Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:20

"Ortiqxo‘jayev uchun imtiyoz". Importni cheklash uchun keltirilgan vajlar ekspertlarni ishontirolmadi


Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Mirziyoyevning kuyovi hamda xavfsizlik mulozimi Otabek Umarov bilan - Prezident matbuot xizmati
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Mirziyoyevning kuyovi hamda xavfsizlik mulozimi Otabek Umarov bilan - Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining importni cheklashga doir navbatdagi qarori mamlakatdagi shundoq ham ko‘pgina imtiyozlar bilan siylangan monopolistlar va hokimiyatga yaqin bir hovuch tadbirkorlar manfaatini o‘ylab chiqarilgan qaror, deya tanqid qilinmoqda.

Adliya vazirligining pandemiyadan zarar ko‘rgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab - quvvatlash to‘g‘risida keltirgan asoslari tarmoqdagi mustaqil iqtisodchilar hamda Ozodlik suhbatlashgan ekspertlarni ishontira olmagan.

29 - yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chiqargan 41 - sonli qarori bilan 529 nomdagi tovar va xizmatlarni davlat idoralari tarafidan xarid qilinishi taqiqlanadi.

Chet el avtomobillari¸ traktor va go‘sht mahsulotlari bu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

529ta tovar orasida Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev benifitsiar bo‘lgan shirkatlar ishlab chiqaradigan maishiy texnika¸ deraza- rom yasash uchun alyumin profil va alyumindan yasalgan jihozlar hamda shokolad-vafli mahsulotlari bor.

Bir kishi uchun davlat preferensiyasi

Vazirlar Mahkamasi 41 - sonli qarorining ikkinchi ilovasidagi jadvalda aks etgan 100 dan ziyod mahsulot Ortiqxo‘jayevga mansubligi aytilgan O‘zbekistondagi shirkatlarda ishlab chiqariladi.

Chexiyadagi Bohemiya universiteti o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari doktori Xolnazar Omonovning Ozodlikka aytishicha, ushbu qaror ilovalarida keltirilgan mahsulotlarning 70 foizi O‘zbekkistondagi bitta monopolistga oidligi tashvishlanarli:

“Bu qaror bir monopolistni boy qiladi, ammo volyuntaristik qaror oqibatida narxlar ko‘tarilgani bilan bog‘liq yuk asosiy aholi zimmasiga tushadi. Mahsulot sifati yomonlashadi¸ tanlov bo‘lmaydi. Baliq ko‘paytirish uchun yemlarning ham kiritilmagani oqibatida baliq mahsulotlari qimmatlaydi. Umuman, oziq-ovqat sektoriga jiddiy zarba beradigan qaror bu”.

Omonov “birgina monopolist” deya aytgan shaxs ismini o‘zbekistonlik jurnalist Aleksey Volosevich o‘z maqolasida ochiq-oydin aytadi. Maqolada yozilishicha, Vazirlar Mahkamasi “imtiyozlar savatini ato qilgan shaxs tadbirkor va hokim degan rutbani o‘zida birlashtirgan Jaxongir Ortiqxo‘jayevdir”.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

Taraqqiyotni orqaga suradigan “vaqt bombasi”

Iqtisod fanlari nomzodi Baxriddin Salomovning Ozodlikka aytishicha¸ “faqat ikki yoki uch mahalliy mulozimga oid ishlab chiqarish liniyasini qo‘llab-quvvatlaydigan va ularga misli ko‘rilmagan imtiyoz beradigan bu qaror, aslida O‘zbekiston taraqqiyotini ortga suradigan vaqt mashinasidir”.

“O‘zbekistonda 100ga yaqin turli vazirlik¸ qo‘mita va davlat aksiyadorlik jamiyatlari bor. Bu idoralar xarid paytida tanlovdan mahrum qilindi. Endi ular faqat Ortiqxo‘jayevga tegishli deraza-eshik va maishiy texnika sotib olib, hokimni boyitish uchun xizmat qilishga mahkum. Butun davlat byudjeti asosan, ikki yoki uch monopolist korchalon cho‘ntagiga pul tushiradigan tizimga asos solindi. Bunday ochiq va bezbetlarcha preferensiya bilan shu paytgacha ilk marta yuzlashdim".

Mulozim endi Bentley sotib olmaydi

Iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupovning Facebook sahifasida ëzishicha, bu qarorning yaxshi tarafi davlat idoralarinng chet el avotomobili sotib olmasligidadir:

“Davlat tizimidagilarga import avtomobil sotib olish taqiqlangani to‘g‘ri qaror. Bu O‘zbekistondagi chalajon avtopromni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mulozimlarga loyiq jazo bo‘libdi. Endi, marhamat qilib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarda yurishsin. Ular shunga loyiq”.

Iqtisodiyot fanlari doktori Xolnazar Omonov esa, mahalliy mulozimning mahalliy avtomobil minishiga ishonmaydi:

“Ular bu qarorni aylanib o‘tib, baribir import avtomobil sotib oladi. Sal qimmatroqqa bo‘lsa ham podstavnoy firma orqali olishadi. Pirovardida, davlat byudjeti zarar ko‘radi. Bu qarorning umuman ijobiy tarafi yo‘q”, - deydi suhbatdosh.

O‘zbek mulozimlari endi mahalliy ulov minadi
O‘zbek mulozimlari endi mahalliy ulov minadi

"Xachirga omoch qo‘shib yer haydaymiz"

Tahlilchi Yuliy Yusupov o‘z izohida qo‘shtirnoq ichida “mahalliy ishlab chiqarish” bilan shug‘ullandim, deya aslida Xitoydan keltirilgan maishiy texnika sotadigan va soliq to‘lovchilar hisobidan imtiyozlar bilan siylangan “vatanimizdagi ishlab chiqaruvchi”ga yana bir imtiyoz yaratilganiga e’tibor qaratadi.

“Mayli. Biz bunday “qo‘llab-quvvatlashga ko‘nikishimiz qiyin. Kino qahramoni aytganidek, “oqlar keldi, taladi¸ qizillar keldi, taladi. Bechora dehqon nima qilsin? Bundan buyon o‘zbek dehqoniga ham havas qilib bo‘lmaydi. Amaldorlar mahalliy ishlab chiqaruvchiga “yordam” qilgani ortidan traktorlar erishib bo‘lmas orzuga aylanadi. Dehqon endi, texnikani unutib, xachirga omoch qo‘shib, yer haydashi va ketmonni mahkam ushlashi zarur bo‘ladi".

Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov
Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov

Go‘sht va dori taqchil bo‘ladi

O‘zbekistonlik faol, Aziza Umarova ijtimoiy tarmoq orqali qilgan chiqishida bu qarorning ikki jihatini tanqid ostiga oldi:

“Go‘sht mahsulotlari umuman yetishmaydiku, axir. (Qishloq xo‘jaligidagi nochor siyosat amri bilan mol o‘ti ekiladigan yerlarning past navli bug‘doy va paxta yetishtirish uchun olib qo‘yilgani oqibatida go‘sht tanqis)".

Shu bilan birga, Umarova bu qarorning millat salomatligiga tahdid ekaniga e’tibor qaratdi:

“Va eng muhimi – nega reagentlar va dori-darmonlar kirishiga taqiq qo‘yildi?

Mana, bir misol. Bugungi kunda saratonga qarshi davolashda yaroqli bo‘lgan barcha dorilar mutlaqo chetdan keltiriladi. Ularning aksariyati Farmatsevtika qo‘mitasi tomonidan litsenziyalanmagan va chet eldan noqonuniy ravishda qo‘lda olib kelinadi. Davlat shunchaki bemorning oilasiga dorilar ro‘yxatini beradi, odamlar o‘zlari topib sotib olishadi. Bu holat boshqa jiddiy kasalliklarga ham tegishli. Chunki yuqori sifatli import dori-darmonlargina natija beradi.

Alisher Ubaydullayev tushuntirganidek, taqiqdan faqat TNVED kodlaridagi onkopreparatlargina istisno qilingan. Ammo shunga qaramay, mohiyatini tushuntirib beraman.

Davlat tibbiyoti yomon ahvolda. Bemorlarni yuqori sifatli davolash maqsadida barcha kasalliklar uchun zamonaviy xalqaro protokollarni qabul qilish va chet eldan bemorlar uchun zarur sifatli dori-darmonlarni sotib olish zarur. Davlat tibbiyot tizimiga dori-darmonlar olib kirilishini taqiqlash har qanday ko‘rinishda zararlidir. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bu tarzda qo‘llab-quvvatlash nojoiz".

Smartgov Consulting shirkati ijrochi direktori va bloger Aziza Umarova
Smartgov Consulting shirkati ijrochi direktori va bloger Aziza Umarova

O‘zinikini oyoqdan chalish

Umarovaning bu fikriga javoban tarmoq faoli Umida Haqnazar mana buni yozdi:

Bu mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash emas, balki proteksionizmdir. Ha, davlat xaridlari alohida mavzu, hatto Jahon savdo tashkilotining davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomasi barcha a’zolar uchun majburiy emas va bundan ko‘plab davlatlar foydalanishadi. Aynan davlat xaridlari bundan diskriminatsiyaga uchraydi. Biroq hatto kelishuvsiz ham har kim uchun majburiy bo‘lgan kamsitilmaslikning asosiy tamoyillari mavjud.

Bundan tashqari, davlat xaridlari bo‘yicha tenderlarda qatnashish tartib-qoidalari muvofiq bo‘lishi kerak. Axir biz nafaqat chet el tovarlari bo‘yicha kamsitilmoqdamiz. Jarayonlar muayyan bir shirkatlargagina moslashtirilmoqda va boshqa mahalliy ishtirokchilar apriori bunday toifaga kiritilmayapti. Hatto mavjud protseduralarga rioya qilinmayapti, qo‘pol ravishda buzilmoqda va hokazo. Boshqa mamlakatlar bozoriga kirishni taqiqlashdan tashqari bu “o‘zingnikining oyog‘idan chalishdir”.

Mirziyoyev va Ortiqxo‘jayev
Mirziyoyev va Ortiqxo‘jayev

“Rossiya ham shunday qildi”

O‘zbekiston hukumati xorijda ishlab chiqarilgan 529 xil mahsulotning davlat xaridlaridagi ishtirokini taqiqlab chiqargan qarorga Adliya vazirligi izoh berdi.

Vazirlik mas’ul xodimi D.Rajaboyev imzosi bilan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, bu qaror ichki bozor va mahalliy tadbirkorlarni himoya qilish uchun qabul qilingan. Rasmiy munosabat, mana “Rossiya davlat xaridlarida 170 dan ortiq tovarlar va xizmatlar importini taqiqlagan” degan “tushuntirish” bilan boshlanadi:

“2019 - yilda respublikada 55 mingta korxona tashkil etilgan bo‘lsa, 2020 - yilda bu ko‘rsatkich 96 ming 743 tani tashkil qilgan. Demak, yangi ishlab chiqarish quvvati ikki barobar oshgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar sonining ortishi aholi bandligini ta’minlash, soliq tushumlarining ham ko‘payishiga zamin yaratadi.

Taqiq va cheklov faqat davlat xaridlari doirasida mavjud, xususiy tadbirkorlar yoki fuqarolar o‘z ehtiyojlari uchun istalgan tovarni xarid qilishi yoki xizmatlardan foydalanishi mumkin”, deyiladi rasmiy izohda.

Adliya vazirligi
Adliya vazirligi

XS
SM
MD
LG