Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:45

Qirg‘iziston Xitoy bilan savdoni tiklamoqchi. Yuk tashuvchilar yangi tartibdan norozi


Qirg‘iziston - Xitoy chegarasidagi haydovchilar -Torugart, Qirg‘iziston.
Qirg‘iziston - Xitoy chegarasidagi haydovchilar -Torugart, Qirg‘iziston.

Xitoy qariyb 18 oy oldin Qirg‘iziston bilan chegarasi bo‘ylab joriy etgan pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar tufayli ikki davlat o‘rtasidagi savdo qisqardi, natijada yuk tashuvchilar va chegara aro savdoga ishonadigan korxonalar mushkul moliyaviy ahvolga tushib qoldi.

Qirg‘iziston hukumati ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiq ko‘lamini oshirish uchun yangi tizimni taklif qilmoqda. Ammo yuk mashinalari haydovchilari taklif qilinayotgan o‘zgarishlar ularning moddiy ahvolini yanada og‘irlashtirishidan xavotirda.

«Bu sxema [yuk mashinalari haydovchilari], xususiy tadbirkorlar va davlatga zarar keltiradi», dedi «Saparman» yuk tashuvchilar uyushmasi raisi Maqsatbek Duysheyev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati bilan suhbatda.

«Ular bu Xitoy tomoni talabiga javob berish uchun zarur bo‘lgan taklif, deyishyapti, ammo bizga rasmiy hujjat ko‘rsatilgani yo‘q. Butun vaziyat tushunarsiz».

Taklif etilayotgan tizim allaqachon norozilik keltirib chiqardi. 8 - noyabr kuni Qirg‘izistonning Norin viloyatidagi Qo‘chqor tumanida 400 ga yaqin haydovchi yangi choralarga norozilik bildirish uchun to‘plandi va prezident Sadir Japarov ma’muriyatiga ochiq murojaat yo‘lladi.

Xitoy bilan savdo Qirg‘iziston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi, biroq 2020 - yilda pandemiya boshlanganidan beri Xitoydan Qirg‘izistonga import 57,5 foizga qisqardi, ikki davlat chegarasidan o‘tayotgan yuk mashinalari soni 10 baravarga ozaydi.

Bishkek savdoni pandemiyagacha bo‘lgan darajaga ko‘tarishga urinib keladi, ammo Xitoy hukumati joriy qilgan sog‘liqni saqlash tartib-qoidalari bunga to‘sqinlik qilmoqda.

Xitoyning COVID-19 qoidalariga yaxshiroq rioya qilish va chegaradan o‘tayotgan yuk mashinalari sonini ko‘paytirish maqsadida Qirg‘iziston rasmiylari Torug‘art chegara o‘tish joyi yaqinida «sanitariya zonasi» tashkil etishni rejalashtirmoqda. Rejaga ko‘ra, bu hududda ma’lum miqdordagi yuk mashinalari Xitoydan kelgan konteynerlarni neytral zona orqali olib o‘tib, Qirg‘iziston yuk mashinalariga yuklaydi.

Taklifga ko‘ra, ushbu xizmatni Qirg‘iziston-Xitoy chegarasida qurilgan Silk Way (Ipak yo‘li) sanoat va logistika markazi ko‘rsatadi.

Yangi tizim yuk tashish ko‘lamini pandemiyadan oldingi darajaga tiklashga yordam berishi mumkin bo‘lsa-da, Qirg‘iziston tashuvchilar uyushmasi raisi Nabir Toqtorov neytral zona bilan bog‘liq xarajatlar yuk tashuvchilar zimmasiga yuklanishidan xavotirda. Bu esa, o‘z navbatida, inflyatsiya oshishi va umumiy yuk hajmining ozayishiga olib kelishi mumkin.

Taklif etilayotgan yangi qoidalarga ko‘ra, haydovchilardan har bir yuk mashinasi uchun 1000 dollardan 1500 dollargacha to‘lov olinishi mumkin. Bu, tabiiyki, haydovchilar daromadini ozaytiradi. Kelishuvning to‘liq tafsilotlari Qirg‘izistondagi turli yuk tashuvchilar uyushmalariga taqdim etilgani yo‘q. Bu esa xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda.

«Bu pul byudjetga tushadi, deyishyapti. Lekin men buni tushunmayapman. Agar bu pul soliq to‘lash yoki yo‘llarni ta’mirlashga sarflanmasa, qaysi qonun asosida 1000 dollar olishadi? Bu qaroqchilik!» dedi Toqtorov Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida.

Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati Ozodlik radiosi so‘rovlariga javob bermadi.

Xitoy keskin COVID siyosatini davom ettirayotgan oz sonli mamlakatlarning biridir. Mamlakatda bitta virus yuqtirish holati aniqlansa, butun boshli shaharda karantin choralari joriy qilinishi mumkin.

Bunday keskin choralar bilan qatorda chegara nazorati ham kuchaytirildi. Pandemiya davrida Qirg‘izistondan tashqari Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham chegara aro savdo keskin qisqardi.

Qirg‘iziston iqtisodiyoti qo‘shnilariga solishtirganda Xitoydan mahsulot importiga yanada ko‘proq tayanadi. Mamlakatga Xitoydan elektronika, to‘qimachilik va qurilish materiallari kabi mahsulotlari olib kelinadi.

Xitoy joriy qilgan pandemiya cheklovlari ta’siri Qirg‘izistonda tezda sezildi. 2020 - yil mart oyi oxiriga kelib, mamlakatda Xitoy mahsulotlari importi taqchilligi yuzaga keldi. Oradan ko‘p o‘tmay, rasmiy Bishkek Xitoy hukumatiga chegaradagi cheklovlarni yumshatishga chorlab nota yubordi.

Bishkekdagi Xalqaro ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori Asqar Sidiqov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati bilan suhbatda:

«Bizning importimiz eksportimizdan 2,2 baravarga ko‘p va importning asosiy qismi Xitoydan keladi», dedi.

«Qirg‘iziston-Xitoy chegarasi uzluksiz ishlashi mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim. Hatto yengil sanoat uchun ham xomashyo Xitoydan keladi».

Pandemiya davrida Xitoy joriy qilgan sog‘liqni saqlash choralari tufayli yuk haydovchilar va logistika shirkatlarining daromadi ozaydi.

Ayni damda Qirg‘izistondan Xitoyga otlangan yuk mashinalari va yuklar dezinfeksiya qilinadi. Shuningdek, haydovchilarning o‘zlari ham tekshiruvdan o‘tadi. Natijada navbatlar ko‘paygan va bir kunda o‘tayotgan yuk mashinalari soni qisqargan.

Haydovchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon 90 daqiqadan ko‘proq vaqt olishi mumkin. Yuk mashinasi chegarani kesib o‘tganidan keyin, undagi bo‘sh konteyner yechib olinadi va uning o‘rniga Xitoy tovarlari ortilgan to‘la konteyner qo‘yiladi. Buning ortidan haydovchilar Qirg‘iziston tomoniga qaytish jarayonini boshlaydilar.

Taklif qilinayotgan yangi chora-tadbirlar ushbu jarayonni tezlashtirish va pandemiya davrida chegarada yuzaga kelgan to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ammo Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati bilan suhbatlashgan haydovchilarning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim poraxo‘rlik uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin.

Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 2020 - yilda 8,6 foizga qisqardi. Pandemiya davomida mamlakat iqtisodiyoti oqsoqlab keladi.

Xitoyning iqtisodiy ahamiyati tufayli Pekin bilan iqtisodiy hamkorlikni oshirish Qirg‘izistonning hozirgi hukumati uchun ustuvor masaladir.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov 12 - oktabr kuni yangi lavozimga kirishganidan beri bu masala bilan shug‘ullanib keladi. Japarov bu borada parlamentda nutq so‘zladi va chegaradagi Torug‘art nazorat-o‘tkazish punktiga tashrif buyurdi.

Rasmiy 9 - noyabr kuni Xitoy elchisi Du Deven bilan uchrashib, Xitoy bilan savdoni yaxshilash va ko‘proq sarmoya jalb qilish masalasini yana ko‘tardi.

«Savdo hajmini oshirishimiz kerak. Vazirlar Mahkamasi sarmoyadorlar xavfsizligini kafolatlashga tayyor», dedi u uchrashuv chog‘ida.

XS
SM
MD
LG