Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:43

Prezidentlar qizlari Saida va Gulnora ilgan lag‘mon. Tarmoqni titratgan trendlar


TikTokdagi rasmlardan yig‘ilgan kollaj
TikTokdagi rasmlardan yig‘ilgan kollaj

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik o‘tgan haftada tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka TikTok va Instagramda minglab obunachilarga ega bloger Diyora Abdujabborova hamrohlik qildi.

Diyora Abdujabborova
Diyora Abdujabborova

Millionlab o‘zbeklarning aqli - shuurini band qilgan tarmoqning oltita platformasidagi o‘zbeklarga atalgan kontentlarni kuzatamiz: Facebook, Instagram, TikTok¸ Telegram, Twitter va YouTube.

Hokim tilab olgan sohibjamollar

-Avvaliga yo‘l ko‘rsatuvchi piligrim Diyoraga so‘z beramiz. Bu ummonda hafta ichi barchani maftun qilgan eng katta dolg‘alar nima edi?

-Assalomu alaykum hammaga. FB da Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevning 50 ta bo‘y-basti kelishgan durkun qizlarni Oliy ta’lim vazirligiga buyurtma qilgani mashhur bo‘ldi. Aeroportda kelgan mehmonlar oldiga atlas lozim kiyib, gul ko‘tarib chiqish uchun tanlangan sohibjamol talabalar. Tarmoqdagilar Azon.uz muassisi Mubashshir Ahmadning Din ishlari qo‘mitasidagi sobiq SNBchi Dilshod Eshnayev so‘kkanini ham erinmay muhokama qilishdi. Kecha Abduqodir (Oliy ta’lim vaziri Toshqulov-tahr. ) chiqish qilib, “gul qizlarimizni gul ko‘tarish uchun bermaymiz” degani ham tarmoqda aylandi. FBda esa, besh yil oldin o‘lgan prezident qizi Gulnora va hozirgi prezident qizi Saidaning lag‘mon yoygan rasmlari ko‘proq ovoza bo‘ldi.

-O‘zbek yoshlari va shou biznes ahli ertadan kechgacha o‘tiradigan Instagram va TikTokda kechgan xafta mobaynida nimalar trendga chiqdi?

-TikTokda qizlar erga tegish uchun hijobga kirayotgani trend bo‘ldi. Menam shu haqida video qildim. TikTok qadimchi dindorlar bilan neojadid sekulyarlar o‘rtasidagi muxoraba maydoniga aylandi. IShID qora bayrog‘ini avatariga qo‘yib, bemalol halifalik tuzishni targ‘ib qilib yotishibdi. Ularning ustidan sekulyarlar kulib tashlagan. Instagramda birorta ham siyosiy mavzu yo‘q. Instagramning o‘zbek segmentini nazarda tutyapman. Donik bilan Gonzo o‘rtasidagi dahanaki urushni hamma kuzatib o‘tirdi. (Donik eng boy o‘zbek vayneri, Gonzo bo‘lsa maddoh blogerlarni ustidan kulib tashlaydigan mashhur tiktokchi) Ashulachilarning rasmlari. Luizaning dumbasi ham eng ko‘p muhokama bo‘ldi. Instadan ko‘ra¸ko‘proq TikTokda hayot qiziqarli. Masalan, Annushka degan o‘zbek tiktokchi qiz “nega o‘zbeklar haqiqatni yaxshi ko‘rmaydi” degan sketch chiqardi. Ko‘p odam ko‘rdi. Lavha mavzusi mana bunday: qizini turmushga bermoqchi bo‘lgan oiladagi xotin-xalaj bo‘lg‘usi kuyovni bilish uchun u yashaydigan mahallaga josus yuboradi. Bo‘lg‘usi kuyov tarafi esa, mahalla ahlidan o‘zi haqidagi haqiqatni aytmay faqat maqtashni so‘ragan. Annushka esa, quda taraf josuslariga haqiqatni aytadi. Kuyov bolaning akasi o‘g‘rilikda ayblanib, srok motat qilgan. O‘zi esa, hayvonlarga azob beradigan jivoder. Oldingi xotini kaltaklarga chidamay ketib qolgan. TikTokchi Annushka bois to‘y qoldirildi.

Hamma TikTokda

Toshkentlik jurnalist va o‘qituvchi Nikita Makarenkoning yozishicha, talabalari orasida faqat bir talabaning qachondir Facebookda hisobi bo‘lgan. Qolgan hammasi TikTokda. TikTok tarmog‘i 2 yildan sal oshiq vaqt ichida bir milliardga yaqin muxlis to‘pladi. Taqqoslash uchun - Instagram 1 milliard foydalanuvchini 10 yil mobaynida yiqqan edi.

TikTok
TikTok

Yosh bo‘lishiga qaramay, millionlab auditoriyaga ega bloger, vayner, tiktokerlar avlodi ulg‘aymoqda.

TikTokning o‘zbek segmentidagi Elnora ismli qiz qisqa vaqt ichida 1 million obunachiga ega bo‘ldi.(TikTok ochilganiga 2 yil bo‘ldi- tahr.) Diyora Abdujabborovaga ko‘ra, YouTube portalida bu sondagi obunachini yig‘ish uchun kamida 10 yil kerak bo‘ladi.

Tarmoqda eng ko‘p ko‘rilgan surat
Tarmoqda eng ko‘p ko‘rilgan surat

Prezident qizlari ilgan lag‘mon

SMM-menedjer Noila Qutliyevaning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning lag‘mon cho‘zayotgani aks etgan surat joriy iqtidor va avtoritar rejimlarni parvarishlaydigan afkor omma yuziga tutilgan ko‘zgu bo‘ldi:

“Ong osti harakati, degan ilmiy tushuncha bor. Saida Mirziyoyeva hali oddiy mulozimning o‘smir qizi bo‘lganidayoq birinchi prezident qizi Gulnora Karimovaning yurish-turishiga chandon havas qilgan. Aytishlaricha, Mirziyoyevning xotini Ziroat Mirziyoyevagina Gulnora Karimova o‘tkazgan ba’zi tusovkalarda qatnashishiga izn berilgan. Bu “baxt”dan Shavkat Mirziyoyevning qizlari mosuvo bo‘lgan. Gulnora Karimova atrofidagi bomond uchun Mirziyoyevning qizlari, shunchaki “qishloqi” edi. Mana endi, Injilda aytilganidek, “oxirgi tuya birinchi bo‘lgan” paytda Saida Mirziyoyeva ong ostida to‘planib qolgan orzularini amalga oshiryapti. Aynan Gulnoraniki kabi ko‘ylak kiyib chiqdi. Aynan Gulnora kabi lag‘mon cho‘zdi. Gulnora kabi fond tuzdi. Freyd aytgan ruhiy majruhlik alomati bu.”

Saida va Gulnora
Saida va Gulnora

Ayni paytda tarmoqning oltita platformasiga qo‘yilgan “Lag‘mon cho‘zatgan prezident qizi” surati ostiga millionlab layk bosib ulashilgan.

Shoir va tarmoq faoli Shukur Jabbor esa, “aylanib, o‘rgilib malikaga talpinadigan qavmdan” nafratlanganini yashirmadi:

“Saidaning lag‘mon cho‘zayotganiga 12 mingtalab layk bosgan bu paxtakor, jirkanch, yaloqi olomon bir oddiy adabiyot o‘qituvchisining Navoiy g‘azallari sharhiga bittayam layk bosmagan.

Senlar bilan bir havodan nafas olayotganimdan, zamondosh va vatandosh bo‘lganimdan afsuslanaman, albatta!”

Yana bir tarmoq faoli Mirza Anvar esa, kam sonli oydinlar fikrini she’rga tizdi:

Lag‘monlar cho‘zadi mening qizginam,

Ularni yog‘layman, osaman so‘ngra.

Ustozim yo‘lini tutganman men ham,

Ista, qahqaha ot, istasang ho‘ngra!

Tarmoqdagi surat
Tarmoqdagi surat

Lenin Toshkent hokimiga nega qarshi ?

Tarmoqda sovetlar ittifoqi asoschisi¸ kommunistik partiya dohiysi Vladimir Lenin qiyofasidagi kishining Toshkentdagi “Moviy gumbazlar” kafesi oldida turib, shu kafe va atrofidagi bog‘ buzilishiga qarshi petitsiyani imzolagan surati favqulodda mashhur bo‘ldi.

"Lenin" Toshkentda
"Lenin" Toshkentda

Toshkentdagi «SUM» qarshisida joylashgan «Moviy gumbazlar» xiyobonida mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab «Istiqlol» majmuasi qurilishiga qarshi imzo kampaniyasi boshlandi.

"Moviy gumbazlar" himoyasi uchun piket
"Moviy gumbazlar" himoyasi uchun piket

Avvaliga Toshkent hokimligi bu bog‘dagi biror daraxt kesilmaydi, deb bayonot berdi. Uch kun o‘tib esa, bog‘da kamida 500 tup daraxt kesilishi aytildi.

Ijtimoiy tarmoq faoli Makarenko o‘zining Facebook sahifasida Tojikiston markazidagi “Istiqlol stellasi” degan fallosni eslatuvchi kitch monument kopiyasi “Moviy gumbazlar” o‘rniga tikilishi haqida ëzdi. “Moviy gumbazlar” buzilishiga qarshi imzo to‘plash tashabbuskori, jurnalist Farida Sharif esa¸ “Bular faqat bir-biridan ko‘chiradigan ikkichilar. Dushanbedagi stella Ashxoboddagi monumentdan ko‘chirilgan” deya kesatdi.

Ashxoboddagi monument
Ashxoboddagi monument

Ochildining siri ochildi

Youtube va TikTokda Toshkent viloyati «Qashqarlik» mahallasi, Hoji Ota masjidi imom-xatibi Ochildi Rashidovning tazarrusi muhokama qilindi. Imom Ochildi Rashidov O‘zbekistondagi rusiyzabon aholini “alkash va fohisha” degani uchun uzr so‘ragan. Tarmoqlarda yozilishicha, Musulmonlar idorasi Ochildi Rashidov qo‘lidan ehson qutisi kalitini olib qo‘yib, xayfsan e’lon qilgan. Bundan oldin imom o‘z va’zida ismlar masalasiga to‘xtalib, “agar ichkilikboz bo‘lsa – Petr yoki Aleksandr, yengiltabiat bo‘lsa – Masha yoki Natasha” bo‘ladi" deb ta’kidlagani jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘lgan va tarmoqlarda muhokama qilingan edi. Buning ortidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “millatlararo va diniy nizolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat yaratilishiga sabab bo‘lgan imomga chora ko‘rilgani” haqida rasman bayonot bergan.

Kechirim so‘rayotgan imom
Kechirim so‘rayotgan imom

Siyosat ko‘z yoshlarga ishonmaydi

Uch haftadirki, tarmoqning olti platformasi O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini qo‘ygan yagona o‘zbek¸ o‘tgan yil oxirida diniy e’tiqodi bois qo‘shiqchilikni tark etganini aytgan Jahongir Otajonovning har bir qadamini muhokama qilmoqda.

Jahongir Otajonov
Jahongir Otajonov

O‘tgan haftada xonanda Yulduz Usmonova Jahongir Otajonovning prezidentlik ambitsiyasni masxara qilib chiqdi. YouTubeda 200 mingdan ziyod obunachisi bo‘lgan Eltuz kanali bu jarayon haqida gapirib, sarkastik ohangda Otajonovni qo‘llab-quvvatlaganday bo‘ldi. Bu rolik nashrning Instagramdagi saytiga ham joylandi. Otajonov esa, bu rolikdan qattiq haqoratlanganligini aytib, tushkun kayfiyatda video chiqardi. Videoda u o‘zini masxara qiladiganlardan oshig‘ich xafa bo‘lganini aytib, o‘zining hali qorilar safiga qo‘shilmay, “svetskiy” hayot kechirayotganligini pisanda qildi. Shu bilan birga, Jaxongir Otajonovning “Dumbadze” taxallusi bilan mashxur “TikTok qirolichasi”, aktrisa Luiza Rasulova bilan “yumurta barak” haqidagi shakarguftor suhbati ham tarmoqda aylandi.

Saylov yaqin
Saylov yaqin

Saylov mavzusi u yoki bu shaklda tarmoqlarda yoritildi. Suhbatdoshimiz Diyora Jabborova “saylov dekabrdan oktabrga ko‘chirilganini butun vujudi bilan qo‘llab-quvvatlayotgan Oysha xola" emotsiyasi tasvirlangan hajviy video sketchni TikTokda taqdim qildi.

TikTokchi Diyora Jabborova "Saylov" sketchi bilan
TikTokchi Diyora Jabborova "Saylov" sketchi bilan

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

ozodcomments@gmail.com

uzbekweb@rferl.org

Skype: OzodSkype; OzodOvoz; OzodlikOnline

XS
SM
MD
LG