Xurshid Davron flyugertabiat ijodkorlarni tanqid qildi. Aktrisa Zuhra Soliyeva turmush o‘rtog‘ining mushtumzo‘rligidan so‘z ochdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Xurshid Davron: Ular Amir Temurni ilohiylashtirishni istaydi...
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Amir Temurning 685 yilligi arafasida e’lon qilingan suhbatda ushbu tarixiy shaxs haqida yaratilgan ilmiy va badiiy asarlarni keskin tanqid qildi (“XXI asr” gazetasi, 8 - aprel).
“Bir paytlar kolxozlashtirish yoki gugurt fabrikasi tarixini yozib ilmiy unvon olgan, sho‘ro “qahramon”larini olqishlab uzundan-uzoq she’riy romanlar yozgan ilmu adabiyotdagi flyugertabiat ijodkorlar bir dumalab “amir temur”chilarga aylandi, bir umr Amir Temurga qarshi kurashgan olimlarning ayrimlari “bosh temurchilar” sifatida tan olindi. Uzoq yillar Sohibqiron mavzusi asl ilm va chinakam adabiyot emas, soxta va yolg‘on demagogiya quroliga aylandi. Ayrimlar uchun Temur haqida yozish kun kechirish manbaiga aylandi”,- deydi tarixiy mavzuda salmoqli nasriy asarlar ham yozgan shoir X.Davron.
Qayd etilishicha, shu paytgacha Sohibqiron haqida nashr etilgan kitoblarning uchdan ikki qismini ilm ham, adabiyot ham deb bo‘lmaydi. Chunki pala-partish, xom-xatala va tarixiy materialdan mutlaqo bexabar, tarixiy hujjatu qo‘lyozmalarni chuqur o‘zlashtirmagan mualliflarning asarlarini muhokamasiz, ilmiy ekspertizasiz chop etish odat tusiga kirgan.
X.Davron Sohibqiron obrazini ilohiylashtirishga qarshi ekanini ham bayon qilgan.
“Bir nechta teatr rahbarlari mendan Amir Temur haqida pyesa yozib berishimni so‘rashdi. Lekin men bu takliflarni rad etishga majbur bo‘ldim. Chunki o‘sha teatrlar rahbarlarining maqsadini juda yaxshi bilaman. Ular Sohibqironni ilohiylashtirib, go‘yoki farishtaga aylantirib yozishimni istaydi. Har qanday tarixiy shaxs hayoti va faoliyatini bezamasdan, lof qo‘shmasdan, boricha ko‘rsatishimiz kerak”,- deydi taniqli shoir va adib.
Bog‘cha tarbiyachisining ehtiyotsizligi oqibatida 5 yoshli bola ko‘zidan ayrildi
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 13-oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisining ehtiyotsizligi fojia bilan yakunlandi (www.uza.uz, 6 - aprel).
Ismi oshkor etilmagan ayol tarbiyalanuvchilarga ovqat tarqatayotgan vaqtida bolalar baqir-chaqir qilgan. Tarbiyachi ularni tinchlantirish maqsadida qo‘lidagi temir qoshiqni silkitgan vaqtida ehtiyotsizlik natijasida qo‘lidan chiqib ketib, 2016 - yilda tug‘ilgan bolaning ko‘ziga tekkan va oqibatda u bir ko‘zidan ayrilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumani sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Tarbiyachi mahkamada bola davolanishi uchun 14 million so‘m pul bergani va qilmishidan pushaymon ekanini ma’lum qilgan. Tarbiyachiga qanday jazo tayinlangani ochiqlanmagan. 13-oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotidan esa jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 4,7 million so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
O‘tgan hafta Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi 31-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan, 2015 - yilda tug‘ilgan bola issiq suvdan kuyish oqibatida vafot etgani xabar qilingan edi. Viloyat prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish ochgan.
Aktrisa Zuhra Soliyeva turmush o‘rtog‘i muttasil kaltaklagani haqida so‘zlab berdi
Aktrisa Zuhra Soliyeva “Mirsodiqova bilan” YouTube kanaliga bergan intervyusida haligacha Toshkentda ijara uyda yashashi, erga tegib, kuyib qolgani haqida so‘zlab berdi (www.daryo.uz, 5 - aprel).
“To‘ylarga chiqaman, lekin Toshkentdan kvartira sotib oladigan darajada pul topmayman, bu birinchidan. Ikkinchidan, erga tegdim. Erga tegib, uy-joy qilaman, desam, u er shunaqa tushdi, bor-yo‘g‘imni sovurdi. Erim ham pulimni sovurdi, ham dilimni og‘ritdi. Men nega chidardim, bitta bola bo‘lsa buyam bosiladi, o‘zgaradi, derdim. Bizda shunaqa gap bor-ku. Bitta bola bo‘lsa, erim bosiladi, deganlarga aytmoqchi bo‘lgan gapim: bosilmaydi! Bo‘lmagani boshidan bilinadi! GAIga tushgan jarimasini ham men to‘lardim, kiyim-kechak olib berardim, mashinani bo‘lib to‘lashga olganman, har oy 400 dollar to‘lardim. O‘sha pullarni hisoblasam, erimni ketidan ikkita uyning puli ketdi”, - deydi aktrisa.
Suhbatda qayd etilishicha, Z.Soliyeva eriga farzand ko‘rish haqida gap ochganda “Mana senga bola!” deb uning bachadoniga tepgan.