreditatsiya uzaytirilmasligi oldindan ma’lum edi. Chunki menga bosimlar bo‘ldi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi menga qarshi haqorat va tuhmatlarga to‘la ayblovlar bilan chiqdi. Bu O‘zbekiston so‘z erkinligiga hamon tayyor emasligi, tanqidga hanuz toqatsiz ekanini ko‘rsatadi. Bu O‘zbekistonda jurnalistika va inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanadiganlar uchun, afsuski yomon yangilikdir”, - dedi Agneshka Pikulitska 2 - iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, polshalik jurnalistga “O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi sababli” akkreditatsiya muddatini uzaytirish so‘rovi rad etilgan.

“Al Jazeera” telekanali muxbiri A.Pikulitska-Vilchevska tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi sababli Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi”, - deyiladi TIV bayonotida.

Bundan oldin O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi jurnalistni “O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 6 - moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 7-moddasi hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuni 6-moddasi talablarini buzganlikda ayblab chiqqandi.

Agneshka Pikulitska bu “tuhmat” ekanini ta’kidlarkan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan sudlashishga tayyorligini aytdi.

“Ular meni fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitganlik, etnik va diniy adovat qo‘zg‘ash va mamlakatning ichki ishlariga aralashganlikda ayblashmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining meni bunday ayblashiga asos yo‘q. Hech qanaqa sud qarori ham yo‘q bunday ayb qo‘yishga. Buni men o‘zimga nisbatan tuhmat, deb bilaman va TIV ustidan sudga arz qilarman balki. O‘zbekistondan ketish niyatim yo‘q, hozircha bu mamlakatda yashashim mumkin”, - dedi jurnalist 2 - iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Akkreditatsiya va shilqimlik ayblovlari

Agneshka Pikulitska shu yil fevralida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimi o‘ziga akkreditatsiya jarayonida ijobiy maqolalar yozishni so‘rab, bosim o‘tkazganini aytgan edi.

Bundan tashqari, jurnalist vazirlik xodimini shilqimlikda ham ayblagan.

Bu ish shov-shuv bo‘lgach, vazirlik shilqimlikda ayblangan xodim ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi va jurnalistni akkreditatsiyadan o‘tkazdi.

Польшалик журналист: ТИВ ходими мени ўпишга уринди, тегажоғлик қилди ва ҳар хил жойларга таклиф қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00

“O‘sha paytda Tashqi ishlar vazirligi Rustam ismli xodimining menga shilqimlik qilgani bilan bog‘liq janjal markazida qolib, o‘ta noqulay vaziyatga tushib qolgan, deb o‘ylayman. Menga shilqimlik qilgan xodimini ishdan bo‘shatib, kechirim so‘rashgacha borishgandi vaziyatdan chiqish uchun. Akkreditatsiyani olganimdan keyin men bu masalaga qaytmadim. Oradan to‘rt oy o‘tib, meni LGBT targ‘ibotchisiga chiqarishdi, endi akkreditatsiyamni uzaytirishmadi. Aslida bu akkreditatsiyaning menga foydasi ham bo‘lgani yo‘q.”, - deydi Agneshka Pikulitska.

Jurnalist Agneshka Pikulitska Milliy mass-mediani rivojlantirish jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bilan.
Jurnalist Agneshka Pikulitska Milliy mass-mediani rivojlantirish jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bilan.

Matbuotga hujum

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining polshalik jurnalist akkreditatsiyasini uzaytirmaslik qarori va unga qarshi ayblovlar erkin matbuotga hujum sifatida baholanmoqda.

Amerikalik huquqshunos professor, Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining O‘zbekistondagi sobiq vakili Stiv Sverdlou: “O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining jurnalistga akkreditatsiyasini rad etish qarori erkin matbuotga berilgan zarbadir”, - deb yozdi.

Norvegiyadagi Inson huquqlari bo‘yicha Helsinki qo‘mitasi vakili Ivar Deyl: “Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston hukumatining inson huquqlarini yaxshilash bo‘yicha va’dalarini bajarishini kutmoqda. Matbuot erkinligi har qanday islohot uchun muhim ahamiyatga ega. Bu qaror o‘zbek hukumatini faqat yomon tomondan ko‘rsatadi”, deya bayonot berdi.

O‘zbekistonda xorijiy OAVlarga ishlovchi muxbirlar Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot markazi orqali akkreditatsiya qilinadi.

2005 - yilgi Andijon voqealaridan so‘ng mamlakatda "Bi-Bi-Si", “Ozodlik” radiosi, “Amerika ovozi” va boshqa qator xalqaro ommaviy axborot vositalari akkreditatsiyadan mahrum qilingandi.

2019 - yilda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi "Bi-Bi-Si", “Amerika ovozi” hamda "Farg‘ona" agentligi muxbirlarini akkreditatsiyadan o‘tkazgan.

O‘zbekistonda ishlagan xalqaro jurnalistlar akkreditatsiya jarayoni uzoq vaqt olishi va shaffof emasligini aytishadi.

AQSh Davlat departamenti shu yil aprelida e’lon qilgan yillik hisobotida O‘zbekistonda “xorijiy va mahalliy barcha ommaviy axborot vositalari subyektlari ro‘yxatdan o‘tishi va ularning muassisi, bosh muharriri va xodimlari ismlarini ko‘rsatishi shart qilib qo‘yilgani”ni tanqid qilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, qonun barcha xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘zlari berayotgan ma’lumotlari to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘lishini talab qiladi, chet el jurnalistlarining mamlakatda rasmiy akkreditatsiyasiz ishlashini taqiqlaydi va chet el ommaviy axborot vositalarini ichki ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarga bo‘ysundiradi.

“Hukumat ba’zi xorijiy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarini mamlakatda ishlash imkoniyatidan mahrum qilish uchun akkreditatsiya qoidalaridan foydalanadi. Masalan, hukumat Ozod Yevropa / Ozodlik radiosining akkreditatsiya uchun so‘rovini rad etishda davom etdi”, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida.

XS
SM
MD
LG