Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:36

Rasmiy raqamlar jinoyatchilikka qarshi kurashning "yangi tizimi"ni savol ostiga qo‘ymoqda


O‘zbekiston bo‘ylab qidiruvda bo‘lgan 9790 kishidan 25 foizigina ushlangan.
O‘zbekiston bo‘ylab qidiruvda bo‘lgan 9790 kishidan 25 foizigina ushlangan.

Andijonda besh kishi kelinchakni zo‘rladi. Tilla tish o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi. Amaldor 13 ming dollarga yer sotayotganda qo‘lga tushdi. Fuqaro sudya ayolning telefonini sindirib tashladi…

Bular keyingi kunlarda o‘zbek ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan xabarlarning sarlavhalaridir.

Bosh prokuratura hamda nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, kriminal xabarlarning ko‘pligi bejiz emas: so‘nggi bir yilda jinoyat keskin ko‘paygan.

Yana bir necha sarlavha

O‘zbek saytlaridan ixchamlab olganimiz sarlavhalarni yana davom ettirish mumkin:

  • Adiblar xiyobonida talonchilar qo‘lga olindi. Talonchilardan biri 16 yashar qiz.
  • Opasini pichoqlab o‘ldirgan ayol 10 yilga qamaldi.
  • Xotinini o‘qlov bilan urib o‘ldirgan yerga sud hukmi o‘qildi.
  • Lacetti avtomobilini olib qochgan qiz ushlandi.
  • Qo‘shnilari qo‘yini o‘g‘irlab, so‘yib sotgan shaxs 3 yilga qamaldi…

Mana bular esa, Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan so‘nggi xabarlarning sarlavhalari:

  • Toshkent viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan poytaxtda «gashish» giyohvandlik moddasini olib yurgan shaxs ushlandi.
  • Paxta o‘ramidagi 16.000.000 so‘mlik tilla taqinchoqlar.
  • O‘zbekiston tumanida “VAZ-2105” rusumli avtomashinani olib qochgan shaxs qamoqqa olindi.
  • Namangan tumanida pichoqdan yaralangan sotuvchi shifoxonaga yotqizildi.

Joriy oyning o‘zidayoq paydo bo‘lgan kriminal yangiliklar sarlavhalarini yana uzoq keltirish mumkin.

Jinoyat ko‘paydimi yo xabar?

Jinoyat ko‘paydimi yoki axborot vositalari biroz erkinlashib qolgani va ijtimoiy tarmoqlar sabab xabarlar oqimi ko‘paygani uchun jinoyat ko‘payib ketganday tuyulyaptimi?

Ozodlikning bu va mavzuga oid boshqa savollariga javoblarni IIV matbuot xizmati mulozimi Bosh prokuraturadan olishni tavsiya qilish bilan cheklandi.

Prezident Mirziyoyevning 2018 - yil 14 - fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilgani xabar qilingan. Mirziyoyev o‘z chiqishlarida asosiy e’tiborni jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratish kerakligini ta’kidlab keladi. Ushbu maqsadda profilaktika inspektorlari soni qo‘shimcha 1 ming nafarga ko‘paytirilgan, ularga joylarda ijtimoiy-maishiy sharoit yaratib berilgan. Ammo jinoyatchilik bilan bog‘liq rasmiy raqamlar "huquqbuzarliklarga qarshi kurashning yangi tizimi" qanchalik samara berayotganini savol ostida qoldirmoqda.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bundan bir oldin, 23 - aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisiga prokuratura organlarining 2020 - yildagi faoliyati to‘g‘risida hisobot bergan, hisobotda quyidagi ma’lumotlar keltirilgan edi.

Bosh prokurorga ko‘ra, 2020 - yili butun mavmlakat bo‘ylab 62 081 ta jinoyat ro‘yxatga olingan.

Jinoyatchilik bir yilda 34,7 %, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49%, shu jumladan qasddan odam o‘ldirish 13%, og‘ir tan jarohati yetkazish 13%, zo‘rlash 27,7%, talonchilik 18,5% ga o‘sgan.

Senatning rasmiy saytidagi xabarnomada keltirilmagan, yuqorida qora harflar bilan berilgan ma’lumotlar "Xalq so‘zi" gazetasining rus tilidagi versiyasida keltirilgan xolos, o‘zbekcha versiyasidan bu ma’lumotlarni topmadik.

“Ezgulik”: Davlat va huquq-tartibot organlaridan norozilik kuchli

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati qonunbuzarlik yoki jinoyat qurboni bo‘lganlar yordam so‘rab murojaat qiladigan nodavlat, notijorat tashkilotidir.

Jamiyat raisi Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, “tashkilotga kelayotgan shikoyatlar tahlili o‘g‘irlik, bosqinchilik, odam o‘ldirish va nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshayotganini ko‘rsatmoqda”.

Abdurahmon Tashanov keyingi yillarda konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, terrorizm va ekstremizmga oid jinoyat sodir etganlikda ayblanib javobgarlikka tortilganlar ko‘lami sezilarli pasayganini qayd etdi.

"Ayni paytda, - deydi Tashanov, - tahlillarimiz mamlakatdagi nisbiy erkinliklar fonida jamoat tartibini buzish, firibgarlik va maishiy xarakterga ega huquqbuzarliklar ko‘lami oshganini ko‘rsatmoqda. Buni rasmiy raqamlar ham tasdiqlaydi”.

"Ezgulik" jamiyati rahbarining aytishicha, u boshqarayotgan tashkilotga
fuqarolardan kelayotgan murojaatlar, asosan mahalliy davlat hokimiyati organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining faoliyatidan norozilikni o‘zida aks ettiradi, murojaatlardan, shuningdek, korrupsiyaviy qonunbuzarliklar ko‘lami ham sezilarli darajada oshgani sezilmoqda.

Qonunlar "liberallashdi"


O‘zbekistonlik pedagog va yurist Mahmudjon Yo‘ldoshev jinoyatchilik ko‘lamining keskin oshib ketishini sharhlar ekan, gapni “odam jinoyatni yo yo‘qchilikdan yoki to‘qchilikdan qiladi”, deb boshladi.

Yuridik universitetni yoshi 75 dan o‘tganda bitirib, yaqinda diplom olgan Mahmudjon Yo‘ldoshev bunday dedi:

“Albatta, hozir O‘zbekistonda odamlar to‘qchilikdan jinoyat qilyapti, deyish qiyin. Bas, shunday ekan, jinoyat yo‘qchilik mahsuli bo‘lyapti, deyish mumkin”.

Ayni paytda pedagog olim muammoni faqat yo‘qchilik yoki to‘qchilik bilan bog‘lab o‘rganish ham to‘g‘ri bo‘lmasligini uqtiradi. U keyingi paytlarda qonunlar va jazo mexanizmlari liberallashganini, umuman jamiyat hayoti nisbatan, har holda Birinchi prezident davridagiga nisbatan liberallashgani, biroq qonunlarni bilmaydigan fuqarolar bu liberallashuvni noto‘g‘ri, o‘z foydasiga tushunib olayotganiga e’tibor qaratadi.

O‘tgan yil iyulida O‘zbekiston Oliy sudi pandemiya davrida mamlakatda bezorilik, firibgarlik, o‘g‘irlik, giyohvand vositalariing noqonuniy aylanishi, qo‘shmachilik, fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshganini ma’lum qilgan.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Oliy Majlis Senatining shu yil martida o‘tgan 13-yalpi majlisida pandemiya davrida o‘g‘rilik va firibgarlik singari jinoyatlar ko‘payganini qayd etgan.

«Pandemiya paytida ko‘pchilik oilalar daromadsiz qolgani uchun va bu davrda profilaktik tadbirlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi sababli mulkiy turdagi jinoyatlar soni ko‘paydi.

Jumladan, o‘tgan yili o‘g‘riliklar soni 8 ming 164 tani tashkil etgan. Bunda xonadonlarda qilingan o‘g‘riliklar soni 1918ta, savdo shoxobchalaridagi o‘g‘riliklar 813ta va transport vositalaridagi o‘g‘riliklar 774tani tashkil etdi.

Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekistonda 18 ming 660ta firibgarlik jinoyati sodir etilgan. Bu jinoyatni sodir etganlarning 4 ming 124tasini ishsiz fuqarolar tashkil etgan», deya vazirdan iqtibos keltirgan Kun.uz nashri.

Qidiruvdagilarning 75 foizi ushlanmagan

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning 23 - aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisiga bergan hisobotida qidiruvga berilganlarning to‘rtdan uch qismi ushlanmagani aytildi.

Bosh prokuror o‘z hisobotida tezkor-qidiruv ishi zaif ekanligini tan olgan. Natijada mamlakat bo‘ylab qidiruvda bo‘lgan 9790 kishidan 6761 nafari yoki 75 % ushlanmagan.

Bosh prokurorning fikricha, 62081 ta jinoyatdan 41087 tasi, ya’ni 66 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sirasiga kiradi, biroq oldi olinmagan.

XS
SM
MD
LG