Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:40

"Viloyati Xuroson" qanday qilib ISHIDning "eng muhim bo‘g‘ini"ga aylandi?


Aniq sanasi qayd etilmagan videoda "Viloyati Xuroson" asoschisi Hafiz Said (o‘rtada) aks etgan. Afg‘on-Pokiston chegarasi, 2015
Aniq sanasi qayd etilmagan videoda "Viloyati Xuroson" asoschisi Hafiz Said (o‘rtada) aks etgan. Afg‘on-Pokiston chegarasi, 2015

AQSH mulozimlari “Krokus Siti Xoll”da sodir bo‘lgan terakt uchun javobgarlikni “Islom davlati”ning afg‘on shu’basi – “Viloyati Xuroson” (ISHID-K deb ham ataladi) zimmasiga qo‘yishmoqda. Ekspertlar fikricha, Moskvadagi terakt ushbu shoxobchaning ambitsiya va imkoniyatlari ortayotganini va u tashkilotda yetakchi rolini o‘ynayotganini ko‘rsatadi.

“Viloyati Xuroson” jangari guruhi 10 yil muqaddam paydo bo‘lganidan beri asosan Afg‘oniston va Pokiston hududida terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelardi.

Biroq hozir IDning afg‘on shu’basi yuzlab qurbonlar keltiruvchi teraktlarini boshqa mamlakatlar, jumladan Eron va Rossiyada sodir etayotir.

Ekspertlarga ko‘ra, 22-mart kuni Moskva viloyatida sodir bo‘lgan terakt ISHID-Kning qo‘li uzayganini va ayni paytda u tashkilot ichida yetakchilik maqomiga erishganini ko‘rsatadi.

“Mazkur tarmoq IDning eng muhim bo‘g‘iniga, yetakchi xalqaro filialiga aylandi”, deydi MilitantWire.com sayti muassisi va muharriri Lukas Uebber.

Ekspert 2019-yilda “Islom davlati” AQSH boshliq koalitsiya tomonidan tor-mor etilganidan so‘ng tashkilotning Suriya va Iroqdagi markaziy rahbariyati “butun e’tiborini jon saqlab qolish, qayta guruhlanish hamda imkoniyatlar va tarmoqlarni kengaytirishga qaratgan”ini aytadi.

Тожикистонда теракт режалашда гумонланаётган 15 киши ҳибсга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:13 0:00

“Mohiyatan, u ID franshizasining bosh tashkiloti bo‘lib qoldi”, deydi Uebber Afg‘onistonda 2014-yil oxirlarida, ya’ni ID Suriya va Iroqning kattagina hududlarini bosib olib, xalifat tuzilganini e’lon qilgan yili paydo bo‘lgan ISHID-Kni nazarda tutib.

“Islom davlati” filiallari Arabiston yarimoroli, Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Kavkazda ham mavjud.

Xorijdagi amaliyotlar

ISHID-K Afg‘oniston va Pokistonda teraktlar uyushtirishni to‘xtatgani yo‘q, ammo so‘nggi oylarda tashqi operatsiyalarga ko‘proq e’tibor qaratayotganga o‘xshaydi.

Yanvar oyida Eronning Kirmon shahrida 90 dan ziyod odam o‘limiga olib, Islom Respublikasining so‘nggi bir necha o‘nyillik tarixidagi eng qonli terakt bo‘lgan voqeada ham ISHID-K javobgar qilingandi.

22-mart kuni esa jangarilar Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”ga bostirib kirib, kamida 140 kishini o‘ldirishdiki, bu Rossiyada so‘nggi 20 yilda yuz bergan eng mudhish terrorchilik hujumi bo‘ldi.

Terakt uchun mas’uliyatni ID o‘z zimmasiga oldi. Amerika rasmiylari hujum ijrochisi deb to‘g‘ridan to‘g‘ri ISHID-Kga ishora berishgan bo‘lsa, Moskva ID shoxobchasini tilga olmagan holda “islomchi ekstremistlar”ni aybdor qildi.

25-mart kuni ISHID-K Rossiyada yangi “hudkushliklar”ni uyushtirish bilan tahdid etdi. Moskva Suriya va Afrikada ID jangarilari bilan urushmoqda, shuningdek Afg‘onistonda IDning asosiy raqibi bo‘lmish “Tolibon” hukumati bilan aloqalarni mutahkamlayotir.

MilitantWire.com muharriri Lukas Uebber ISHID-K G‘arb uchun tobora katta xavfga aylanayotganini urg‘ulaydi. “Yaqin kelajakda u ko‘p jiddiy voqealarni belgilab beradiganga o‘xshaydi”, deydi u.

AQSH Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi rahbari general Maykl E. Kurilla 21-mart kuni parlamentdagi chiqishida “ISHID-K AQSHga va G‘arbning xorijdagi manfaatlariga hamla qilish imkoniyatlari va xohishini saqlab qolmoqda, u olti oydan so‘ng, deyarli ogohlantirishsiz harakatga kechishi mumkin”, degan edi.

So‘nggi yillarda Yevropa huquq-tartibot idoralari ISHID-Kning bir necha fitnasini fosh etdi.

19-martda Germaniya politsiyasi ISHID-Kning ikki muhtamal tarafdorini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Ular Shvetsiya parlamentiga hujum qilish maqsadida til biriktirganlikda ayblanmoqda.

Iyulda Germaniya va Niderlandiya politsiyasi ISHID-K bilan aloqada bo‘lganlikda gumon qilinayotgan 9 kishini ushladi.

O‘tgan yili Qur’onni yoqish voqealaridan so‘ng tashkilot Shvetsiya, Niderlandiya va Daniyada teraktlar uyushtirish bilan tahdid qilgan edi.

“Крокус”дан сўнг: Терактнинг олдини ололмаган махсус кучлар мигрантларни сиқувга олмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:37 0:00

“Erkin sho‘balar tarmog‘i”

ISHID-K tuzilganidan so‘ng u Afg‘oniston sharqi va shimolidagi kichik hududlarni zabt eta boshladi.

Biroq taxminan 2019-yilda afg‘on armiyasi va xalqaro kuchlar, shuningdek toliblar bosimi ostida guruh tayanch hududlarini tark etishga majbur bo‘ldi. O‘shandan boshlab ISHID-K shaharlarda jangovar harakatlar olib borish yangi strategiyasini amalga oshirmoqda.

“Biz “Viloyati Xuroson” yangi davrni boshidan kechirayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz”, deydi jangari guruhning Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy harakatlarini kuzatib boruvchi The Khorasan Diary onlayn-platformasi muassislaridan biri Rikardo Valle.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ISHID-K hududlarni “an’anaviy armiya” kabi bosib olishga intiluvchi guruhdan – “ko‘proq o‘lim keltiruvchi teraktlar sodir etish tendensiyasiga ega shu’balarning erkin tarmog‘i”ga aylangan.

ISHID-K afg‘onistonlik va ajnabiy jangarilardan iborat. BMT Xavfsizlik kengashi 2023-yil iyundagi hisobotida ISHID-Kning Afg‘onistondagi jangarilari sonini “4000 dan 6000 nafargacha” deb ko‘rsatgan edi.

Terrorizm va mudofaa siyosati bo‘yicha ekspert Sara Xarmush (Vashington) aytishicha, ISHID-Kning hududiy nazorat o‘rniga asimmetrik jangovar harakatlarga o‘tib ketishi unga mahalliy shart-sharoitga moslashish va aksilterror operatsiyalarga qarshi turish imkonini bergan.

“Bu moslashuvchanlik ISHID-Kni ID tarmog‘idagi postxalifat davri qiyinchiliklarini yengib o‘tishga qodir eng dinamik va mustahkam shu’baga aylantiradi”, deydi Xarmush.

Ekspertga ko‘ra, guruhning Afg‘oniston va Pokistondan tashqarida shov-shuvli teraktlar uyushtira olish layoqati uning obro‘sini oshirgan.

“Bu avtoritet ISHID-Kni, ayniqsa rekrutlarni va resurslarni jalb etish masalasida ID tarmog‘ida peshqadamga aylantirishi mumkin”, xulosa qiladi ekspert.

XS
SM
MD
LG