Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:38

Rossiya: Rublning qadrsizlanishi manzarasida migrantlar daromadi tushmoqda(VIDEO)


O‘zbek migrantlari uylariga yuboradigan pullar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
O‘zbek migrantlari uylariga yuboradigan pullar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuziga javoban AQSh va ittifoqchilari qo‘llayotgan iqtisodiy sanksiyalar rus rublining keskin qadrsizlanishiga olib keldi.

Rossiya Markaziy banki rublь butkul qulashining oldini olish uchun shoshilinch choralar ko‘rayotgani aytiladi.

Рубль кескин қадрсизланди - мигрантлар даромади тушмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:54 0:00

Rossiyaga sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. O‘zbek migrantlari uylariga yuboradigan pullar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Bu milliardlab dollar degani.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin 1 AQSh dollari 75 rublga baholangan bo‘lsa, bir hafta o‘tib 120 rubldan oshib ketdi.

Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbek muhojirlari rublda maosh oladi. O‘zbekistonga esa, ular mablag‘larini AQSh dollarida jo‘natishadi.

Hozirning o‘zida mehnat muhojirlarining daromadlari xorijiy valyuta hisobida deyarli ikki barobarga kamaygan.

"Oyiga 500$ jo‘natib turgandik, endi shuni yarmini ham yuborolmaymiz"

Rossiyaning Xabarovsk shahrida shifokor bo‘lib ishlovchi o‘zbekistonlik Sulton Polvonov G‘arb Rossiyaga kiritgan sanksiyalarni o‘z badanida his qilayotgan millionlab o‘zbek muhojirlaridan biri.

“Hozir bir dollar 120 rubl. Ba’zi joylarda 130 rubl. Bir hafta oldin hammasi yaxshi edi. Hozir 200 dollaringiz 100 dollar bo‘lib qoldi. Hozir O‘zbekistonga pul jo‘natish emas, tirikchilik asosiy qayg‘u bo‘lib turibdi. Ko‘pchilik uyga pul yubormayapti. Narxlar ham oshdi. Topganimiz hozir o‘zimizning harajatdan ortmayapti”, - deydi Polvonov.

Ozodlik suhbatlashgan Rossiyadagi yana bir o‘zbek migranti vaziyat shunday davom etsa, O‘zbekistonga qaytib ketishdan boshqa chorasi qolmasligini aytadi.

“Hozir dollar hisobida bu yerda topayotganimiz deyarli yarimga kamaydi. Oyiga 500 dollar jo‘natib turgandik, hozir shuni yarmini ham yuborolmaymiz. Lekin, o‘zimizda bu yerda topganimning yarmini topsam ham, shunisi ma’qul menga. Oilamdan uzoqda ishlashning ma’nosi qolmayapti”, - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan mehnat muhojiri.

"Dollar tushishini kutamiz"

Migrantlar rus rublining qadrsizlanishi manzarasida daromadlarni saqlab qolish yo‘llarini izlashmoqda.

Ba’zilar Rossiyada vaziyat yaxshilanishini kutishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytishadi.

"Men dollar tushishini kutmoqchiman. Ikki oy bo‘ladimi, uch oy bo‘ladimi to‘plab turamiz. Rubl yana qurbini tiklasa almashtirib, to‘plaganimizni jo‘natamiz", - deydi Moskva shahrida farroshlik qiluvchi Muzaffar.

Ayrim o‘zbekistonliklar daromadlarini saqlab qolish maqsadida Rossiyadan dollar emas, rublning o‘zini ham jo‘natib ko‘rishmoqda.

“Kecha jo‘natdim 100 dollarga pulim yetmadi. 9000 ming rublni o‘zini jo‘natdim. O‘zbekistonda ham rubl tushib ketibdi. 700 ming bo‘ldi. Bu avvalgidan qirq foiz kam”, - deydi Moskvada qurilishda ishlovchi Akrom.

"Rubl kursi butun dunyoda tushyapti"

Ammo iqtisodchilarga ko‘ra, Rossiyadan rublning o‘zini jo‘natish ham yordam bermaydi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi bloger Otabek Bakirovga ko‘ra, vataniga rublь jo‘natgan muhojirlar, qaytaga, ko‘proq yutqazishlari mumkin.

“Masalan, 10000 rubl jo‘natgan bo‘lsangiz, bu ko‘pi bilan 800000 so‘m bo‘ladi. Dollarga chaqqanda bugungi sotib olish kursi bilan bu 73 dollar bo‘ladi.

Boshqacha aytganda 1 dollar sizga 137 rublga aylanmoqda. Bu eng yaxshi holatda.

To‘g‘ri tushuning, rubl kursi faqat Rossiyada emas, butun dunyoda, O‘zbekistonda ham tushib ketgan.

Shoshilmang, kuting. Vahima vaqtida qaror qabul qilmang”, - deb yozdi Otabek Bakirov.

Toshkentlik iqtisodchi Tohir Sobirov fikricha, G‘arbning Rossiyaga sanksiyalari asoratlarini yaqin kelajakda O‘zbekiston yanada ko‘proq his qila boshlashi turgan gap.

“Chunki aksariyat mintaqa davlatlari qatori O‘zbekiston iqtisodi ham Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari va importga qarab qolgan. Hozir O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga qarasak o‘zbek so‘mining dollar yoki yevroga nisbatan kursi bir ma’romda turibdi. Lekin yaqin kelajakda Rossiya rubli ortidan so‘m ham o‘z qadrini yo‘qota boshlasa ajablanmaymiz, bu esa, o‘z navbatida, chetdan, kelayotgan mahsulotlar narxlarining qimmatlashuviga sabab bo‘ladi”, - deydi Sobirov.

Rossiya Federal migratsiya xizmatining rasmiy raqamlariga tayanilsa, bu mamlakatda qonuniy maqomda yashab turgan o‘zbekistonliklar soni 2 milliondan ortadi.

Rossiyada yana shuncha sonda noqonuniy maqomdagi o‘zbekistonliklarning borligi taxmin qilinadi.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil o‘zbekistonlik mehnat muxojirlari Rossiyadan 7 yarim milliard dollardan ortiq pul jo‘natgan. Bu 2020 - yilgi ko‘rsatkichdan 26 foizga ko‘pdir.

O‘tgan oy O‘zbekiston Mehnat vazirligi 2022 - yilda Rossiyaga ko‘proq mehnat muhojirlarini yuborish rejalanayotganini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG