Qozog‘istondagi yanvar voqealari chog‘ida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi izsiz yo‘qoldi. Ulardan biri tartibsizliklar boshlanguncha g‘oyib bo‘lgan, ikkinchisi esa politsiya qo‘lga olganidan beri dom-daraksiz. Politsiya “qo‘yib yuborilgan” demoqda, lekin odam uyiga qaytmagan.
Ozodlik qozoq xizmati muxbirlari o‘zbekistonliklarning taqdiri borasida jurnalistik surishtiruv olib bordi.
“Ozod etilgani dalili yo‘q”
Aka-singil Meyrgul va Bogenboy Qanatboyevlar – qandas bo‘lib, Qoraqalpog‘istondan ko‘chib kelishgan (“qandas” boshqa mamlakatlardan Qozog‘istonga ko‘chib borgan etnik qozoqlar va ularning oila a’zolariga beriladigan qonuniy maqom – Ozodlik izohi). Ular Janao‘zen va Atirauda istiqomat qilishsa-da, yanvar oyidan boshlab Olmaotaga tanda qo‘yib olishgan. Ikkovlon ukalari Maqset Qanatboyevni qidirishmoqda – uni yanvar voqealari chog‘ida politsiya ushlagan edi, o‘shandan beri dom-daragi yo‘q.
Maqset Qanatboyev 32 yoshda, u Qoraqalpog‘iston (O‘zbekiston)ning Taxiatosh shahrida tug‘ilgan. 2020-yilda u Olmaotadagi qarindoshlarini qora tortib kelgan, o‘shandan beri “Oltin O‘rda” ulgurji bozorida arava tortardi. Ish joyiga yaqinroq bir ijara kvartirada hamyurtlari bilan birga yashagan.
“Jo‘ralari namoyishlar boshlanganidan so‘ng uydan chiqmadik, deyishyapti. “Oltin O‘rda” bozori atrofiga politsiya “omonchi”lari tashlanganida Maqset ular uyga bostirib kirib, uni olib ketishlaridan cho‘chigan va bir tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, boshqa joyga olib ketishni iltimos qilgan. 6-yanvarda, kechga yaqin politsiya uni to‘xtatgan va qo‘llarini kishanlab, olib ketgan. O‘shandan beri ukamning dom-daragi yo‘q”, deydi Meyrgul Qanatboyeva.
Meyrgul va Bogenboy Olmaota politsiyasiga murojaat qilishgan, shahardagi barcha morglaru qamoqxonalarni aylanib chiqishgan, ammo hanuz ukalarining izini topa olishmagan.
Politsiya ularga Maqset Qanatboyev 12-yanvar kuni qo‘yib yuborilgan”ini bildirgan.
Aka-singil Qanatboyevlar Maqsetning yonida hujjatlari va mobil telefoni bo‘lganini, rostdan ham qo‘yib yuborishgan bo‘lsa, albatta qo‘ng‘iroq qilishi kerakligini aytishmoqda.
“U oilada yettinchi farzand. Qozog‘iston fuqaroligini olgach, uylanmoqchi edi. Qarindosh-urug‘larimiz Qoraqalpog‘istonda yashashadi. Maqset yo‘qolib qolganini onamga hanuz bildirganimiz yo‘q”, deydi Meyrgul.
Singilning so‘zlariga ko‘ra, ular boshqa bir tutqunning qarindoshlari bilan birlashib, advokat yollaganlar.
“Politsiyaga murojaat qildik, prokuraturaga ham. Bizga ukamning qo‘lga olinishi, so‘roq qilinishi yoki ozod etilishi qayd etilgan videoyozuvlarni berishmadi. Uni kim so‘roq qilganini yoki kim qo‘yib yuborganini aytishmayapti. Bundan chiqadiki, ukamning avaxtaga kirgani izlari boru u yerdan chiqqani izi yo‘q”, deydi Meyrgul.
G‘oyib bo‘lgan Maqset Qanatboyev ishi bilan advokat Nurxon Amangeldi shug‘ullanmoqda. U Olmaota prokuraturasiga shikoyat yozgan, murojaatini Olmali tumani prokuraturasiga yo‘llashibdi.
“Maqset Qanatboyev va uning sinfdoshi Meirjon Kamayev avtomobilda ketishayotgan paytda “Moskva” savdo markazi qarshisida – Abay va Oltinsarin ko‘chalari kesishmasida ushlangan. Meirjon Kamayevni hibsxonada sud sanksiyasisiz 10 sutka saqlab, 16- yanvarda bo‘shatganlar. Ammo u bilan birga qo‘lga olingan Maqset Qanatboyevning qo‘yib yuborilganiga dalil yo‘q. Bu masalada bergan savollarimiz javobsiz qoldi. Ariza berganimizdan so‘ng Olmali tumani politsiya mahkamasi Maqset Qanatboyevni qidiruvga berdi va 29-yanvarda jinoyat ishi ochdi”, deya ma’lum qildi advokat.
“Oltin O‘rda” yaqinida g‘oyib bo‘lgan
Bedarak ketgan ikkinchi kishi ham O‘zbekiston fuqarosi – 1978-yilda tug‘ilgan Azat Jumaniyazov. U Qoraqalpog‘istondagi Chimboy shahrida tug‘ilgan. Azat 4-yanvardan beri dom-daraksiz. Uni xotini Meyrkul hamda Jambil viloyatining Qorday qishlog‘ida yashovchi qarindosh-urug‘lari qidirishmoqda. Meyrkulning o‘zi hozirda bir yashar go‘dagi bilan birga Chimboyda turadi.
“Bahorda erim bilan Olmaotaga borib, kuzgacha ishladik. U payvandlovchi bo‘lib ishladi, men bolalar bog‘chasida oshpazlik qildim. Kuzda men qaytib keldim. Hozir uydan chiqa olmayman – qo‘limda chaqalog‘im bor. Azat Yangi yil bayramida uyga kelmadi, ishidan ruxsat berishmadi. 4-yanvardan beri undan xabar yo‘q”, deydi ayol.
Meyrkulning umidi – Azatning Olmaota yaqinida yashovchi qarindoshlaridan, “ular erimni topib berishadi”, deb o‘ylaydi. Jiyani Nurlan Oteniyazov aytishicha, Azat ikki-uch yil Olmaota yaqinidagi Alatau tumanining Madaniyat mikrotumanida payvandlovchi bo‘lib ishlagan. Ish beruvchi uni yotoqxona bilan ta’minlagan.
“4-yanvar kuni soat 11 larda u Qordaydagi amakimnikiga borish uchun yo‘lga chiqqan. Oradan ikki-uch kun o‘tib biz uni qidirishni boshladik. Barcha tanishlarimizdan so‘rab-surishtirdik, ammo hech kim uni ko‘rmagan. Hatto morglarda ham bo‘ldik, hech qayerda uning izini topmadik”, deydi Nurlan.
Oteniyazovga ko‘ra, Azatni topa olishmagach, uning fotosuratini “Oltin O‘rda” bozori atrofiga yopishtirib chiqqan. 17-yanvarda u Alatau tumani politsiyasiga ariza bergan. Politsiya “Azat Jumaniyazovning telefoni tarmoqdan yo‘qolgan paytda u Do‘lan qishlog‘i atrofida bo‘lgan”ini bildirgan.
Do‘lan qishlog‘i Olmaota bilan Kaskelen orasida joylashgan bo‘lib, “Oltin O‘rda” bozoriga yaqin.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukumatning 8-fevraldagi yig‘ilishida “Oltin O‘rda” bozorini “Jinoyatchilik uyasi” deb atagan, “bunga Olmaotada tartibsizliklar chog‘ida amin bo‘lgan”ini urg‘ulagan edi.
Biroq prezident ham, kuchishlatar idoralar ham “Oltin O‘rda” bozorining yanvar voqealariga aynan qanday daxli borligini ochiqlashmagan. Yanvar voqealariga doir turli taxminlar birida tartibsizliklar bilan shug‘ullanganlar orasida “Oltin O‘rda” bozorida ishlagan hammol va mardikorlar ham bo‘lgani aytiladi.
Olmaotadagi ommaviy namoyishlar 4-yanvar kuni “Alatau” teatri yonida boshlangan edi. Politsiya norozilarni kuch bilan tarqatgan, lekin odamlar ertasiga ham namoyishga chiqqanlar.
5-yanvarda “spetsnaz” “Oltin O‘rda” bozori yaqinida namoyishchilarni tarqatish uchun yorug‘lik-shovqin granatalari va rezina o‘qlardan foydalangan. Ertalab 8 larda bozor tevaragida jamoat transport harakati to‘xtatilib, ko‘chalar to‘silgan.
Ayni hududda O‘zbekistonning yana bir fuqarosi – Ziyodjon Qo‘chqorov ham g‘oyib bo‘lgan edi. Oradan 25 kun o‘tgach, qarindoshlari uning otib o‘ldirilganini aniqlaganlar.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar voqealarida 230 kishi halok bo‘lgan. Hukumat o‘lganlarning ismlarini hanuz e’lon qilmadi. Ulardan 19 nafari harbiylar va huquq-tartibot xodimlari ekani aytiladi.
Yanvar oyi o‘rtalarida Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari “tartibsizliklar”ga aloqador shaxslar qidirilayotganini va shu asnoda “migratsiya qoidalarini buzgan” 20 ga yaqin o‘zbekistonlik ushlanganini ma’lum qilgan.