Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:03

Qirg‘izistonning sobiq ikki prezidentidan dahlsizlik maqomi olib tashlanishi talab qilinmoqda


So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Qirg‘iziston tarixida iste’fo bergan ilk prezident bo‘ldi.
So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Qirg‘iziston tarixida iste’fo bergan ilk prezident bo‘ldi.

Qirg‘iziston tarixida birinchi marta iste’fo bergan sobiq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov hamda Markaziy Osiyoda yagona ayol prezident bo‘lgan Ro‘za O‘tunbayevadan dahlsizlik maqomini olib tashlash hamda ularni imtiyozlardan mahrum qilish talab qilinmoqda.

Qirg‘izistonlik faollar mazkur talabnoma ostiga 15 ming kishining imzosini yig‘dilar. Ayni paytda imzo to‘plash jarayoni davom etmoqda.

Faollar sobiq prezidentlar ta’minoti mamlakat byudjetiga qimmatga tushayotgani va ular umrbod dahlsizlik, yuqori nafaqa va boshqa imtiyozlarga noloyiq ekanligini aytmoqdalar.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni eks-prezident maqomidan ajratish taklifini birinchilardan bo‘lib o‘tgan yil oktabridagi xalq qo‘zg‘olonida ishtirok etgan faollar ko‘targan. Ular sobiq prezidentni saylovlarni qalbakilashtirish va poraxo‘rlarni qo‘llashda ayblagan.

Jeenbekov o‘tgan yili oktabr oyida bosimlar ostida iste’fo bergan. Lekin umrbod daxlsizlik maqomini saqlab qolgan. Bundan tashqari davlat uni tansoqchilar va katta miqdordagi nafaqa bilan ta’minlaydi.

“Biz qo‘zg‘olon paytida militsiya bilan sodir etilgan to‘qnashuvlar paytida bir yigitni yo‘qotdik. U 19 yoshda edi. Men bu taqdir ekanini tushunaman, lekin u hali juda yosh edi. U o‘z erkinligi uchun chiqqandi. Qolaversa, ko‘plab odamlar nogiron bo‘lib qoldi. 19-20 yoshli yigitlar qo‘lidan, ko‘zidan ajraydi-yu bu odam eks-prezident maqomini, imtiyozlarni oladimi? Menimcha bunday bo‘lishi kerak emas”,- deydi oktabr voqealari ishtirokchisi Dastan Arakeyev.

Boshqa faollar esa bu masalada yanada ilgarilashdi. Ular nafaqat Jeenbekov balki, O‘tunbayevani ham maqomidan ajratishni taklif qilmoqda. O‘tunbayeva 2010 - yil aprel voqealaridan keyin mamlakat teppasiga kelgan va atigi 1,5 yildan so‘ng tinchgina hokimiyatni o‘tkazib bergan.

Bloger Chingiz Qaparov fikricha, O‘tunbayevaga bu maqomni berishning ma’nosi yo‘q, chunki uni halq saylovda tanlab olmagan. Shuning uchun uni ham maqomidan ajratish petitsiyasini 15 ming odam imzolagan.

“Jeenbekov bir oyda 296 ming, O‘tunbayeva esa 146 ming so‘m nafaqa oladi. Uning boshqa harajatlari uchun yana million so‘m ajratiladi. Demak, ikki prezidentga halq pulidan, tahminan, yiliga 280 ming dollardan sarflanadi. Bu noqonuniy. Shuning uchun odamlar bizni qo‘llab imzo qoldiryapti”, -deydi Chingiz Qaparov.

O‘tunbayeva iste’fodan keyin, ma’rifiy loyihalarni moliyalovchi, bolalar bog‘chalarini ochuvchi va fan festivallarini o‘tkazuvchi fond tashkil qilgan.
Bu tashkilotda sobiq prezident imtiyozlardan foydalanmasligini aytishdi. U davlat rezidensiyasida yashamaydi, qonunlarni buzmaydi, demak imtiyozga muhtoj emas. Qolaversa butun nafaqasini hayriya uchun beradi:

“Bizga og‘ir vaziyatda qolgan ayollar ko‘p murojat qilishadi. Bizga qandaydir yordam ko‘rsatish iltimosi bilan murojat qilishsa, biz ularni navbatga qo‘yamiz. Va u nafaqasini o‘sha odamlarga yuboradi”,- dedi Ro‘za O‘tunbayeva fondi direktori Do‘gdurkul Kendirbayeva.

Siyosatshunos Baqitbek Jumagulov fikricha, Qirg‘izistonda sobiq 5 prezidentdan ikki nafari qochqinda, biri qamoqda va yana ikkisini maqomidan ajratmoqchi bo‘lishayotgani shunchaki tasodif emas. Unga ko‘ra, bularning barchasi ishlamaydigan siyosiy tizim alomatiga o‘xshaydi:

“Bu shaxsiyat masalasimi yoki tizm masalasimi? Agarda bu shaxsiyat masalasi bo‘lsa, kelinglar unda barcha kriteriyalarga mos bo‘lgan, ideal, optimal shaxsiyat, shunday prezident topinglar. Agarda masala shaxsiyatda bo‘lmasa, unda tizimni o‘zgartirish kerak”, - deydi Baqitbek Jumagulov.

Bu orada sobiq prezidentlarni maqomidan ajratish masalasi o‘z-o‘zidan hal etilishi ham mumkin. Negaki, hozir mamlakat parlamentida sobiq davlat rahbarlari uchun hech qanday imtiyozlarni ko‘zda tutmagan yangi Konstitutsiya loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

XS
SM
MD
LG