Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:27

"Onasi bexabar". Senat raisining xizmat uyini o‘g‘ri urdi


Tanzila Norboyeva o‘tgan yili "svet o‘chishi tarixda qolgan" degan so‘zlari uchun tanqidga uchragandi. Uning o‘zi uyini o‘g‘ri urishi bilan bog‘liq hodisani sharhlamadi.
Tanzila Norboyeva o‘tgan yili "svet o‘chishi tarixda qolgan" degan so‘zlari uchun tanqidga uchragandi. Uning o‘zi uyini o‘g‘ri urishi bilan bog‘liq hodisani sharhlamadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaga tegishli xonadonda shu yilning 25-noyabr kuni 12 500 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘i yo‘qolgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Do‘rmondagi davlat va hukumat mulozimlarining maxsus qo‘riqlanuvchi Norboyevaga tegishli xizmat uyida uning qizi Nilufarxon Kamalova oilasi bilan istiqomat qilib kelgan.

25-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBning navbatchilik qismiga mazkur xonadon servantidagi choynak ichiga yashirilgan 12 500 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i yo‘qolgani borasida xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi (O‘g‘rilik) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan. Dastlab gumondor tariqasida 2 nafar ayol hibsga olingan.

Senat matbuot xizmati hodisani tasdiqlagan, ammo Senat raisining hodisadan xabari yo‘qligini ta’kidlagan. Ozodlik O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining xizmat uylaridan foydalanishga doir biron normativ hujjat yoki reglament qoidalarini ochiq manbalardan topa olmadi. Senat ham nima uchun Senat raisining uyida uning qizi oilasi bilan yashab kelayotganiga izoh bergani yo‘q.

“Аввал халқнинг тузини оқланг!” – тармоқлар Путинга қуллуқ қилган Норбаева ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:27 0:00

Gumondor — xonadon enagasi

Senat raisi xonadonidagi o‘g‘rilik bo‘yicha mazkur xonadonda enaga bo‘lib ishlab kelgan 1985-yilda tug‘ilgan D.T. ismli shaxs gumondor tariqasida hibsga olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudi sudyasi Kukiyevning 2-dekabr tungi soat 23.45 dagi qamoqqa olish to‘g‘risidagi ajrimiga ko‘ra, gumondor tergov organi tomonidan 2-dekabr kuni soat 23.10 da O‘zbekiston Respublikasi JPKning 227-moddasi asosida hibsga olingan. Ya’ni, qamoqqa olingan vaqt bilan ehtiyot chorasi tanlash o‘rtasidagi farq 30 minutni tashkil qiladi.

Sud ehtiyot chorasi sifatida qamoq belgilab, gumondor O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi matbuot xizmatining bildirishicha, sudyalar ish soati 09:00 dan 18:00 gacha etib belgilangan. Biroq alohida kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina tunda ham qamoqqa sanksiya olish mumkin bo‘ladi.

Qiynoq iddaosi

Gumonlanuvchi D.T. dastlabki surishtiruv jarayonida tergov organi tomonidan qiynoqqa solingani va ruhiy bosimlar ostida qolganini iddao qiladi.

Gumonlanuvchining ta’kidlashicha, Toshkent shahar IIBBning 4-qavatida joylashgan tergov izolyatorida unga nisbatan jismoniy qiynoqlar ham sodir etilgan. O‘zining iddao qilishicha, Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari uni do‘pposlashgan, unga turli og‘ir jismoniy mashqlar bajarishni yuklashgan.

“So‘ng kiyimlaringni yechasan, yalang‘och holda suratga olib, eringga yuboramiz” deyishdi, deydi prokuraturaga yozgan, Ozodlikda nusxasi mavjud shikoyatida D.T.

Shikoyatda jismoniy va ruhiy bosimlar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB xodimlari Dilmurod, Bekzod tomonidan sodir etilgani iddao qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqdagi ajiotaj va kutilmagan burilish

Mazkur hodisa haqida dastlab huquq himoyachisi va jurnalist Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirgan. So‘ng mazkur postga iqtibosan mamlakatdagi yetakchi internet nashrlari voqeani keng yoritdi.

Hodisaning keyingi tafsilotlari bilan o‘rtoqlashgan huquq faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Senat raisi Tanzila Norboyeva qizining xonadonida sodir bo‘lgan insidentdan bexabar bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuvlardan so‘ng jabrlanuvchi Nilufarxon Kamalova o‘z arizasini qaytarib olgan. Shuningdek, gumonlanuvchi D.T. ozodlikka chiqarilib, jinoyat ishini yopish borasida protsessual harakatlar olib borilmoqda.

Human.uz internet nashriga maxsus intervyu bergan jabrlanuvchi Nilufar Kamalova o‘zining mustaqil shaxs ekani va fuqarolik huquqlari doirasida o‘g‘rilik uchun shikoyat qilgani, o‘zining Senat raisi bo‘lgan onasi bu hodisadan xabarsiz ekanini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG