Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:02

Qirg‘iziston. Prezident saylovida Sadir Japarov oldinda. Saylovchilar parlament boshqaruviga qarshi (VIDEO)


Qirg‘izistondagi saylov uchastkalaridan biri.
Qirg‘izistondagi saylov uchastkalaridan biri.

Qirg‘izistonda 10 - yanvar kuni prezidentlik saylovi va o‘lkaning boshqaruv formasini tanlash bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda.

Saylovda millatchi siyosatchi Sadir Japarov hokimiyatni mustahkamlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Saylovchilar bir vaqtning o‘zida ham prezident saylaydilar, ham prezidentlik boshqaruv tizimiga qaytish masalasida o‘z fikrlarini izhor qiladilar.

Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga qaraganda, saylov uchastkalaridagi ovozlarni elektron sanash uskunalari nomzodlar orasida Sadir Japarov oldinda borayotganini ko‘rsatmoqda.

Bishkek vaqti bilan soat 21 (Toshkent vaqti bilan soat20:00)dagi ko‘rsatkichlarda qayd etilishicha, Sadir Japarovga 79 foiz ovoz berilgan.

Prezidentlik saylovida ishtirok etayotgan 17 nomzod orasida Adaxan Madumarov 6,60 foiz, Boburjon To‘lboyev 2, 31 foiz, Miqtibek Arstanbek 1.66 foiz, Abdil Segizbayev - 1.46 foiz, Imamidin Tashov - 1.19 foiz ovoz olgan. Qolgan nomzodlar olgan ovozlar soni 1 foizdan kam.

Qirg‘izistonda 10 - yanvar kuni aholi mamlakat boshqaruv tizimi uchun ham ovoz berdi. Elektron hisoblash ma’lumotlariga qaraganda, saylovchilarning 81 foizi prezidentlik boshqaruv, 10,78 foizi parlament boshqaruvi uchun ovoz bergan. 4,41 foiz saylovchi boshqaruvning har ikki turi uchun qarshi ovoz berdi.

Elektron hisoblash natijalari hali yakunlangan emas. Bundan tashqari ovozlarni qo‘lda sanash jarayoni ham bo‘ladi.
Xabarlarda aytilishicha, soat 18ga qadar 3 million 563 ming 574 saylovchidan 33 foizi ovoz bergan.
Qirg‘iziston prezidentligi uchun saylovda 17 nomzod kurashmoqda. 10 - yanvar kuni ertalab 2 394 saylov uchastkasi ochildi. Ulardan 48tasi xorij mamlakatlarida joylashgan saylov uchastkalaridir.

Ayni paytda saylov tinch o‘tayotgani aytilayotgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar qonunbuzarliklar kuzatilayotganini ma’lum qilmoqdalar. Shu vaqtgacha Markaziy saylov komissiyasiga ovoz berish jarayonidagi qonunbuzarliklar to‘g‘risida 60dan ortiq ariza tushdi. Ulardan 13tasi saylovchilar ovozni sotib olish bilan bog‘liq.

Saylovlar mamlakatda 4 - oktabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan boshlangan ommaviy tartibsizliklarning natijasidir.

Norozilik to‘lqiniga prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ukasi yetakchiligidagi «Birimdik» va Raimbek Matraimov oilasiga mansub «Mekenim Qirg‘izstan» partiyalarining saylovda g‘alaba qozongani e’lon qilingani sabab bo‘ldi. Noroziliklardan ko‘p o‘tmay prezident Jeenbekov iste’fo berdi.

52 yoshli Japarov tartibsizliklar davomida boshqa bir necha siyosatchi bilan bir qatorda qamoqdan bo‘shatildi.
Tartibsizliklar ortidan Japarov bosh vazir, keyinroq esa amaldagi prezident etib tayinlandi.

Buning ortidan Japarov qonuniyligi shubha ostida qolayotgan qator choralar yordamida eski parlament prezidentlik tizimiga qaytish bo‘yicha referendum o‘tkazish masalasida qaror chiqarishiga erishdi.

Amaldagi qonunlarga binoan, vaqtincha prezident lavozimida ishlayotgan shaxs keyinchalik ushbu lavozimga saylanish uchun nomzodini ko‘rsata olmaydi. Shu sababdan noyabr oyida Japarov prezident va bosh vazir lavozimlarini bo‘shatdi.

XS
SM
MD
LG