Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:48

"Tadbirkor sinadi". Ip-kalava eksporti uchun to‘lov birdaniga 32 barobar oshirildi


Buxorodagi ip yigiruv fabrikasi. 2012, 15 - iyunda olingan surat.
Buxorodagi ip yigiruv fabrikasi. 2012, 15 - iyunda olingan surat.

Ip-kalava eksport qiluvchi o‘zbekistonlik bir guruh tadbirkorlar Vazirlar Mahkamasidan 18 - mart kuni qabul qilingan 148-qarorni bekor qilishni so‘ramoqda.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan farg‘onalik tadbirkorning aytishicha, 148- qaror bilan hukumat eksport qilinadigan ip-kalava uchun qo‘shimcha to‘lov miqdorini birdaniga 32 martaga oshirib yuborgan. Oqibatda, tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, ip-kalava eksport qiluvchilar sinishi mumkin.

148- qaror “Respublika xududida ip-kalavani chuqur qayta ishlashni ta’minlashga karatilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”dir.

Eksportchilarning iddao qilishicha, ushbu qarordan ko‘zlangan maqsad uning qabul qilinishidan manfaatdor kompaniyalarga imtiyozli sharoitlar yaratib berishdir.

1 sent 32 sentga aylandi

Vazirlar Mahkamasining Ozodlikka nusxasi kelib tushgan 148- qaroriga XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) grifi qo‘yilgan.

2021 - yil, 18 - mart sanasi qo‘yilgan, 2 bet, 5 bandli bu hujjat ostiga “O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov” deb yozilgan va imzo qo‘yiladigan joyga hukumat Umumiy bo‘limi muhri bosilgan.

148- qaror nusxasini Ozodlikka taqdim etgan tadbirkor hujjatni sharhlar ekan, uni “hukumat reket yo‘liga o‘tib olgani isbotidir”, deya iddao qili.

(Bu tadbirkor va uning ortidan Ozodlik suhbatlashgan boshqa tadbirkorlar ham “o‘zi zo‘rg‘a turgan biznesiga zarar yetishidan” qo‘rqib, firmalari nomi ham, ism-familiyalari ham aytilmasligini so‘radi)

Tadbirkorning aytishicha, u ip-kalava ishlab chiqaradi va mahsulotini 100% Xitoy, Rossiya, Turkiya va Hindistonga eksport qilib kelgan. U O‘zbekiston prezidentining 2019 - yilning 16 - sentabrdagi qaroriga asosan joriy yil boshidan buyon eksport qilgan har kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari (1 sent) yig‘im to‘lab kelgan.

48-qaror talabi bilan 1 sent o‘rniga 32 sent to‘lashim kerak.

“Endi esa, deb yozdi tadbirkor, 148-qaror talabi bilan 1 sent o‘rniga 32 sent to‘lashim kerak. Bu degani har bir kilo tovarim ustiga 32 sent minadi, degani. Bunaqada men kliyentlarimdan ayrilaman. Bunday qimmat molni kliyent mendan olmaydi. Tasavvur qiling, 20 tonnalik konteyner uchun 6400 dollar to‘lashim kerak. Bu degani 500 ta konteyner eksport qilsam 3.200.000 dollar to‘lashim kerak. Axir bunaqada ishlab bo‘ladimi?”, dedi eksportchi.

148- qarorda nima deyilgan?

Prezidentning 2019 - yilning 16 - sentabrdagi qaroridagi shartlarni 5 oyga – 2021 - yilning 1 - martidan 1 - avgustigacha o‘zgartirgan qarorini Vazirlar Mahkamasi jahonda ip-kalavaga ehtiyoj ortib ketgani, natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilarda xom ashyo taqchilligi yuzaga kelgani va o‘sha taqchillikni bartaraf etish zarurati mavjudligi bilan izohlagan.

Qarorning “Respublikada paxta ip-kalavasini chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksportni xar tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida” qabul qilingani aytilgan.

Hujjatning 1- va 2- bandlari yuqorida tadbirkor aytgan 1 sentlik yig‘imni 32 sentga ko‘tarish haqidadir.

Keyingi bandlari joriy yilning 1 - martidan 1 - avgustigacha bo‘lgan davrda ip-kalava eksporti uchun kvota belgilashga oid bo‘lib, bu vakolat Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. U. Umurzoqov rahbarligidagi Tarif va notarif tartibga solish kengashiga berilgan.

Qarorga binoan, 2021 - yil 1 - martdan 2021 - yil 1 - avgustgacha bo‘lgan davrda paxta ip-kalavasini eksport qilish kvotasi umumiy ishlab chiqariladigan paxta ip-kalavasining o‘rtacha 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Hukumat qarorida aytilishicha, eksport yig‘imlarini oshirishdan tushadigan mablag‘lar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzuridagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va bu puldan eksportchilarga kredit ajratilishi mumkin.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati 148- qaror tufayli ishi to‘xtashni boshlagan tadbirkorlar masalasida Ozodlik qilgan murojaatni javobsiz qoldirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati mulozimi Ozodlikning 148- qaror ip-kalava eksportiga qanday ta’sir qilgani to‘g‘risidagi savolini eshitib, aloqani uzdi.

Buxorolik va farg‘onalik eksportchilar nima deydi?

Ozodlik buxorolik va farg‘onalik ikki eksportchi hamda farg‘onalik ip-kalavani sotib oluvchi to‘qimachi bilan gaplashdi.

Buxorolik eksportchi qarorni hali ko‘rmaganini, lekin uning mazmunidan xabardor ekanini aytarkan, bunday dedi:

Turklarning pulini olib qo‘yganman. Ularga 10 moshin ip sotishim kerak. Endi ishim cho‘ziladida...

“Bu qaror, albatta, mening ishimga ta’sir qiladi. Turklarning pulini olib qo‘yganman. Ularga 10 moshin ip sotishim kerak. Endi ishim cho‘ziladida...”

Hukumatning bu qarorni qabul qilishdan maqsadini tushunish-tushuntirishga urinar ekan, eksportchi bunday dedi:

“Ichki bozorga ip-kalava yetmagani uchun qilinyapti, menimcha, bu ish. Har yili ip-kalava ketmasdi. Xaridor ham uncha yo‘q edi. 12-13 yildan beri ip-kalava savdosi bilan shug‘ullanaman. Bu yil birinchi marta sal erkinlik beriluvdi. Chunki yig‘imni minimumga tushirishgan. Shuning uchun qilishayotgan bo‘lsa kerak. Lekin bu ishlar, menimcha, noto‘g‘ri. Bozor o‘zini o‘zi regulirovka qilishi kerak. Hukumatning bunday aralashishi noto‘g‘ri”.

Buxorolik eksportchining fikricha, hukumat ko‘zlagan maqsadiga yetishi qiyin:

Ichki bozorning boshqa problemasi bor: mahalliy ishlab chiqaruvchida pul yo‘q.

“Chunki ichki bozorning boshqa problemasi bor: mahalliy ishlab chiqaruvchida pul yo‘q. Masalan, Xitoy keladi-da, “men sendan 10 moshin ip olaman” deydi. Pulini birdaniga to‘layapti. 10 moshin yukning puli 300-400 ming dollar bo‘ladi. Albatta, men Xitoyga sotamanda! Mahalliy ishlab chiqariuvchi ko‘p olsa, 5 tonna oladi. Pulini esa, bir-ikki oydan keyin beradi. Bergandayam to‘liq bermaydi, mayda-mayda qilib beradi”.

Farg‘onalik eksportchi buxorolik hamkasbidan farqli o‘laroq, qaror bilan tanishib chiqqan.

Ozodlik bilan suhbatda u “tola sotgandan, ip-kalava, ip-kalava sotgandan gazlama, gazlama sotgandan tayyor kiyim sotgan yaxshi ekanligini hamma biladi, shu jihatdan olganda hukumat 148- qarorni yaxshi niyatda qabul qilgan deb o‘ylash mumkin”, dedi.

Biroq ayni paytda farg‘onalik eksportchi ham buxorolik hamkasbi singari ichki bozorning xarid quvvati o‘ta pastligini ta’kidlar ekan, hukumat 148- qarori bilan tashqi bozor eshigini ham o‘z eksportchisi uchun yopib qo‘yganini aytdi:

Har kilo ip-kalavaga 32 sentdan qo‘shilsa, bizning tovarni hech kim olmaydi. Ha, aytgancha, nima uchun 32 sent? Nega 15, 20 yoki 40 sent emas? Bu raqam qayerdan kelgani qarorda tushuntirilmagan.

“Har kilo ip-kalavaga 32 sentdan qo‘shilsa, bizning tovarni hech kim olmaydi. Ha, aytgancha, nima uchun 32 sent? Nega 15, 20 yoki 40 sent emas? Bu raqam qayerdan kelgani qarorda tushuntirilmagan. Xullas 32 sent ustiga minganidan keyin biz yo zararimizga sotishga yoki ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘yishga majbur bo‘lamiz. Shuning uchun shu kunda boshimizning ichi ham, tashi ham qotgan. Hukumatga xatlar ham yozdik. Qarorni yo bekor qilinglar, yo shartlarini qayta ko‘rib chiqinglar, deb so‘rayapmiz”.

Farg‘onalik eksportchining fikricha, ichki bozorda eksportbop ip-kalava narxi yil boshidan buyon biroz ko‘tarilgan.

Biroq boshqa bir farg‘onalik tadbirkor-to‘qimachining aytishicha, narxlar yil boshidan buyon o‘zgarishsiz turibdi:

Yil boshidan beri ip-kalavaning narxi o‘zgargani yo‘q.

“Ha, korxonamiz to‘qimachilik korxonasi. Ip-kalava sotib olaman. Lekin yil boshidan beri ip-kalavaning narxi o‘zgargani yo‘q. Bilmadim, balki korxonamiz uncha katta bo‘lmagani uchun bilinmagandir...

148- qarordan kim manfaatdor?

Buxorolik eksportchi bu savolga javoban “Hukumat ichki bozorni o‘ylayapti”, dedi.

Farg‘onalik eksportchi:Menimcha, amaldorlarga qarashli fabrikalar lobbirovat qilgan menimcha bu qarorni”, dedi.

Bu mavzu yuzasidan Ozodlikka murojaat qilgan tadbirkor esa, 148- qaror qabul qilinishi ortida ip-kalava eksporti bilan shug‘ullanuvchi maxsus klaster korxonalar turganini taxmin qildi, ularning ba’zilari nomini yozdi ham. Biroq Ozodlik u korxonalar bilan bog‘lana olmagani uchun nomlarini hozircha ochiqlamaydi.

XS
SM
MD
LG