Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:02

Prezidentni himoya qiluvchi qonun ishga tushdi. Jizzaxlik tarmoq faoli javobgarlikka tortilmoqda


Jizzax viloyat prokuraturasi 19 - aprelda e’lon qilgan bayonotida 1969 - yili Baxmal tumanida tug‘ilgan fuqaro V.K ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Prezidentini haqoratlaydigan, uning obro‘siga putur yetkazadigan va kamsitadigan ma’lumotlarni tarqatib, tuhmat qilib kelayotganligi holati aniqlanganini xabar qildi.

Bayonotdan Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyat boshqarmasi V.K.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 158-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum bo‘ladi.

Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga haqorat va tuhmatda gumon qilinayotgan V.K. ning jizzaxlik 57 yashar Valijon Kalonov ekanligini aniqladi.

“Men, Valijon Kalonov, Jizzax shahridanman. Asli Baxmal tumanidanman”, deb tanishtirdi o‘zini prokuratura bayonotida V.K. deb tilga olingan fuqaro Ozodlik bilan videosuhbatda.

57 yashar Valijon Kalonovning aytishicha, u 2005 yildan buyon Qozog‘istonda ishlaydi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u Qozog‘istonda xitoylik musulmonlar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tashkilotlar bilan yaqindan aloqa qilib keladi.

“Asli elektrikman. Shu kasb orqasidan kun ko‘raman. Men Xitoy zulmiga qarshi bo‘ldim”, deydi Valijon Kalonov.

Valijon Kalonovning aytishicha, Davlat xavfsizlik xizmati uning ustidan jinoyat ishi ochganini Jizzax viloyat prokuraturasi xabaridan bilgan. “Menga shu kungacha chaqiruv qog‘ozi kelmagan”, deydi u

Shu yilning 27 - martida jo‘natilgan chaqiruv qog‘ozini Valijon Kalonov o‘zining piket o‘tkazish rejasi bilan bog‘ladi.

Jizzaxlik Valijon Kalonovga kelgan chaqiruv qog‘ozi
Jizzaxlik Valijon Kalonovga kelgan chaqiruv qog‘ozi

22 - mart kuni Kalonov Jizzax viloyat hokimligi oldida, o‘zining ta’biricha, “Xitoy ekspansiyasiga qarshi” piket o‘tkazishni rejalayotganini e’lon qilgan.

27 - mart kungi chaqiruv qog‘ozida Valijon DXXga guvoh sifatida chaqirilayotgani aytilgan.

Kalonov Prezidentga haqorat va tuhmatda gumon qilinayotganini o‘zining 2019, 2020 - yillardagi chiqishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

“2019 - yili O‘zbekiston prezidenti Xitoyga borib kelib, Xitoy bizning siyosatimizga aralashmaydi, biz ham Xitoyning siyosatiga aralashmaymiz, deganidan keyin men bu gapga qarshi turdim. Chunki o‘zbek xalqi uyg‘urning egizagidir”, dedi Valijon Kalonov.

Uning Ozodlikka aytishicha, bu fikrlarni u 2019 yili, prezident Mirziyoyevning Xitoyga safaridan keyin e’lon qilgan postida aytgan.

U o‘z chiqishlarida prezident Shavkat Mirziyoyevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat ham qilgan.

“Undan keyin 2020 - yil kuzida prezidentga Yutyub orqali murojaat qildim. Unda prezidentga qilayotgan ishlaringizni ko‘rdik. O‘zingizga 10 million dollar olib, bola-chaqalaringizga, atrofdagilaringizga 1 million dollardan berib, xalqdan kechirim so‘rab, hammalaring ketingizlar O‘zbekistondan deganman”, dedi u.

Valijon Kalonov ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida “qo‘pol gapirgani”ni tan oladi.

Ana shu chiqishlari ortidan, 2020 - yilning 27 - noyabrida O‘zbekistonga qaytgan Valijon Kalonov chet elga chiqish pasporti olish uchun ariza topshiradi.

“10 kun kutdim, 20 kun kutdim, 1 oy kutdim, oxiri tepadan sizga pasport berilmasin degan buyruq bor deyishdi”, deydi Valijon Kalonov.

Shundan so‘ng, aytishicha, uni bir necha marta Davlat xavfsizlik xizmatiga chaqirishgan, DXX xodimlari uni tibbiy ko‘rikka olib borishgan:

“Hokimga arizani yozganimning ertasiga meni DXXga olib ketishdi. DXXning ichiga kirganimdan keyin menga povestka berishdi. Xuddi Stalin davrida oldin otib, keyin hukm chiqarishganday. O‘sha yerda menga ochilgan katta delodan ekspert xulosasini ko‘rsatishdi. Ekspert meni ruhiy kasal, deb xulosa berganmish”.

Valijon Kalonovning aytishicha, tibbiy ekspertiza xulosasining nusxasini unga berishmagan. Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Valijon Kalonovning ta’kidlashicha, u 2020 - yilning kuzidan buyon tarmoqlarda prezident Mirziyoyevni tanqid qilmagan, hech qanday post e’lon qilmagan.

Jizzax viloyat prokuraturasining 19 - apreldagi bayonotida V.K. prezidentni haqoratlovchi postlarni qachon e’lon qilgani aytilmagan. Bayonotning umumiy mazmunidan bunday postlar shu kunlarda ham e’lon qilinayotgani tushuniladi.

Jinoyat kodeksining Valijon Kalonov ayblanayotgan 158-moddasi, 3- qismi joriy yilning 30 - martida kuchga kirgan.

Unga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

ЯНГИ ҚОНУН: Мирзиёев интернетдаги "танқид" ва "ҳақорат"лардан ҳимоя топди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:32 0:00

O‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus Safar Bekjon Ozodlik bilan suhbatda Prezidentning sha’nini himoya qiluvchi yangi qonunning zaif va mavhum jihatlarini sanab o‘tar ekan, jumladan bunday degan edi:

“Bu qonunning asosiy yo‘nalishi insonlarni qo‘rqitish, tanqiddan tiydirishdir. Saylov yaqinlashayotgan paytda prezidentni tanqid qilish orqali uning shaxsiyatiga tegindi degan masala keltirib chiqarib, unga raqib bo‘lib saylovda qatnashmoqchi bo‘lgan nomzodlarning og‘zini berkitishdir”.

Mustaqil jurnalist va mediaekspert, Chegarasiz muxbirlar xalqaro tashkilotining sobiq vakili Ioxan Birk Ozodlik bilan suhbatda Yevropa davlatlarining ko‘pchiligi prezidentni haqorat qilish uchun javobgarlikni qonunchilikdan chiqarib tashlayotganini aytadi:

“Yevropaning ko‘plab davlatlarida prezidentni haqorat qilganlik uchun javobgarlikni bekor qilishdi. Chunki inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi davlat rahbariga oddiy odamdan ko‘ra ko‘proq himoya zarur emasligini bir necha bor e’tirof qildi. Va aksincha, prezident jamoat vakili sifatida oddiy odamlardan ko‘ra ko‘proq tanqidlarga bardosh berishi lozimligi ta’kidlandi”.

Ozodlik Valijon Kalonovning ishi bo‘yicha toshkentlik mustaqil yuristga murojaat qildi.

Ismi tilga olinishini istamagan yurist “Qonun u qabul qilingan kungacha bo‘lgan qilmishlar uchun tadbiq etilmasligini ta’kidladi.

“Bu butun jahon bo‘ylab allaqachon qabul qilingan me’yor. Bas, shunday ekan, agar jizzaxlik fuqaro postlarini o‘tgan yilning kuzida e’lon qilgan bo‘lsa, ular uchun bu yil 30 - martda kuchga kirgan qonun bilan javobgarlikka tortib bo‘lmaydi”.

Jizzaxlik Valijon Kalonov O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining internetda prezidentga tuhmat va haqorat bo‘yicha yangi bandiga binoan javobgarlikka tortilayotgan birinchi shaxsdir.

Tahlilchilar Kalonov ishi O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi uchun pretsedent bo‘lishini aytishmoqda.

Jizzax viloyat prokuraturasining bayonotidan bir kun o‘tib, Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti O‘zbekiston xalqaro matbuot erkinligi reytingida o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona pastlaganini e’lon qildi. Tashkilot O‘zbekistonni 180 davlat orasida 157 - o‘ringa qo‘ygan.

Kuzatuv, senzura, o‘z-o‘zini tsenzura qilish kabilar hanuz saqlanib qolmoqda, hokimiyatdagilar OAVni jiddiy nazorat qilmoqda. Blogerlar hanuz qo‘rqitilyapti yoki qamoqqa olinyapti.

O‘zbekistonda siyosiy plyuralizmga erishmay turib, matbuot erkinligini to‘laligicha ta’minlab bo‘lmaydi. Oldinda hali ham uzoq yo‘l turibdi», – deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG