Линклар

Шошилинч хабар
05 январ 2025, Тошкент вақти: 14:43

Urushga qaramay Ukraina iqtisodiyoti o‘sishda davom etmoqda - ekspert sharhi


Ukraina milliy valyutasi. Illyustrativ surat.
Ukraina milliy valyutasi. Illyustrativ surat.

Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda, deb yozmoqda dunyoning yetakchi iqtisodiy nashri – Britaniyaning The Economist jurnali.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina iqtisodiyoti keng ko‘lamli urushdan oldingi davrga nisbatan chorak qismga kichik bo‘lsa-da, urush boshlanganidan beri birinchi marta asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Rossiya iqtisodiyotidan sog‘lomroq ko‘rinmoqda. The Economist bu xulosani ikki mamlakat Markaziy banklari belgilagan YIM va asosiy stavka ma’lumotlariga asoslanib chiqarmoqda. Yil yakuni bo‘yicha prognozlarga ko‘ra, Rossiya armiyasining doimiy zarbalariga, shu jumladan, mamlakatning energetika infratuzilmasiga zarbalarga qaramay, Ukraina yalpi ichki mahsuloti 4 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Rossiyada esa yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tayotgan yilda atigi 0,5 foizdan 1,5 foizgacha bo‘lishi mumkin. Ukrainadagi asosiy stavka butun yil davomida pasayib bordi va faqat 13-dekabrda 0,5 foizga – 13,5 gacha ko‘tarildi. Rossiyada esa bu ko‘rsatkich yil davomida 16 foizdan 21 foizgacha o‘sdi.

Украинага босқин: 1043-кун | Янги йилдан Россияда патент нархлари ошди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:15 0:00

Rossiya va Ukrainadagi iqtisodiy vaziyatni taqqoslashda asosiy stavka va yalpi ichki mahsulot o‘sishiga tayanish qanchalik to‘g‘ri? Ekspertlar fikricha, bunday taqqoslashlar cheklangan.

"Hisob stavkasi yashirish mumkin bo‘lmagan narsa, chunki u nimagadir reaksiya hisoblanadi. Ko‘pgina statistik ma’lumotlarni yashirish mumkin, shuning uchun stavka ko‘rsatkichli holat hisoblanadi. Albatta, bu keng qamrovli tahlil emas, ilmiy tadqiqot darajasiga da’vo qilmaydi, lekin bu, aslida, juda to‘g‘ri yondashuv," deb tushuntirdi ukrainalik investitsion bankir, moliyaviy tahlilchi Sergey Fursa.

Tahlilchining ta’kidlashicha, Rossiyadagi asosiy stavka hozirda 21 foizni tashkil etadi, bu harbiy iqtisodiyotning bevosita natijasidir.

"Biz ularning cheksiz jang qila olishiga ishonib qolganmiz, Putin hamma narsani harbiy izga soldi va iqtisodiyot ishlayapti, deb o‘ylaymiz, – deydi Fursa. – Ammo bu umuman ishlamaydi yoki hech bo‘lmaganda juda qisqa vaqt ishlaydi, keyin esa hamma narsa uchun haq to‘lashga to‘g‘ri keladi."

"G‘arbdagi hamkorlar qo‘llab-quvvatlashi tufayli pulni bosib chiqarishingiz shart emas. Ukrainada aylanmadagi pullar ko‘paydi, lekin bu Markaziy bankning zaxiralari bilan tasdiqlangan pullar, bu G‘arbdan jismonan mamlakatga kirib kelayotgan mablag‘lardir," deya ta’kidlaydi ekspert.

2024-yilda Ukraina yalpi ichki mahsulotining 4 foizga o‘sishi ham eksport yo‘nalishlari tiklanishi bilan izohlanadi.

"2023-yilda Katta Odessa portlari to‘liq ishlamadi, natijada metallurgiya sektori normal faoliyat yurita olmadi. Hozir Katta Odessa portlari ishga tushdi, to‘laqonli eksport yo‘lga qo‘yildi, transport tizimi ishlay boshladi – bularning barchasini o‘sha "Ukrzalіznitsya" olib bormoqda, – deb sanab o‘tadi Fursa. – Ko‘plab qo‘shimcha tarmoqlar faoliyat boshladi va bu joriy yilda Ukraina iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi, bunga qo‘shimcha ravishda harbiy-sanoat majmuasi ham bu yil taxminan bir foiz ulush qo‘shmoqda."

Shunga qaramay, Ukraina iqtisodiyoti tashqi yordamga to‘liq bog‘liq.

"Bu yordamsiz hamma narsa bir zumda barbod bo‘ladi, chunki urush juda qimmatga tushadi. <...> Hozir Ukrainada mavjud byudjetning yarmi G‘arb mablag‘laridir. Butun ijtimoiy soha, mutlaqo hamma narsa, mudofaa sektorini moliyalashtirishdan tashqari g‘arblik hamkorlar mablag‘laridir. Ular bo‘lmasa, hamma narsa barbod bo‘ladi," deb hisoblaydi Fursa.

Ekspert tushuntirishicha, Ukraina byudjeti ikki qismga bo‘linadi: harbiy ehtiyojlar ichki soliqlar hisobidan moliyalashtiriladi, ijtimoiy nafaqalar, pensiyalar va o‘qituvchilar maoshlari uchun mablag‘lar esa AQSH va Yevropa Ittifoqidan keladi.

"Rossiyaga qarshi uch yillik qarshilik faqat G‘arbning qo‘llab-quvvatlashi tufayli mumkin bo‘ldi," deya xulosa qiladi iqtisodchi.

The Economist nashri ta’kidlashicha, Ukraina, ehtimol, 2025-yilni AQSH mablag‘isiz ham o‘tkazishi mumkin. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakili Dimitar Bogovning fikricha, Yevropa Ittifoqi tomonidan kelishilgan 18 milliard yevro va boshqa Katta yettilik mamlakatlarining badallari bo‘shliqni to‘ldira oladi.

Shuningdek, Ukrainada sezilarli valyuta zaxiralari mavjud bo‘lib, ular 2024-yil oxiriga kelib 43 milliard dollarga yetishi kutilmoqda, bu esa besh oylik importni qoplaydi. Biroq, agar AQSH 2026-yilda moliyaviy yordam ko‘rsatishdan bosh tortsa, Ukraina moliyaviy inqirozga duch kelishi mumkin, deya ta’kidlaydi ekspertlar.

XS
SM
MD
LG