Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:30

Ukraina O‘zbekistonni Qrim platformasiga taklif qildi. Kiyev Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilish niyatida


O‘zbekiston elchisining Ukraina rasmiylari bilan uchrashuvi 3 - mart kuni bo‘lib o‘tgan. Ukraina TIV fotosi.
O‘zbekiston elchisining Ukraina rasmiylari bilan uchrashuvi 3 - mart kuni bo‘lib o‘tgan. Ukraina TIV fotosi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Emine Japarova 3 - mart kuni O‘zbekistonning Kiyevdagi elchisi Alisher Qurmonov bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar istiqbolini muhokama qilgan.

Rasman bildirilishicha, uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish, ayniqsa, savdo-sotiqni, xalqaro tashkilotlar va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.

Emine Japarova Ukraina Turk tilli davlatlar hamkorlik kengashida tez orada kuzatuvchi maqomini olish niyatida ekanini bildirgan. Vazir o‘rinbosari bu tashkilotni “turkiy olamni birlashtiruvchi ittifoq”, deb sifatladi. Mazkur tashkilotga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston a’zo hisoblanadi.

“Bu tashkilotda kuzatuvchi maqomini olish unga a’zo davlatlar bilan aloqalarni qo‘shimcha ravishda mustahkamlanishiga xizmatgina qilib qolmay, Ukrainaning turk olami bilan alohida o‘zgacha munosabatlarga ega ekanini namoyon qiladi”,-dedi Emine Japarova.

Bundan tashqari Ukraina rasmiysi O‘zbekistonni Qrim platformasida ishtirok etishga chaqirdi hamda prezident Shavkat Mirziyoyevning Ukraina mustaqilligining 30 yillik tantanalirda ishtirok etishi va Qrim platformasi sammitida ishtirok etishi olqishlanishini bildirdi.

Qrim platformasi sammitida Rossiya tomonidan 2014 - yilda bosib olingan Qrim muxtoriyatidagi qrimtatarlar tilini rivojlantirish va qo‘llab quvvatlash, Qrim aholisi huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilinadi.

Ayni paytda Ukraina hukumati mazkur sammitga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning qachon o‘tkazilishi sanasi hozircha e’lon qilinmagan.

2014 - yilning 24 - martida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyat va Qrim masalasi yuzasidan rasmiy Toshkent pozitsiyasini aks ettirgan bayonot tarqatgandi.

Mazkur bayonotda “O‘zbekiston Respublikasining BMT Nizomi asosiy tamoyillari va xalqaro huquqiy me’yorlardan kelib chiqqan holda “yuzaga keladigan xalqaro bahslarni tinch vositalar bilan hal etish, xalqaro munosabatlarda har qanday davlatning hududiy daxlsizligiga yoxud siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo‘llashdan tiyilish” borasidagi pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir”, deyilgan.

Bundan Toshkentning, yo‘q deganda, Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishini yoqlamagani anglashilgandi.

2017 - yilning noyabrida BMT Bosh assambleyasining ijtimoiy, gumanitar va madaniy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi Qrim yarim orolida inson huquqlariga oid vaziyat yuzasidan Ukraina tayyorlagan rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Hujjatda Rossiyadan Qrimda inson huquqlarini toptashni zudlik bilan to‘xtatish talab qilingan.

Rezolyutsiya loyihasini qo‘llab 71 davlat, unga qarshi 25 davlat ovoz berdi. 77 davlat esa, xolis qoldi.

O‘zbekiston o‘shanda Rossiya, Xitoy, Belarus, Serbiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlar qatorida rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan.


O‘zbekiston 2016 - yilning noyabrida ham BMT Bosh Assambleyasi 3-qo‘mitasida Qrimdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni qoralovchi hamda Rossiyani yarim orolga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan edi.

2014 - yilning martida esa, Rossiyaning Qrimni anneksiya qilganini qoralagan rezolyutsini 100 mamlakat qo‘llab-quvvatlagan, 11 mamlakat unga qarshi ovoz bergan va 58 mamlakat, jumladan O‘zbekiston betaraf qolgan edi.

Ukraina parlamenti Qrimning Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olinish tarixining boshlanishi 2014 - yilning 20 - fevrali ekanini e’lon qilgan.


Qrim anneksiyasidan so‘ng G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan qator sanksiyalarni joriy qilgan. Rossiya yarimorolni bosib olganini inkor qiladi va buni “tarixiy adolatning tiklanishi” o‘laroq baholaydi.

XS
SM
MD
LG