Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:03

Rossiya o‘z qo‘shinini Ukraina chegarasidan qaytara boshlaganini bildirdi. NATO buni inkor qildi


15 - fevral kuni Ukraina chegarasidan qaytayotgani aytilgan Rossiya tanklari.
15 - fevral kuni Ukraina chegarasidan qaytayotgani aytilgan Rossiya tanklari.

Rossiya Mudofaa vazirligi 15 - fevral kuni 130 ming harbiysini Ukraina bilan chegaradosh hududlardan “harbiy mashg‘ulotlar yakunlangani munosabati bilan” olib chiqib ketayotganini bildirdi.

Ayni paytda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya Ukraina bilan chegaradosh hududlardan harbiylarini olib chiqib ketayotgani kuzatilmagani to‘g‘risida bayonot berdi.

15 - fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasi atrofiga yig‘ilgan rus askarlarining harbiy mashg‘ulotlari yakunlanganini bildirdi.

Ukraina chegarasidagi rus harbiylari avtotransport va temir yo‘llar orqali qaytarilayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

“Janubiy va G‘arbiy harbiy okrug bo‘linmalari o‘z vazifalarini tugallab, temir yo‘l va avtomobil transportiga yuklarni ortishni boshlab yubordilar va bugundan o‘z harbiy qismlariga jo‘naydilar. Alohida bo‘linmalar harbiy kolonnalarning bir qismi sifatida mustaqil yurishadi”, dedi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov.

Ayni paytda NATO Rossiya Ukraina chegarasidan harbiylarni olib chiqayotgani kuzatilmayotganini ta’kidladi. Stoltenberg o‘z bayonotida Moskva vaziyatni yumshatish yo‘nalishida muloqotni davom ettirish niyati borligini sha’ma qilayotgani to‘g‘risida ham gapirdi.

“Moskvadan diplomatik harakatlar davom ettirilishi lozimligi to‘g‘risida signallar bor. Bu ehtiyotkor optimizm uchun asos bo‘la oladi. Ammo biz joy-joylarda vaziyatni yumshatish uchun qilinayotgan harakatlarni ko‘rmayapmiz”,-dedi Stoltenberg 15 - fevral kuni Bryusselda jurnalistlarga bergan intervyusida.

Stoltenberg NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Bryusselda ikki kun davomida o‘tgan sammitida Rossiyaning Ukraina chegarasiga askar va harbiy texnika jamlashini “sovuq urush davridan beri kuzatilmagan mislsiz voqea” sifatida ta’rifladi.

Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi ekspertlari ham Rossiya Ukraina bilan chegarasidan harbiylarni olib chiqib ketayotgani kuzatilmagani to‘g‘risida xabar berdi.

Avvalroq mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga harbiy manyovrlar barcha harbiy okruglarda va flotlarda o‘tkazilayotgani to‘g‘risida axborot bergan.

Undan oldinroq ayrim ommaviy axborot vositalari, jumladan, Germaniyaning Spiegel nashri Rossiya Ukrainaga 16 - fevral kuni urush e’lon qilish ehtimoli borligi to‘g‘risidagi xabarlarni tarqatgan edi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqqa murojaat bilan chiqib, 16 - fevralni Ukraina Birdamlik kuni deb e’lon qildi:

"Bizga 16 - fevral kuni hujum boshlanishini aytishmoqda. Bu sanani birdamlik kuni deb e’lon qilamiz. Men tegishli farmonga imzo chekdim. Bizni katta urush bilan qo‘rqitishmoqda, bir necha bor hatto bostirib kirish sanasini ham belgilashdi. Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Qarshi turishga qurbimiz yetadi. Biz juda yaxshi armiyaga egamiz: u sakkiz yil oldingidan bir necha karra kuchli. Biz tinchlikka intilamiz, barcha masalalarni faqat tinch yo‘l bilan hal etishni istaymiz”.

Zelenskiy o‘z murojaatida Ukraina armiyasi unikal jangovar tayyorgarlikka ega ekanini ta’kidlagan holda, Donbass va Qrimni Ukrainaga qaytarish jarayoni faqat diplomatik yo‘l bilan amalga oshirilishini aytdi.

AQSh va qator davlatlar rasmiy vakillari Rossiya Ukrainaga istalgan paytda hujum qilish qudratiga ega ekani to‘g‘risida bayonot bergandi. Ammo Kreml bunday niyati yo‘qligini aytib kelgan.

Ayni paytda Rossiya Davlat dumasi 15 - fevral kuni Ukraina sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar nazoratidagi Donetsk va Luganskni mustaqil davlatlar sifatida tan olish to‘g‘risida prezident Vladimir Putinga murojaat etish borasidagi qarorni qabul qildi.

Separatchilar Moskva qo‘llovida bosib olgan bu ikki viloyat o‘zini 2014 - yilda Xalq Respublikasi deb e’lon qilgan edi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Rossiyani Duma qabul qilgan qarorlarni bekor qilishga va “bu kabi gibrid fitnalarga barham berish”ga chaqirdi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Vyacheslav Makarovning bildirishicha Donetsk va Luganskda 773 ming kishi Rossiya fuqaroligini qabul qilgan.

Rossiyaning muhtamal hujumiga oid xabarlar manzarasida AQSh Ukrainadagi o‘z elchixonasini vaqtincha Kiyevdan Lvovga ko‘chirishga qaror qilgan. Bu haqda AQSh Davlat departamenti saytida yoyinlangan xabarnomada bildirilgan.

Mazkur chora elchixona xodimlari xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘rilgani aytilmoqda. AQSh imkoniyat bo‘lishi bilan elchixona xodimlarini Kiyevga qaytarishga umid qilyapti. Kiyevdagi elchixona kompyuterlari va boshqa jihozlar yo‘q qilinadi, telefon tizimi esa demontaj qilinadi.

“Elchixona diplomatik munosabatlarni muvofiqlashtirish orqali Ukraina hukumati bilan hamkorlikni davom ettiradi. Shuningdek, biz inqiroz eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha intensiv diplomatik sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz” , deyiladi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bayonotida.

Blinken “agar Rosiya vijdonan ish tutishga qaror qilsa”, bu borada diplomatiya yo‘li ochiq qolayotganini urg‘ulagan.

Avvalroq Kanada ham o‘z elchixonasini Kiyevdan Lvovga ko‘chirishga qaror qilgan, shuningdek, Germaniya ham diplomatik missiyasini Dneprdan Lvovga ko‘chiradigan bo‘lgan.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi vakolatxonasi rahbari Matti Maasikas 14 - fevral kuni Tvitterdagi o‘z sahifasi orqali YeIga a’zo bo‘lgan barcha mamlakatlarning elchixonalari o‘z faoliyatlarini Kiyevda davom ettirishini bildirgan.

“Men so‘nggi paytlarda ko‘plab diplomatik aloqalar va muzokaralar, jumladan, davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘layotganidan mamnunman, ammo ko‘proq ish qilish kerak. Va barchadan sa’y-harakatlarini jadallashtirishini kutaman. Men bor imkoniyatni ishga soldim va biz muammoga tinch yo‘l bilan barham berish uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Diplomatiyadan voz kechib, qarama-qarshilikka yo‘l ochish - bu chiziqdan oshish emas, balki jarga sakrashdir. Gapning qisqasi, mening o‘tinchim shu: tinchlik yo‘lini buzmang", deydi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish .

AQSh, Kanada, Chernogoriya, Hollandiya, Yaponiya, Latviya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Daniya, Norvegiya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Litva, Finlyandiya, Italiya, Shvetsiya, Chexiya va Iroq kabi jami 40ga yaqin davlat o‘z fuqarolariga Ukraina hududini tark etishni tavsiya qilgan.

Shuningdek, AQSh Rossiyaning Ukraina tevaragidagi harbiy faolligi hamda Moldovadan mustaqillik e’lon qilgan Dnestrbo‘yi bilan Kishinyovdagi hukumat o‘rtasidagi bartaraf etilmagan mojaro vajidan o‘z fuqarolariga Moldovaga safar qilmaslikni tavsiya etgan.

Ikkala mintaqaga ham xavfliligi bo‘yicha to‘rtinchi daraja berilgan.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasi yaqiniga yig‘ilayotganiga oid xabarlar ommaviy axborot vositalarida o‘tgan yil kuzidan beri paydo bo‘la boshlagan. AQSh va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar Moskva harbiy hujumga hozirlanayotganini taxmin qilib, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsata boshlashgan.

Kreml bu iddaolarni rad etib, AQSh va NATOdan xavfsizlik kafolati, jumladan Shimoliy Alyansni sharqqa tomon kengaytirmaslikni talab qilgan. G‘arb vakillari printsipial masalalarda yon berish niyatlari yo‘qligini bildirishgan.

Mavzuga oid so‘nggi tafsilotlar Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlari orqali muntazam yangilab borilmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG