Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:26

Shodiyevlar boshqaruviga berilgan kompaniyalarning birida portlash, ikkinchisida rahbariyat o‘zgardi


Abdulla Aripov 20 - yanvar kungi majlisda SFI Management Group boshqaruvini tanqid qilgan
Abdulla Aripov 20 - yanvar kungi majlisda SFI Management Group boshqaruvini tanqid qilgan

20 - yanvar kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJning Bekoboddagi bosh ofisiga borib¸ zavod rahbariyatini ishdan oldi.

Kuzatuv kengashi hamda kombinat rahbariyatining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida Bosh vazir Jahongir Mustafoyevni boshqaruv raisi lavozimidan olib tashlab¸ o‘rniga Rashid Pirmatovni tasdiqladi.

Ayni majlisda boshqaruv raisining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari¸ xorij fuqarosi Sergey Anatolyevich Chaykovskiy ham ishdan olinib¸ uning o‘rniga Dilshod Ahmedov tayinlandi.

Chorshanba kungi majlis ishtirokchilaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ unda Metallurgiya kombinatini keyingi uch yil davomida boshqarib kelgan SFI Management Group rahbari Qobul Shodiyev qatnashmagan.

Bu¸qolaversa¸ mazkur guruh boshqaruvining Aripov tomonidan tanqid qilingani¸ O‘zbekiston metallurgiya sektoriga aloqador mulozim taxminicha¸ Metkombinatning SFI Management Group ishonchli boshqaruvidan chiqarilishidan darak bo‘lishi mumkin.

Ayni 20 - yanvar kuni Shodiyevlarning SFI Management Group ishonchli boshqaruviga topshirilgan davlat kompaniyalaridan yana biri - Yangi Angren Issiqlik elektr stansiyasida portlash sodir bo‘ldi.

Uch odam o‘limiga sabab bo‘lgan bu portlash bilan Shodiyevlarga qarashli kompaniyada Bosh vazir o‘tkazgan favqulodda yig‘in va kadrlar almashinuvi o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi haqida hozircha Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.

20 - yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da Ozodlik bog‘langan SFI Management Group vakili¸ "majlis hali tugamagani bois¸ uning yakuni haqida ma’lumot bera olmasligi"ni aytish bilan cheklandi.

Aripov o‘tkazgan favqulodda majlis

20 - yanvar kuni Markaziy Osiyodagi eng yirik metallurgiya zavodlaridan biri bo‘lgan “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”da shaxsan mamlakat Bosh vaziri yig‘ilish o‘tkazdi.

"Majlis arafasida Bekoboddagi zavod hududi Milliy Gvardiya va IIV xodimlari tomonidan o‘rab olindi"¸ - deydi majlis tafsilotlari haqida Ozodlikka xabar bergan ishtirokchilardan biri.

"O‘zbekiston metallurgiya kombinati"ning 20 - yanvar kuni Abdulla Aripov tayinlagan yangi rahbarlari.
"O‘zbekiston metallurgiya kombinati"ning 20 - yanvar kuni Abdulla Aripov tayinlagan yangi rahbarlari.

Bosh vazir kelishidan oldin hamma yoq otseplenie qilindi. Aripov Mustafayev Jahongir Ibodullayevichni olib tashladi (sobiq Bosh prokuror Bo‘ritosh Mustafayevning qarindoshi -tahr.). O‘rniga Pirmatov Rashid Husanovichni tayinladi bu lavozimga.

Aripov rosa tanqid qildi GBJni (goryachebriketirovannoye jelezo-tahr.) nimaga qimmatga olyapsanlar¸ deb. Vaholanki¸ GBJ tepaning topshirig‘i bilan Alisher Usmonovning Lebedinskiy Gornoobogatitelniy kombinatidan juda qimmatga olinayotganini o‘zi ham¸ prezident ham juda yaxshi bilardi. Shaxsan Abdulla Aripov shuni aytganidan biz shokda. Rais o‘rinbosarlarini turg‘izib, nimaga qaramagansizlar¸ dedi. Lekin ochig‘i shouga o‘xshadi”¸ - deydi 20 - yanvar kungi majlis qatnashchilaridan biri.

20 - yanvar kuni “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”da Bosh vazir ishtirokida majlis o‘tkazilgani haqida xabar bergan kombinatning Telegramdagi rasmiy kanali¸ ishdan bo‘shatilgan rahbarlar haqida lom-mim demadi. Buning o‘rniga zavod boshqaruviga “malakali va tajribali mutaxassis, ishlab chiqarish tashkilotchilari” tayinlanganini bildirish bilan cheklandi.

SFI Management Group rahbari majlisda qatnashmadi

Ozodlik suhbatdoshining ta’kidicha¸ 20 - yanvar kungi yig‘ilishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbarlari¸ Metkombinatning Vazirlar Mahkamasidagi kuratorlari qatnashgani holda¸ zavodga qariyb 4 yildan beri ishonchli boshqaruv asosida egalik qilib kelgan SFI Management Group rahbarlari¸ xususan¸ Qobul Shodiyev qatnashmagan.

Aripov Antimonopol qo‘mita rahbariga Uzavtoga yopishmasdan¸ Metkombinatga qarasang bo‘lmaydimi¸ degan achchiq gap qildi. Qobul bilan telefonda gaplashdim¸ Mustafoyevning o‘rniga Pirmatovni qo‘yishni soglasovaniye qildim¸ deb gapirdi. SFI Management Group rahbari yo‘q majlisda¸ uni tanqid qildi. Chaykovskiy Shodiyevlarning asosiy odami edi. Uning olib tashlanishi¸ Shodiyevlarning majlisga kelmaganidan eng tepadagilar bilan Shodiyevlar o‘rtasidagi munosabat buzilgan ko‘rinadi. Bugungi majlisdan keyin zavod SFI Management Group boshqaruvidan olinadi¸ degan gap chiqdi. Chunki Aripov "takaya upravlyayushchaya kompaniya nam ne nujna" deb aytdi. Lekin bu o‘yin ham bo‘lishi mumkin”¸ - deydi 20 - yanvar kungi majlis ishtirokchilaridan biri.

Metkombinatning Ozodlik gaplashgan mulozimlaridan yana biri¸ shaxsi sir qolishni so‘rab¸ SFI Management Group ishonchli boshqaruviga berilgan ayrim davlat kompaniyalarida tekshiruv boshlanganini bildirdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tekshiruv bo‘lyapti. Bizga ham tekshiruv keladi, deyishdi. Taxminlarga ko‘ra¸ hujjatlarni qalbakilashtirib¸ katta miqdorda metalloprokat o‘g‘rilik bo‘lgan deyishyapti. Qanaqadir o‘yin ketyapti. Chunki zavoddagi firibgarlik va o‘g‘riliklardan eng tepadagining o‘zi juda yaxshi xabardor. Faqat prokuraturaga hozirgacha ko‘z yumish¸ hech nima qilmaslik buyurilgandi. SFI Management Groupning xavfsizlik bo‘yicha direktori O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Matiyev Sherzod Raimovich edi. Bu odamning asosiy ishi prokuraturani zavodda bo‘layëtgan ishlarni tekshirishga yaqinlashtirmaslik edi. Hozir uning ham boshida qora bulut yuribdi¸ deyishdi”¸ - deydi Metkombinat boshqaruviga yaqin Ozodlik suhbatdoshi.

Bu va Ozodlik gaplashgan boshqa mulozim¸ “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”dagi kadr o‘zgarishlarining mazkur zavod taqdiriga oid belgilovchi qarorlar qabul qilinishidan oldin amalga oshirilganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda kattayu kichik davlat korxonalarini xususiylashtirish¸ ularni xususiy shirkatlarga investitsion majburiyat bilan hatto tekinga berib yuborish rejasi e’lon qilindi. Ana shu jarayonda Metkombinat ham sotib yuborilishi mumkin. Uni olaman degan akulalar ko‘p¸ xususan¸ Birinchi oilaga aloqador odamlar ham zavodni nazoratga olish uchun talashyapti. Zavod rahbariyatidagi bugungi o‘zgarish ana shu jarayondan kichik bir epizodga o‘xshayapti”.

Shodiyevlarga bildirilgan ishonch

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach¸ boshqaruvning O‘zbekistonda avval ko‘rilmagan shakli "tajriba tariqasida" amaliyotga kiritildi va davlat kompaniyalarini xususiy tadbirkorlik subyekti "ishonchli boshqaruvi"ga berish boshlandi.

"Ishonch" bildirilgan" xususiy tadbirkorga davlat mulki bo‘lgan kompaniyani "mustaqil ravishda erkin iqtisodiy qonuniyatlari asosida hamda davlat organlarining ta’siridan mutlaqo xoli holda boshqarish" vakolati berildi.

Bunday tajriba joriy etilishi ortidan 2017-2018 - yillarda Vazirlar Mahkamasi va prezident qarorlari bilan Markaziy Osiyodagi eng yirik metallurgiya zavodi sanalgan "O‘zmetkombinat"¸ shuningdek Olmaliq kon-metallurgiya kombinati¸ "O‘zvtortsvetmet" zavodini boshqarish¸ qolaversa Toshkent metallurgiya kombinatini qurish SFI Management Groupga berildi.

Bu qarorlarda mamlakatning eng yirik sanoat obyektlaridagi davlat ulushining nima uchun aynan 2017 - yil yanvarida ta’sis etilgan xususiy MChJ ishonchli boshqaruviga berilganiga biror izoh berilmadi.

Ozodlikning 2020 - yilgi surishtiruvi davomida O‘zbekiston energetik sektoridagi belgilovchi obyektlar sanaladigan “O‘zbekko‘mir”¸Angren va Yangi Angren issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvining ham jamoatchilikka ochiqlanmasdan ayni SFI Management Groupga berilgani o‘rtaga chiqqan edi.

Mamlakat byudjetining kamida 10 foizini berib kelgan bu davlat kompaniyalari nega yoppasiga bitta qo‘lga - SFI Management Groupga berildi? Agar bu kompaniyalar boshqaruvini yaxshilash zarurati¸ qarorlarda iddao qilinganidek¸ chindan ham bo‘lsa¸ nega bu jarayon ochiq va shaffof bo‘lmadi. Bir qismi Bosh vazir va prezidentning biror jo‘yali asos keltirilmagan qarorlari¸ boshqasi maxfiy farmonlar orqali na o‘tmish tajribasi¸ na davlat aktivlarini boshqarish malakasi bo‘lmagan bir necha oylik guruhga berildi? Nega ochiq va halol tender o‘tkazilmadi? “¸ - degan edi bu jarayondagi maxfiylik va shubhali jihatlarni keskin tanqid qilgan Toshkent hukumati mulozimlaridan biri.

SFI Management Group 2017 - yil yanvarida¸ Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanishi ortidan ta’sis etilgan.

Rasmiy saytida kompaniyaning xorijiy MChJ ekani va “korxonalarni bozor munosabatlariga moslashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, xorijiy mutaxassislar va investitsiyalarni jalb qilishda faol ishtirok etish orqali O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan”i iddao qilingan.

“Ochiq bozor sharoitida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish”ni da’vo qilgan guruh rasmiy saytida na uning ta’sis hujjatlari¸ na kimga qarashli ekani yoxud boshqaruvchilariga oid biror ma’lumot yo‘q.

2017 - yildan boshlab O‘zbekistondagi eng yirik va serdaromad davlat kompaniyalarini boshqarishni hech bir raqobatsiz qo‘lga ola boshlagan bu guruh¸ mahalliy va Rossiya matbuoti xabarlarida¸ asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga qarashli deb ko‘rildi.

Ammo Forbes jurnalining ruscha nashri 2018 - yil 20 - dekabrda chop etgan intervyuda Alisher Usmonov bu guruhning mulkdori boshqa bir o‘zbek milliarderi Fattoh Shodiyevning akasi Qobul Shodiyev ekanini aytdi. Ayni paytda Usmonov o‘zining “Metalloinvest” kompaniyasi SFI Management Group bilan hamkorlikda ishlashini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik mulozim va tadbirkorlar¸ kompaniyaning asl egasi Qobul emas¸ Alisher Usmonovning kursdoshi va biznes hamkori Fattoh Shodiyev ekanini ta’kidlagan edi.

Ozodlikning mazkur guruh haqidagi maqolalariga munosabat bildirgan "Shodiyev Xalqaro fondi" Fattoh Shodiyevning SFI Management Groupga hech qanday aloqasi yo‘qligini iddao qildi.

Ozodlikka yuborilgan yozma izohda shuningdek¸ Fattoh Shodiyevning O‘zbekiston hududida "Shodiyev Xalqaro fondi" orqali faqat xayriya faoliyati bilan shug‘ullanishi alohida ta’kidlandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG