Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:46

"Suyanchiq", sport va saylovlar. Salimboyvachchani Qirg‘iziston bilan nima bog‘laydi?


Salim Abduvaliyev Qamchi Kolbayev va Sharshenbek Abdikerimov bilan. Kollaj.
Salim Abduvaliyev Qamchi Kolbayev va Sharshenbek Abdikerimov bilan. Kollaj.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Salimboyvachcha laqabi bilan mashhur Salim Abduvaliyevni hibsga oldi. Abduvaliyevning dovrug‘i qo‘shni Qirg‘izistonga ham yetgan. O‘tgan yili Qirg‘izistonda bo‘lgan siyosiy janjallar uning nomi bilan bog‘lanadi.

Salimboyvachchaning Qirg‘izistonga ta’siri va aloqalari

O‘zbekiston OAVlari xabariga ko‘ra, Abduvaliyev 1- dekabr kuni qo‘lga olinib, Toshkent shahar IIBBga keltirilgan. Unga nisbatan tergovgacha tekshiruv boshlangani aytilmoqda.

Shu munosabat bilan Ozodlikning qirg‘iz xizmati Salimboyvachchaning Qirg‘izistondagi ta’siri va aloqalariga e’tibor qaratdi.

Salim Abduvaliyev 2015-yilda Qirg‘iziston siyosiy doiralarida keng muhokama qilingan edi. O‘sha yili, parlament saylovi arafasida “Maydon” gazetasi Abduvaliyevning ishonchli vakili etnik o‘zbeklarni “Qirg‘iziston” partiyasiga ovoz berishga ko‘ndirish maqsadida mamlakatga kelganini xabar qilgan. Xabar jamoatchilik orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan, partiya esa ushbu ma’lumotni “bo‘hton” deb atagan.

Keyinroq partiya yetakchilarining Salim Abduvaliyevning ishonchli vakili Shomurod Shofayziyev bilan uchrashuvi videosi Internetda tarqaldi. Partiya liderlaridan biri Qanatbek Isayev “men va partiya asoschisi Sharshenbek Abdikerimov rostdan ham Abduvaliyevni taniymiz, ammo faqat sport orqali taniymiz”, deya bayonot berdi. O‘sha paytlar Abdikerimov Qirg‘iziston milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari edi. Isayev boshqa barcha gap-so‘zlarni inkor etdi.

O‘zbekistonlik tadbirkorning ismi Qirg‘izistonda 2016- yilda ham tillarga tushgan. O‘shanda Birinchi jamoat kanali Ernest Qaribekov boshliq qirg‘iz muxolifati “Salim Abduvaliyev tarafdorlari orqali O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilgani” haqidagi surishtiruvini e’lon qilgan, muxolifat esa, tabiiyki, tongan edi.

Путин, Салим ва Ғафур. Тошкентдаги рейдлар ва рус жосусининг иддаоси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:40 0:00

Abduvaliyev kimning “suyanchig‘i” bo‘lgan?

2018-yilda Salim Abduvaliyev, qirg‘iz parlamenti sobiq deputati Nurg‘ozi Aydarov hamda sobiq militsiya xodimi Jalil Atambayev bir davrada o‘tirgani aks etgan video paydo bo‘ldi. “Salimboy Qirg‘izboyevich – yonimizdalar. Biz bu bilan faxrlanamiz! Salimboy aka bizning suyanchig‘imiz, u kishi prezidentimiz Sooranbay Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlaydilar!” – deyishadi ular kadrda.

O‘sha paytdagi prezident apparati videoga munosabat bildirib, Jeenbekov bilan Abduvaliyev o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qligini aytdi.

Videorolik bilan birga Salimboyvachchaning “Qirg‘iziston” partiyasining Jogorku Keneshdagi fraksiyasi deputatlari Damirbek Asilbek uulu va Salaydin Aydarov, shuningdek “Ayu” shirkati rahbari Sharshenbek Abdikerimov bilan tushgan surati ham paydo bo‘ldi. Deputatlar foto sport tadbiri chog‘ida olingan, deya izoh berishdi.

Ko‘p o‘tmay Damirbek Asilbek uulu “transmilliy jinoiy guruhga aloqador” degan ayblov bilan Qozog‘istonda ushlandi. Ikki yildan so‘ng uni ozod qildilar va hozirda u Kurash federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lib turibdi.

Qirg‘izistonlik tahlilchi To‘lagan Keldiboyev Salim Abduvaliyevning Qirg‘izistondagi aloqalari haqida shunday deydi:

“Qirg‘izistonda uning sheriklari bo‘lgan. Qolaversa, Salimboyning O‘zbekistondagi shirkati orqali Aravon va Qizilqiya zavodlaridan sement va boshqa tovarlar jo‘natilgan. U nafaqat Qirg‘iziston, balki butun Markaziy Osiyoda nufuzli kriminal avtoritet deb tan olinadi. U nafaqat Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda, balki butun MDH mamlakatlarida jinoyat olamining obro‘li vakillaridan biri bo‘lgan. Bizning jinoyatchilar u bilan birga ko‘p qing‘irlik qilganlar”.

Kolbayev va Salimboyvachcha

Internetda kriminal avtoritet Qamchi Kolbayev bilan Salim Abduvaliyevning foto va videolari aylanib yuribdi. Fotosuratlarda Qirg‘izistonda qidiruvga berilgan va MXDQ Kolbayevning “cho‘qintirgan otasi” deb ataydigan Azim Roy (O‘razoxun Saydazimov) ham bor.

Qirg‘izistonda “qonundagi o‘g‘ri” sifatida mashhur bo‘lgan 49 yoshli Qamchi Kolbayev 4-oktabr kuni Bishkekda MXDQning maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirildi. Shundan so‘ng Qo‘mita mamlakatda jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar boshlanganini e’lon qildi, Kolbayevga daxldorligi taxmin qilingan o‘nlab uyushgan jinoyatchilarni qo‘lga oldi, yana o‘nlab davlat xizmatchilarini bo‘shatdi. Kolbayevning umumiy qiymati 1 milliard dollarlik aktivlari xatlandi.

MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatda “qoralar” ortiq bo‘lmaydi, degan gapni tez-tez takrorlaydi.

“Uyushgan jinoiy guruhlar birlashib, butun boshli davlat idoralari, tadbirkorlar va oddiy xalq ustidan nazorat o‘rnatishibdi. Biz bu o‘rgimchak to‘rini yakson etib, shu paytgacha hech kim qila olmagan ishni qildik. Bundan keyin biron uyushgan jinoiy guruh chiqib “Biz Jalolobodga qarab turamiz” desa, tadbirkorlardan o‘lpon yig‘sa, hammasining oyog‘ini sindiramiz. Shunaqa odamlar bo‘lsa, bizga xabar qilinglar, biz ularni mayib qilamiz”, dedi Tashiyev Jalolobod viloyatida jamoatchilik bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida.

Qozog‘istondagi maxsus operatsiya

Oktabr oyining ilk kunlarida qo‘shni Qozog‘istonda uyushgan jinoiy guruhlar a’zolari yoppasiga hibsga olina boshlandi.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, DXQ va IIVning Jambil, Turkiston va Jetisu viloyatlaridagi maxsus amaliyoti chog‘ida uyushgan jinoiy guruhlarning 70 dan ortiq a’zolari ushlangan. Bir oydan so‘ng prezidentning rasmiy mediasi bo‘lmish “Teleradiokompleks” kanali “Likvidatsiya” nomli maxsus filmni namoyish etdi.

Filmda DXQ vakili Arken Abdugali chegara hududlarda uyushgan jinoiy guruhlar chuqur ildiz otganini aytadi. “Chegaraga tutash tumanlar hamisha uyushgan jinoyatchilar uchun noqonuniy boylik orttirish manbalari bo‘lgan”, deydi u.

Mahalliy “Jibek joli” telekanali ushbu amaliyotni Qozog‘istonda jinoyat olamiga qarshi so‘nggi yillardagi eng yirik amaliyot deb atar ekan, uyushgan jinoiy guruhlar Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Xitoy bilan chegaradosh hududlarida tadbirkorlarni talab kelganini urg‘uladi.

Ҳокимиятга яқинлашган Салимбой Мирзиёевга "ҳеч кимни яқинлаштирмаслик"ка онт ичди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:42 0:00

“Jinoyatchilarni narkotijorat birlashtiradi”

Salimboyvachcha hibsga olingani haqida xabar chiqqanidan so‘ng o‘zbek kuchishlatar idoralari jinoiy guruhlar a’zolarini yoppasiga ushlayotgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston IIV mamlakatda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kunlik kampaniya e’lon qildi. OAV xabarlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida turli jinoiy guruhlarning 20 dan ortiq a’zosi qo‘lga olingan.

Shuningdek, yana bir biznesmen – kriminal doiralarda "Qora G‘afur" laqabi bilan tanilgan G‘afur Rahimovga qidiruv e’lon qilindi. "Saidaziz medgorodok" laqabi bilan mashhur kriminal avtoritet Saidaziz Saydaliyev, "Baxti Tashkentskiy" laqabli 52 yashar Baxtiyor Qudratullayevlar ham hibsda. IIV 5-dekabr kuni Doston Xalilov ismli shaxs Qirg‘izistonga qochib o‘tishga uringan chog‘ida ushlanganini bildirdi. U Baxti Tashkentskiyning odami ekani aytiladi.

2012-yil 23-fevralda AQSH Moliya vazirligi G‘afur Rahimovni sanksiya qo‘llanganlar ro‘yxatiga kiritib, uni Yevroosiyo jinoyat sindikati yetakchilaridan biri deb topdi. Hujjatda Rahimov Markaziy Osiyoda narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik kriminal yetakchi, deya ta’riflanadi. Qirg‘izistonlik Qamchi Kolbayev ham AQSHning “qora ro‘yxat”ida edi.

Ekspert To‘lagan Keldibayev Markaziy Osiyoda jinoyat olami vakillarini narkotrafik o‘zaro bog‘lashini aytadi.

“Afg‘onistonda yetishtiriladigan af’yun Markaziy Osiyo orqali tashiladi. Yuklar Oloy va Botken orqali o‘tadi. Shu bois ham narkotik moddalar savdosi jinoyatchilarni birlashtiradi. Baxti Tashkentskiy kabi avtoritetlar mol chegaralardan o‘tishini kafolatlagan. Mintaqa jinoyatchilari shu sohada hamkorlik qilishadi”, deydi Keldibayev.

Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulov transmilliy jinoiy guruhlarga qarshi kurash masalasi Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarining xavfsizlikka doir anjumanlarida hamisha muhokama qilinganini ta’kidlaydi.

“Transmilliy guruhlarga qarshi birga kurash olib borishimiz kerakligi haqida har doim gapirganmiz. Biz xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilib, vujudga kelgan xavf-xatardan ogohlantiramiz”, deydi Imanqulov.

Yaqinda Qirg‘iziston IIV “Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun hamda Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksga qo‘shimchalar loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjatning asoslama qismida uyushgan jinoyatchilik mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotini izdan chiqarayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga to‘g‘anoq bo‘layotgan asosiy omillardan biri ekani aytiladi.

Qirg‘iziston IIVga ko‘ra, mamlakatda uyushgan jinoiy guruhlarning 400 dan ortiq faol a’zosi mavjud, uyushgan jinoyatchilik ko‘lami esa milliy xavfsizlikka tahdid solmoqda.

XS
SM
MD
LG