Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:39

"Semirib" borayotgan hokimiyat. Davlat organlari xodimlari 15 foizgacha qisqartiriladi


Islom Karimov davrida 13 ta vazirlik bo‘lgan bo‘lsa, Mirziyoyev boshqaruvida vazirliklar soni 24 taga yetgan. Illyustrativ surat.
Islom Karimov davrida 13 ta vazirlik bo‘lgan bo‘lsa, Mirziyoyev boshqaruvida vazirliklar soni 24 taga yetgan. Illyustrativ surat.

O‘zbekiston prezidenti 3 - aprelda qabul qilgan qarorga binoan shu yilning 1 - mayidan boshlab davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha qisqartiriladi.

Tahlilchilar yildan-yilga “semirib” borayotgan boshqaruv apparatini qisqartirish zarurati allaqachon pishib yetilganini aytmoqda.

Islom Karimov davrida 13 ta vazirlik bo‘lgan bo‘lsa, Mirziyoyev boshqaruvida vazirliklar soni 24 taga yetdi, bundan tashqari vazirlik maqomidagi 10 ta davlat qo‘mitasi mavjud. Har bir hokimning 7, 8 nafardan muovini bor.

O‘zbekiston prezidenti “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida”gi qarorni 3 aprelda qabul qildi.

- 5288

Qarorga binoan shu yilning 1 - mayidan davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalarida jami 5288 ta shtat qisqaradi.

Bu ma’lumotlar Adliya vazirligining Telegram-kanalidan olindi. Qarorning to‘liq matni hozircha ochiq manbalarda yo‘q va shuning uchun boshqaruv apparatini qisqartirishdan qanday maqsad ko‘zlangani ma’lum emas.

“Davlat o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ymasin, qanday muammolarni yechish ehtiyoji tug‘ilmasin, gap oxir-oqibat kadrlarga va yana bir bor kadrlarga borib taqalaveradi”, - dedi prezident qarorini Ozodlik so‘roviga binoan sharhlagan hukumat mulozimi.

Pufakday shishgan apparat

Ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan mulozimning fikricha, “keyingi yillarda boshqaruv apparati favqulodda “shishib” ketganini faqat ko‘zi ojiz odam ko‘rmasligi mumkin”.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish haqida kambag‘allikni qisqartirish, bola bog‘cha, mahalla kabi vazirliklar tuzmay turib o‘ylash kerak edi”, - dedi mulozim.

Prezident qaroriga binoan vazirlik va idoralarning 40 nafar rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari ham qisqartiriladi.

Qaysi vazirlik, agentlik yoki inspeksiyadan qancha o‘rinbosar qisqarishi quyidagi jadvalda ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston hukumatida qisqaradigan lavozimlar jadvali. Adliya vazirligi Telegram-kanalidan olindi.
O‘zbekiston hukumatida qisqaradigan lavozimlar jadvali. Adliya vazirligi Telegram-kanalidan olindi.

Jadvalda qisqartiriladigan lavozimlar konkret ko‘rsatib o‘tilganini sharhlagan hukumat mulozimi bunday dedi:

“Qarorda Respublika vazirliklari va idoralari rahbarlari o‘rinbosarlarining qisqartiriladigan aniq soni ko‘rsatilgan jadval e’lon qilinganligini qutlash kerak. Chunki qarorning nomlanishidagi mavhumlikdan “unumli” foydalanib, odatiy ravishda boshqaruv organlari tizimidagi farrosh, qorovul, bog‘bon, juda noiloj bo‘lsa, ayrim mutaxassislarning shtatlari qisqartirilar edi va buning ijtimoiy oqibatlari haqida hech kim o‘ylab ham o‘tirmas edi”.

Ayni paytda hukumat mulozimining fikricha, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida qaysi shtatlar qisqartirilishi ma’lum emasligi, eski holat takrorlanishi xavfini oshiradi.

Mulozim aytayotgan , mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari esa, 1990- yillar boshida O‘zbekiston prezidentining Kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Sharof Ubaydullayevning fikricha, “pufakday shishib ketgan”.

1 hokimga 7 muovin

Sharof Ubaydullayev 6 - aprel kuni Ozodlik bilan mavzu yuzasidan suhbat chog‘ida davlat idoralari uchun maxsus chiqariladigan telefon daftarchasining eng so‘nggi nashrini varaqlab, Surxondaryo viloyati hokimining 7 o‘rinbosarini sanab berdi.

Sharof Ubaydullayev aytgan gapni istalgan viloyat hokimligi rasmiy saytiga kirib tekshirish mumkin.

Masalaning Sharof Ubaydullayev tilga olgan jihatiga hukumat mulozimi ham e’tibor qaratdi:

“Viloyat va tumanlar hokimlarining 8 tagacha o‘rinbosari bo‘lishi, biror bir samara bermaydi, aksincha, hokimlarda ilgari mavjud bo‘lmagan moliyaviy imkoniyatlarning paydo bo‘lishiga, tizimda korrupsiyaning avj olishiga olib keldi. Menga qolsa, vazir, viloyat, tuman va shahar hokimlarining bir nafardan umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini qoldirib, qolgan barcha shtatlarni qisqartirgan bo‘lardim”, - dedi mulozim.

"Urchiyotgan" vazirliklar

90-yillar boshidan buyon O‘zbekiston hukumati qanchalik “semirdi”?

Sharof Ubaydullayev:

“Bu savolingizga javoban raqam ayta olmayman. Chunki menda statistika yo‘q. Lekin men bir narsani bilaman. Shunday vazirliklar tuzildiki, ularga hojat yo‘q edi. Masalan, “Mahalla” jamoat fondi bor edi. Bu tashkilot bir yaxshi ishlab turuvdi. O‘shani Mahalla vazirligi qilib qo‘yishdi. Bu vazirlikda rahbarning beshtami, oltitami muovini bor. Axir bu vazirliksiz ham mahallalar joyida turuvdiku?! Vazirlik bo‘lganidan keyin mahallalar obod bo‘lib ketdimi?! Kerakmidi shu?”

Sharof Ubaydullayev aytayotgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Prezidentning 2020 - yil 18 - fevraldagi farmoniga binoan tuzilgan, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilgan.

Prezidentning 2019 - yil, 28 - yanvardagi farmoni bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etilgan, bu vazirlikning ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar)dagi hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan.

Prezidentning 2017 - yil, 30 - sentabrdagi farmoni bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi, uning Qoraqalpog‘iston Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda ularning shahar va tuman bo‘limlari tashkil etilgan.

Umuman esa, Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelganidan buyon O‘zbekistonda vazirliklar soni qariyb ikki martaga ko‘paygani aytiladi. Islom Karimov davrida 13 ta vazirlik bo‘lgan bo‘lsa, Mirziyoyev boshqaruvida vazirliklar soni 24 taga yetdi.

Shu kunda 24 vazirdan tashqari Bosh vazirning 6 o‘rinbosari bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi ham bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. 24 vazirlikdan tashqari vazirlik maqomidagi 10 ta davlat qo‘mitasi bor.

Kadrlar siyosati mohiyati

O‘zbekistonda shakllangan va amal qilayotgan kadrlar siyosatining mohiyati, ismi oshkor etilishini istamagan hukumat mulozimiga ko‘ra, shaxsiy boylik orttirishdan iborat bo‘lib qolmoqda.

"Bizda mansab-lavozim eng avvalo shaxsiy va oilaviy boyib ketishning eng asosiy omili sifatida qaraladi. Bu qarash doimo o‘zini oqlab kelgan va o‘zgarmayapti. Boring ana, 10 mln.so‘m oylik oladigan mansabdorning 2 yilda afsonaviy tarzda boyib ketishi mumkinmi? Ha, O‘zbekistonda mumkin!!

Bundaylar bilimli, halol, ma’naviy jihatdan yetuk bo‘lgan haqiqiy vatanparvar insonlarni telba, havoyi, fanat, kommunist va hatto jinni deb hisoblaydi va ular katta lavozimlarga hech qachon qo‘yilmaydi!"

"Kesish, kesish va yana kesish"

Davlat organlari xodimlarini qisqartirayotgan hukumat ayni paytda qariyb 10 ming o‘rta maktabga, shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga adiblar va jurnalistlarni ishga oldi, IIV tizimida 2 000 ta shtatdan iborat inspektor-psixolog lavozimi joriy etilmoqda.

Smartgov Consulting rahbari va bloger Aziza Umarovaga ko‘ra, O‘zbekiston boshqaruv apparatidagi maqbullashtirish bo‘yicha hozirda yana Karimov davriga qaytmoqda.

"Har ikki yilda aynan 15 foiz odam qisqartirilardi. Va bu negadir funksional tahlil va maqbullashtirish deb atalgan. Keyin, albatta, kesib tashlangan bu "yog‘" qayta o‘sib chiqqan, faqat istalmagan odamlarsiz".

Uning fikricha, ko‘pincha davlat idoralari alohida bir odamga moslab tashkil etiladi.

"Oxirgi uch yilda shunchalik ko‘p yangi idoralar tashkil etildiki, yana qaytadan o‘tirib, kesish, kesish va yana kesish kerak. Ammo odamlarni emas, idoralarni", deb yozdi Aziza Umarova 4 - aprel kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

Hokimiyat boshqaruvi bo‘yicha ekspertga ko‘ra, O‘zbekiston singari mamlakatlarda "12 ta jiddiy vazirlik va 5-6 ta davlat qo‘mitasi bo‘lsa, yetadi. Qolgani, juz’iy istisnolardan tashqari, jamiyatda hech qanday qadriyat yaratmaydigan ortiqcha byurokratik yuk, xolos".

XS
SM
MD
LG