Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:20

Samarqanddagi masjidga reyd: "Maxsus ruxsatsiz" diniy saboq uchun jazo o‘zgarishsiz qoldirildi


Samarqanddagi masjidda IIV xodimi bolani so‘roqqa tutmoqda - 25 - may, 2021. Video skrinshoti.
Samarqanddagi masjidda IIV xodimi bolani so‘roqqa tutmoqda - 25 - may, 2021. Video skrinshoti.

31 - may kuni Samarqand viloyat sudi voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berishda ayblanib 15 sutkaga qamalgan samarqandlik Aslidddin Xudoyberdiyevga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Bu haqda Ozolikka uning advokati Abduvohid Yakubov ma’lum qildi.

Shu yilning 25 - may kuni viloyatning Paxtachi tumanidagi masjidda IIV xodimlari reyd o‘tkazib, bu yerda noqonuniy diniy ta’lim berilayotganini aniqlagani xabar qilingandi.

Masjidda 11 kishiga noqonuniy diniy saboq bergani aytilgan paxtachilik Aslidddin Xudoyberdiyev Paxtachi tuman JIB sudining 27 - may kungi qarori bilan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosiga mahkum etilgan.

A. Xudoyberdiyev O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (MJtK) 3 moddasi bilan, noqonuniy diniy ta’lim berish, IIVga bo‘ysunmaslik kabi qonunbuzarliklarda ayblangan.

25 - may kuni Paxtachi tumanidagi masjidda bo‘lgan reyd qayd etilgan videoda, organ xodimlari masjidda voyaga yetmagan bolani so‘roq qilayotgani aks etgan, bu tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘lgandi.


Asliddin Xudoyberdiyev shu yilning 25 - may kuni Paxtachi tumanidagi "Xo‘ja-Ziyovuddin" jome’ masjidida o‘tkazilgan reyd natijasida hibsga olingan. U o‘sha reydni videoga olib, tarmoqlarda tarqatgan.

Advokat Abduvohid Yaqubovning Feysbudagi sahifasida ma’lum qilishicha, A. Xudoyberdiyevga nisbatan MJtKning 194-modda (IIV xodimlari talabini bajarmaslik), 195-modda (IIV xodimlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 241-moddasi (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) bilan ayblanib, 15 sutkaga hibs qilingan.

Advokat, 31 - may kungi mahkamada himoya tomoni sudlanuvchiga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar asossiz ekanini tasdiqlovchi dalillar kiritgani, ammo sud hay’ati buni inobatga olmay, hukmni o‘z kuchida qoldirishga qaror qilganini aytdi.

Endilikda himoya tomoni, Asliddin Xudoyberdiyevga nisbatan hukm ustidan yuqori instansiyaga shikoyat qilish niyatida ekanini aytmoqda.

Xudoyberdiyevning hibsga olinishiga asos bo‘lgan hodisa 25 - may kuni oqshom tumandagi "Xo‘ja-Ziyovuddin" jome’ masjidida bo‘lganini Samarqand viloyati IIB va Paxtachi tuman IIBlari tasdiqlagandi.

11 kishiga noqonuniy ta’lim bergan aniqlangan “X.A. ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib” tushuntirish ishlari olib borilganini bildirgan edi.

O‘sha kuni masjiddagi voqeaga guvoh bo‘lganini bildirgan paxtachilik manbaning aytishicha, Xudoyberdiyev avvaliga tushuntirish ishlari bilan qo‘yib yuborilgan, ammo oradan 2 yarim kun o‘tib, hibsga olingan.

“Unga IIV xodimlariga bo‘ysunmaslik aybini qo‘yishibdi”, dedi manba.

Sudlanuvchi tarmoqlarda joylagan videoda bir necha IIV xodimi, tuyqusdan masjidga kirib borgani va u yerda diniy saboq olib o‘tirgan bolalar hamda kattalar bilan muloqot qilayotgani aks etgan.

Videoda ismini ochiqlashni istamagan, ammo IIV xodimi ekanini tasdiqlagan xodim 9 - 10 yoshlar atrofidagi boladan masjidda nima qilib yurgani, qo‘lidagi daftari, unda yozilgan mantlar haqida so‘rab-surishtirgani, sumkasini tintuv qilgani aks etgan.

Fuqaro kiyimidagi xodim videoda aks etgan yoshlar va boshqa namozxonlarni “ruxsati va diniy bilimi bo‘lmagan chalamullalardan” diniy saboq olish xavfli ekani, turli taqiqlangan diniy oqimlarga kirib ketish xavfi borligidan ogohlantirgan.

Bu holatni videotasmaga muhrlayotgan Xudoyberdiyev esa, kadr ortidan IIV xodimlarining voyaga yetmagan bolani so‘roq qilishiga noroziligini bildirgan va bolani ularning savollariga javob bermaslikka chaqirgan.

Kadr ortidagi shaxs, bu mashg‘ulotlar diniy ta’lim emas, balki oddiygina alifbo mashqlari ekani, yonida otasi yoki onasi bo‘lmagan bolani bu tahlit so‘roq qilish qonunga zid ekanini ta’kidlab, xodimlar bilan bahsga kirishgandi.

25 - may kuni Paxtachi tumanidagi masjidda o‘tkazilgan bu reyd ijtimoiy tarmoqlarda norozilik va munozaralarga sabab bo‘lib qolmoqda.

YouTube va Facebookka joylangan video ostida sharh qoldirgan tarmoq foydalanuvchilari IIV xodimlarining masjiddagi reydini fuqarolarning diniy bilim olish erkinligini cheklash, deya qoralagan.

Ayrimlar esa, noqonuniy diniy ta’limning xavfli oqibatlari haqida gapirib, IIV xodimlari harakatini ma’qullagan.

Avvalroq Samarqand viloyati IIb va Paxtachi tuman IIBlari Ozodlik so‘roviga javoban, hodisa 25 - may kuni oqshom tumandagi "Xo‘ja-Ziyovuddin" jome’ masjidida bo‘lganini tasdiqlagandi.

Samarqand viloyati IIB tarqatgan bayonotda, IIV xodimlarining Paxtachi tumani Ziyovuddin shaharchasida joylashgan "Xo‘ja-Ziyovuddin" masjididagi reydi “jome’ masjidi ko‘zdan kechirilgan” deb ta’riflandi:

“Jome’ masjidi ko‘zdan kechirilganida, maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan X.A. ismli shaxs 11 nafar (5 nafari voyaga yetmagan) shaxslarga diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz, diniy ta’limotdan saboq berayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan X.A. ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, kelgusida diniy ta’limotlardan saboq berish niyati bo‘lsa, maxsus diniy bilimlarni egallab, qonunlarga asosan, vakolatli diniy organlarning ruxsati asosida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilgan”.

O‘zbekistonda 1998 - yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida “xususiy tartibda diniy ta’lim berish man etiladi” deb qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

Ya’ni davlat tomonidan litsenziyalangan ta’lim maskanlaridan tashqarida diniy ta’lim berish, jumladan arab tili yoki Qur’onni o‘qitish taqiqlangan.

Bundan tashqari, diniy ta’lim olishga 16 yoshdan ruxsat etiladi, maxsus ruxsat berilgan madrasalarga kiruvchilar umumiy o‘rta ta’limni yakunlagan bo‘lishi lozim.

Shu kunda ushbu qonuning yangi tahrirdagi loyihasi Senat muhokamasida qolmoqda. 5 - may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi loyihani ma’qulladi.

Loyihada jamoatchilikka 2014 - yilda va’da qilingan eng muhim o‘zgarish - jamoat joylarida ibodat libosida yurishga qo‘yilgan taqiq haqidagi jumla to‘liq olib tashlangan.

Ammo qonunning diniy ta’limga oid qismi qariyb o‘zgarishsiz qolmoqda. Birgina yangilik ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandiga diniy amaliyot va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida) o‘rgatish huquqi berilishining qayd etilganidir.

Bu o‘rinda “diniy amaliyot va odob-axloq qoidalari”, deganda nima nazarda tutilmoqda, masalan, ota-ona uyida bolasiga arab tili yoki Qur’onni o‘qishni o‘rgatishi mumkinmi - bu savollar hanuz ochiq qolmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tizimida bitta oliy ta’lim maskani — Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had hamda 9 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga tenglashtirilgan madrasa bor.

Ammo Samarqand viloyatida madrasa umuman yo‘q. Bu yerda faqat “Imom al-Buxoriy” nomidagi imomlarni qayta tayyorlovchi bitta markaz ham bor.

Madrasalarda o‘rtacha 100, ko‘pi bilan 200ga qadar talaba tahsil olishi mumkin. Har yili bu maskanlarda 1 talabalik o‘rniga kamida 10-15 tadan talabgor hujjat topshiradi. Bundan tashqari, talabgor bilim yurti joylashgan viloyatda doimiy yashashi lozim.

XS
SM
MD
LG