Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:39

Qirg‘iziston: Uyi yo‘q vazirlar, mashinasiz millionerlar


Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati hukumat amaldorlarining 2019-2020 - yil uchun daromadlar deklaratsiyasini e’lon qildi. O‘z deklaratsiyalarida amaldorlarning aksari o‘rtahol yashashi, bir qanchasi esa uy -joysiz ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Masalan, Vazirlar Mahkamasi raisi, Qirg‘izistondagi eng boy odamlardan biri sifatida ko‘riladigan Aqilbek Japarov deklaratsiyada kvartirasidan boshqa hech narsasi yo‘qligini ko‘rsatgan.

Kuzatuvchilar amaldorlarning deklaratsiyalari reallikdan yiroq ekani, ular o‘z mol-mulklari to‘g‘risida ochiq ma’lumot bermaganliklarini aytishadi.

Soliq xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistondagi amaldorlarning faqat 6200 nafari deklaratsiya topshirgan. Yana 15 ming mansabdor daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirmagan.

Qirg‘izistonda 2017 - yilda qabul qilingan qonunga muvofiq, davlat xizmatchisi majburiy tarzda deklaratsiya topshirishi kerak.

“Agarda kimnigdir deklaratsiyasi shubha tug‘dirsa, biz soliq to‘lovchi yoki davlat xodimini chaqirib o‘tirmaymiz. Bu bo‘yicha ma’lumotni yuridik baho berish uchun avtomatik ravishda prokuraturaga beramiz”, - deydi soliq xizmati matbuot kotibi Erkin Saziqov.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, joriy yilda amaldorlarning aksariyati taqdim etgan soliq deklaratsiyalarini “shubhali” deb atash mumkin.

Masalan, Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov 2020 - yili 815 357 qirg‘iz so‘mi, ya’ni taqriban 9,5 ming dollar daromad ko‘rganini bildirgan. Bundan tashqari, u soliq deklaratsiyasida 77 kvadrat metrli xonadoni borligini aytgan. Deklaratsiyadagi ma’lumotlarga ishonilsa, Japarovning shu uyidan boshqa ko‘chmas mulki yo‘q.

Biroq hukumat rahbarining o‘ziga qaraganda uning turmush o‘rtog‘i va farzandlari anchagina boy ekan. Ular 2020-yili 96 mln. 745 ming so‘m, taqriban 1 mln. 200 ming dollar topgan. Shuningdek ularning nomida turli markadagi yettita "Mersedes-Bents" avtomobili va konteynerlar bor.

Ayni mavzuda surishtiruv olib borgan jurnalist Bo‘lot Temirov fikricha, amaldorlar deklaratsiyasida o‘z boyliklarining haqiqiy miqdorini ko‘rsatmaydi.

“Biz surishtiruv o‘tkazganimizda Aqilbek Japarovga tegishli mulklar, binolarning asosiy qismi uning yordamchisi, farzandlari va boshqalar nomiga rasmiylashtirilganini aniqladik. Bundan tashqari, ko‘p mulki ofshor kompaniyalar orqali ro‘yxatdan o‘tgan”, - deydi jurnalist.

Aqilbek Japarov deklaratsiyada faqatgina bir kvartirasi borligini qayd etgan bo‘lsa, 2020 - yilning oktabrida bir muddat prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lgan parlament raisi Talant Mamitov o‘z deklaratsiyasida uyi ham mashinasi ham yo‘q ekanini qayd etgan.

Uning bildirishicha, 2020 - yili 8300 dollar tdaromad ko‘rgan va bu pulning 6,5 ming dollarini sarf-xarajat qilgan. Talant Mamitovning uyi va mashinasi yo‘q, ammo umumiy qiymati 19 400 dollarga teng bo‘lgan chorvasi bor.

Hozir Bosh prokuror bo‘lib turgan Qurmanqul Zulushev 2020 - yili 750 722 qirg‘iz so‘mi topgan. Soliq xizmati ma’lumoti bo‘yicha, Zulushevning ham uyi yo‘q. Faqat mashinasi, kompyuteri va 2 mln. 600 ming qirg‘iz so‘miga baholangan chorvasi bor.

Qirg‘iziston parlamentidagi muxolifatchi deputat Saydulla Nishanov hamkasblarining boyligi bo‘yicha quyidagilarni aytdi:

“Ko‘pchilik hamkasblar soliq deklaratsiyasiga umuman hech narsa yozmaydi. Ular o‘z bizneslarini xotinlari yoki farzandlari orqali emas, ishonchli odamlari nomiga rasmiylashtirilgan firmalar vositasida qiladi”.

Prezident Sadir Japarov esa o‘z deklaratsiyasida 2020 - yili 247 953 qirg‘iz so‘mi, yoki taqriban 3 ming dollar daromad topganini, 6 gektarga yaqin qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiriluvchi yerga egalik qilishini qayd etgan.

Ayni paytda Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev va ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekov deklaratsiyada uylari ham, mashinalari ham yo‘qligini qayd etgan.

Tahlilchi Musurbek Qabilbekov qirg‘iz amaldorlarining o‘z boyliklarini yashirishga harakat qilishini quyidagicha izohlaydi:

“Qirg‘izistondagi amaldorlarning yarmidan ko‘pi xususiylashtirish boshlangan 90-yillarda boyigan. Bundan tashqari, noqonuniy yoki shubhali yo‘llar bilan boyiganlar bor. Qirg‘izistonda hususiy mulk kerakli darajada himoya qilinmaydi. Bizning amaldorlar qaysidir bir guruh yoki obro‘li klanlar bilan aloqador. Hokimiyat almashganda ularning boyligiga ega chiqmoqchi bo‘lganlar paydo bo‘ladi. Tortib olish boshlanadi. Shu sababli hech kim boyligini o‘z nomiga rasmiylashtirmaydi”, -deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG