Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:12

Trampning g‘alabasi O‘zbekiston va mintaqa uchun nimani anglatadi?


Donald Tramp. AQSH prezident saylovi, 2024
Donald Tramp. AQSH prezident saylovi, 2024

6-noyabr kuni Donald Trampni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklagan prezident Shavkat Mirziyoyev uni "boy tajribali va mohir siyosatchi" deb ta’rifladi. Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan tabrik matnida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri aynan Trampning birinchi prezidentlik davrida boshlangani urg‘ulangan.

Ukraina urushida neytral pozitsiyani egallaganini aytib keladigan Mirziyoyev ma’muriyati ko‘p vektorli tashqi siyosatga urg‘u berib keladi. Ammo amerikalik diplomatlar rasmiy Toshkent ko‘proq Ukrainaga nisbatan neytral ekaniga e’tibor qaratishgan.

Mirziyoyevning o‘zi hozirga qadar Ukraina mojarosini tilga olmagan va urush boshlanganidan buyon biron marta prezident Zelenskiy bilan muloqot qilmagan.

Ayni paytda tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi fonida Mirziyoyev Moskvadan keladigan xavflarni tushunadi va Vashington bilan yaqin aloqalardan ko‘zlangan maqsadlar orasida ana shu xavfni kamaytirish ham bor.

"Biz Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgarmas pozitsiyasini, ortga qaytmas tus olgan tub islohotlarimizga ko‘rsatib kelayotgan doimiy ko‘magini alohida qadrlaymiz", deb aytgan Mirziyoyev o‘z tabrigida.

Ekspertlar AQSH O‘zbekistonni o‘zining milliy xavfsizlik, terrorga qarshi kurash siyosati hamda Rossiya va Xitoy ta’sirini jilovlash harakatlarida mintaqada markaziy davlat sifatida ko‘rishini aytadilar.

O‘zbekiston rasmiylari AQSH saylovlarini hech qachon sharhlamagan, Oq uydagi qaysi ma’muriyat - respublikachi yoki demokratlar mamlakat manfaatiga ko‘proq mos kelishi borasida ochiq bayonotlar berilmaydi.

Ammo o‘tmishda Vashington bilan aloqalarning yaqinlashishi aynan Tramp mansubi bo‘lgan respublikachilar ma’muriyati davriga to‘g‘ri kelgan.

Дональд Трамп: Шавкат Мирзиёев ўз мамлакати ва ҳамма жойда ҳурмат қилинадиган одам!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:00 0:00

AQSHda 2001-yil 11-sentyabridagi hujumlar ortidan Vashington Afg‘onistondagi amaliyotlarni dastaklash uchun Qarshi yaqinidagi Xonobod bazasida yuzlab harbiylarini joylashtirgandi.

Garchi Andijondagi qonli voqealar ortidan munosabatlar yomonlashgan va Amerika harbiy bazasi yopilgan bo‘lsa-da, Pentagonning O‘zbekiston bilan aloqalari to‘xtab qolmagan. Oldinroq Bayden ma’muriyati Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga kelishi ortidan O‘zbekistonga olib chiqilgan harbiy texnikalarni O‘zbekistonga hadya qilgani ma’lum bo‘ldi. Ularning texnik nazorati hamon Pentagon qo‘lida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bayden-Harris ma’muriyati davrida AQSHga faqat bir marta safar qildi. 2023-yil sentyabrida u AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining C5+1 formatidagi sammitida qatnashdi.

Ekspertlar nazarida Ukrainaga tajovuzi sabab xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilarkan, mintaqa bilan aloqalar AQSH uchun geosiyosiy zarurat bo‘lib qolaveradi.

АҚШнинг Ўзбекистондаги элчиси Мирзиëев¸ унинг ислоҳотлари ва бугунги Ўзбекистон ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:04 0:00

Markaziy Osiyo

Qirg‘izistonlik siyosatshunos Medet To‘lagenov fikricha, Afg‘onistondan amerikalik askarlar olib chiqib ketilganidan so‘ng mintaqa AQSH uchun unchalik jozibador bo‘lmay qolgan, ammo bilvosita manfaatlar hali saqlanib turibdi.

“Iqtisodiy nuqtayi nazardan ayrim konlarga qiziqish bor. Ayniqsa Qozog‘istonda. Menimcha, bundan ortig‘i ularni qiziqtirmaydi. Albatta, bilvosita manfaatlar ham bo‘ladi, chunki Tramp davrida AQSH bilan Xitoy qarama-qarshiligi avj olishi muqarrar. Ukrainadagi urush manzarasida AQSH-Rossiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar ham bor. Biroq bular bari bevosita emas, bilvosita manfaatlar”, deydi To‘legenov.

Mintaqa siyosatshunoslari “Markaziy Osiyo ko‘proq Rossiya bilan yaqin, mintaqaga nisbatan siyosatda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi amri mahol”, deb hisoblaydilar.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida Bishkek Qo‘shma Shtatlar bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida hujjat imzolashga hozirlanayotganini ma’lum qildi.

“AQSH bilan hamkorlik ham biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Ko‘ramiz, saylov natijalari rasman tasdiqlanganidan so‘ng hamkorlik qay tariqa davom etarkin. Hozirda AQSH bilan siyosiy muloqot olib borilmoqda, Qo‘shma Shtatlar bilan strategik bitim imzolash ustida ishlayapmiz”, dedi mulozim.

“Қандай ҳукуматга эга бўлиш-ўзбек халқининг иши”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:47 0:00

Qirg‘iziston 2015-yilda AQSH bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani bir tomonlama bekor qilgan edi. O‘shandan beri tomonlar yangi bitim imzolagan emas, ammo muzokaralar anchadan buyon davom etmoqda.

Qozog‘iston parlamenti deputati Yemurat Bapi Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan izohida Donald Tramp ma’muriyatining sanksiya siyosati Qozog‘iston iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkinligini aytdi.

“Qozog‘iston jahon siyosatida katta rol o‘ynaydi deb ayta olmayman. Biroq neft sohasi davlat byudjetining asosini tashkil etishi sababli aynan shu sohada kichik muammolar paydo bo‘lishi mumkin. AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli radikal munosabatlarga o‘tsa va Rossiya nefti narxini tushirishga urinsa, menimcha, bu bizning iqtisodiy ahvolimizga muayyan ta’sir etishi ehtimoli bor”, deydi deputat.

Azda.tv nashri asoschisi Muhammadjon Kabirov ham Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda AQSHning mintaqadagi siyosatida tub o‘zgarish yuz berishini kutmayotganini aytdi:

“Ayni paytda Tojikiston – Markaziy Osiyoda Vashington bilan cheklangan aloqalarga ega yagona mamlakat bo‘lib turibdi, bu borada biron jiddiy o‘zgarish bo‘lishi amri mahol. Tramp saylangan taqdirda o‘zgarishlar bo‘lishi imkoniyati bor. Uning biinchi prezidentlik davrida Tojikiston Vashingtonga bir oz yaqinlashganini ko‘rdik”, deydi ekspert.

Ukraina

Rossiyaga qarshi urushda asosan AQSHning harbiy va moliyaviy ko‘magiga tayanayotgan Ukraina prezident saylovini diqqat bilan kuzatdi.

Donald Tramp AQSH Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordam ko‘lamini bir necha bor shubha ostiga olgan va Kiyevga dastakning katta qismini Yevropa o‘z gardaniga olishi lozimligini aytgan edi. Shuningdek, u saylovda g‘alaba qozongan taqdirda eng qisqa muddatda urushni to‘xtatishga va’da bergan. Tramp aniq bir qadamlarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, Kiyev urush Rossiya shartlariga binoan to‘xtatilishi mumkinligidan xavfotir olmoqda.

“Tramp urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar bilan bog‘liq muayyan xatarlarni paydo qildi, chunki Rossiyaga yon berilishi ehtimoli bor, Ukrainaga yordam kamayishi ehtimoli bor. Ammo, rost, Kamala Xarris saylanib, Kongressda respublikachilar ko‘pchilikni tashkil qilganida ham shunaqa xavflar kelib chiqardi”, deydi ukrainalik siyosatshunos Vladimir Fesenko.

Ukraina parlamentining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi Aleksandr Merejko esa Trampning g‘alabasida “muammolarni ham, imkoniyatlarni ham” ko‘rayotganini aytadi.

“Tramp faqat Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini ko‘zlab harakat qiladi. Bu aynan nimani AQSH uchun manfaatli deb tushunishiga ham bog‘liq. Shunday ekan, biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish AQSH foydasiga ekanini unga isbotlab berishimiz kerak, – deydi Merejko. – Ko‘p narsa, masalan, u milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisini tayinlaganida oydinlashadi. Trampning atrofida AQSHning Ukrainaga nisbatan siyosati xususida turlicha fikrdagi odamlar bor. Jumladan, AQSH nega Ukrainani dastaklashda davom etishi kerakligini yaxshi anglaydiganlar ham topiladi”.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak o‘z telegram-kanalida sentyabr oyida Tramp bilan Ukraina-AQSH hamkorligi bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarda urushni tugatishning muhtamal rejalari muhokama qilingani haqida yozdi:

“Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va jamoamizning sentyabrda Donald Tramp bilan uchrashuvi yaxshi o‘tgan edi. Ukrainaning g‘alaba rejasini, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi strategik hamkorlik va urushni yakunlash yo‘llarini batafsil muhokama qilgan edik. “Kuch orqali tinchlikka” – bizga bugun xuddi shu yondashuv kerak. Zero, Rossiya va avtokratlar faqat kuch tilini tushunadilar. Agressorlar adolatning qat’iy chegaralariga qaytarilishi lozim. Bizga – adolatli dunyo, dunyoga esa kuchli AQSH va demokratiya tantanasi zarur”.

Rossiya

Donald Tramp Rossiyaga nisbatan aynan qanday siyosat tutajagini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Kreml uning timsolida Vladimir Putin uchun qulay muzokarachini ko‘rmoqda, deydi rossiyalik siyosatshunos Ivan Preobrajenskiy.

“Kamala Harrisdan ko‘ra Trampning saylanishi Kremldagi oliymaqom kabinetlarda ko‘pchilikni quvontirgani ayon, chunki Tramp “tushunsa bo‘ladigan odam” sifatida ularni qoniqtiradi. Tramp: “Putin mening g‘irt beboshligimni biladi, shuning uchun mendan qo‘rqadi”, deb o‘g‘ og‘zi bilan aytgan. Aslida ham Putin uning taxminan o‘ziday beboshligini biladi, u bilan kelishuv va manfaatlar yuzasidan tushunarli tilda gaplashadi”, deydi Preobrajenskiy.

Siyosatshunosga ko‘ra, AQSH bilan Rossiya o‘rtasida ziddiyat kuchaygan taqdirda ham Putin va Tramp deeskalatsiya choralarini ko‘rishi mumkin:

“Orqadan pichoq sanchishlar bo‘lishi, masalan, Rossiya qiruvchi uchog‘i urib tushirilib dunyo yadroviy urush yoqasiga kelib qolishi mumkin, lekin ikki tomon bir-biri bilan tushunarli tilda gaplashadi”.

XS
SM
MD
LG