Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:28

"Shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi". O‘zbek gazi faqat Xitoyga sotilmoqda


O‘zbek gazining asosiy qismi Xitoyga sotilmoqda.
O‘zbek gazining asosiy qismi Xitoyga sotilmoqda.

O‘zbekiston 2021 - yilning o‘tgan 10 oyida 601,27 million dollarlik gaz eksport qilgan. Bu eksportning hammasi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston va Xitoy tomoni bu borada bergan raqamlarda farq bor - Xitoy Bosh bojxona boshqarmasiga ko‘ra, bu muddat orasida O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasiga 2,57 mln. tonna gaz yetkazib bergan.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi bergan raqamlardagi gaz eksporti qiymati esa 4,5 million dollarga kam yoki 596 million 800 ming dollarni tashkil etgan. O‘zbek tomoni statistikadagi farq yuzasidan izoh bergani yo‘q.

Mamlakatda energetika inqirozi avjiga chiqqan o‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston prezidenti gaz eksporti hajmini qisqartirib, ichki iste’molga yo‘naltirish to‘g‘risida hukumatga topshiriq bergan edi. Bu topshiriq bajarilgan yoki bajarilmagani to‘g‘risida biror rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar gaz eksporti bo‘yicha shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon yetib kelganini ta’kidlamoqda.

Gazning asosiy qismi Xitoyga sotilmoqda

O‘zbekiston va Xitoy hukumati e’lon qilgan oxirgi raqamlardan o‘zbek gazi faqat Xitoyga sotilayotgani anglashiladi.

Xitoy tarafiga ko‘ra, O‘zbekistondan bu muddat oralig‘ida 3,55 milliard kubometrga teng gaz Xitoyga ekport qilingan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov hisob-kitobicha, O‘zbekiston har 1000 metr kub gazni Xitoyga o‘rtacha 168 dollardan sotmoqda.

Qiziq tarafi, gazni turkmanlar Xitoyga 197 dollardan, qozoqlar esa qariyb 170 dollardan pullashmoqda”, deb yozdi tahlilchi o‘zining Telegram kanalida.

Xitoyga gaz eksport qiluvchi asosiy davlat Turkmaniston bo‘lib qolmoqda. Turkmaniston o‘tgan 10 oy davomida umumiy qiymati 5,4 milliard dollarlik 19,8 million tonna gaz eksport qilgan.

Ikkinchi o‘rinda Rossiya (5,9 mln tonna) va Qozog‘iston (3,73 mln tonna) bormoqda. O‘zbekistondan keyingi beshinchi o‘rinda Myanma qayd etilgan.

Myanma Xitoyga O‘zbekistondan 100 ming tonna kam, ya’ni 2,5 million tonna gaz eksport qilgan. Biroq bu gaz uchun Myanma O‘zbekistondan ikki barobar ko‘proq, ya’ni 1,2 milliard dollar haq olgan.

Boshqa kuzatuvchilar ham Xitoyga eksport qilingan turkman gazi o‘zbek gazinining o‘rtacha eksport narxidan taxminan 35 dollarga qimmatroq sotilganiga e’tibor qaratmoqda.

Gazprom: O‘zbekiston 2021 - yilda gaz import qiluvchi davlatga aylandi

Bundan oldinroq Rossiyaning "Gazprom" shirkati 2020—2021-yillarda O‘zbekiston gaz eksport qiluvchi davlatdan import qiluvchi davlatga aylangani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilgan edi. "Gazprom"ga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili Turkmanistondan 0,9 mlrd kub. m, joriy yilning faqat birinchi choragida 1,5 mlrd. kub. m gaz sotib oldi.

Shu bilan birga, 2021 - yilning birinchi choragida Xitoyga bor-yo‘g‘i 0,54 milliard kub.m gaz yetkazib berilgan, Rossiyaga gaz sotish esa butunlay to‘xtagan. Energetika vazirligi 2025 - yilga kelib gaz eksporti butunlay to‘xtaydi, degan taxminlarini ham ochiqlagandi.

Shu yilning 21 - oktabr kuni Jizzaxda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida Mirziyoyev O‘zbekiston xorijga sotilayotgan gaz hajmini oshirmoqchi emasligini aytdi.

- Avvallari gaz sotardik, hozir sotib olishga tayyormiz. Chunki sanoatimizga katta miqdorda gaz kerak. Qashqadaryodagi GTL zavodimiz tayyor turibdi, lekin men ishga tushirishga shoshilmayapman. Chunki bunday zavod dunyoda beshta. Gazdan benzin olinadi, qo‘shimcha qiymat yaratiladi. Gaz kelajak avlodga qoladigan boylik, har xil shartnomalar bilan sotib yuboraverish kerak emas, - degan Mirziyoyev.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston gazni xomashyo sifatida sotish o‘rniga undan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, xususan, Uzbekiston GTL zavodida benzin va polimerlar ishlab chiqaradi. Ayni uchrashuvda prezident Qashqadaryoda 3,6 milliard dollarga qurilgan GTL zavodini ishga tushirishni "kechiktirib turgani"ni ham aytgan. Ekspertlarga ko‘ra, uzluksiz ishlashi talab qilinadigan bu inshoot aynan gaz xomayoshsi yetarli bo‘lmagani vajidan hozircha ishga tushirilmayapti.

O‘tgan yilning 16 - dekabr kungi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev hukumatga gaz eksporti hajmini qisqartirib, ichki iste’molga yo‘naltirish haqida topshiriq berganini ma’lum qilgandi.

Mirziyoyev 2016 - yil dekabrida prezidentlikka kelishidan avval aholining gaz va elektr muammosini hal qilishga va’da bergan edi. Ammo o‘tgan vaqt ichida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan.

"Shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi kerak"

Ozodlik bilan suhbatlashgan O‘zbekistonning birinchi Energetika vaziri Anvarmirzo Husainov fikricha, O‘zbekistonda gaz savdosi bo‘yicha shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon yetib kelgan.

- O‘zbekiston ko‘p yillar oldin Karimov tomonidan imzolagan shartnomalarni ko‘rib chiqmayapti. Yangi zamonda nomaqbul kontraklarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Nima uchun biz mana shunday tekinga bervorishimiz kerak katta boyligimizni? Masalan, “Lukoyl” kompaniyasi qazib olayotgan gazning 90 foizini o‘ziga oladi – 10 foizi O‘zbekistonga tegadi! Va o‘zimizdan qazib olgan gazni yuqori narxlarda o‘zimizga sotadi. O‘zbekiston katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgan edi “Lukoyl”dan. Hukumat eski shartnomalarni bekor qilib, adolatli kontraktlarni imzolashi kerak, - deydi Anvarmirzo Husainov.

Sobiq mulozimga ko‘ra, xalqaro huquq normalari va davlat qonunlariga muvofiq O‘zbekiston bu adolatsiz shartnomalarni bekor qilib, qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin:

- Bu qarorlarni qabul qilgan, o‘rtaga tushgan, manfaatdor bo‘lgan odamlar haligacha iqtidorda, yuqori lavozimlarda. O‘shalarning ta’sir kuchi katta bo‘lgan, lekin oxirgi paytlarda ular soni kamaydi, ketdi. Demak bu kontraktlarni qayta ko‘rib, tezda foydali kelishuvlar qilinishi kerak.

Anvarmirzo Husainov Andijon avtomobil zavodi, neft-gaz, kimyo va boshqa sohalarda ilgari tuzilgan xalqaro kontraktlar ham qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini aytadi.

Mirziyoyev investorlarni "natsionalizatsiya"dan kafolatlagan

Biroq tahlilchilar sarmoyalar miqdorini oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati yirik xorij investorlariga natsionalizatsiyadan himoya kafolati berilganiga ham e’tibor qaratadi: 2019 - yilning dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi "Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida"gi qonunini imzolagan edi.

Qonun o‘zbekistonlik va xorijiy investorlar uchun daromadlarini chetga olib chiqib ketish va ularning aktivlarini davlat tasarrufiga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaslikni kafolatlaydi.

Mamlakatda ishlab chiqarishning katta qismi «O‘zbekneftgaz» korxonalari (64,3%) hisobiga to‘g‘ri kelsa, qazib chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda «Lukoyl», uchinchi o‘rinda Uz-Kor Gas Chemical kompaniyalari turadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda qariyb 70 milliard kub. m tabiiy gaz ishlab chiqarish imkoniga ega. “O‘ztransgaz” boshqaruvi sobiq raisi 2020-yil mart oyida kompaniya ichki bozorga qariyb 40 milliard kub. m gaz yetkazib berayotganini ma’lum qilgandi.

Biroq gaz zahiralarning tugashi, texnologik yo‘qotishlar va samarali nazorat tizimining yo‘qligi tufayli so‘nggi 15 yil ichida O‘zbekistonda uglevodorodlar yetkazib berish sezilarli darajada kamaydi.

XS
SM
MD
LG