Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:31

"Xitoy orqali Rossiyaga jo‘natgan". Yana bir o‘zbek shirkati sanksiyaga uchradi


AQSH Moliya vazirligi
AQSH Moliya vazirligi

AQSH Moliya vazirligi 17 mamlakatdagi 400 dan ortiq jismoniy shaxs va shirkatlarga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Ro‘yxatga Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Shveysariya, Turkiya va Chili fuqarolari kiritilgan. O‘zbekistonning Uzstanex shirkati ham Rossiya bilan aloqalari tufayli “qora ro‘yxat”ga tushdi.

Ro‘yxatda Rossiyaga mansub jami 150 ta shirkat va tashkilot bo‘lib, ular Ukrainaga qarshi qo‘llanayotgan va qo‘llash mumkin bo‘lgan qurollar yaratish imkonini beruvchi material va texnologiyalar, tayyor harbiy mahsulot, jihozlar yoki butlovchi qismlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, deyiladi vazirlik xabarnomasida.

AQSH Davlat departamenti sanksiyalar avval kiritilgan cheklov choralarini chetlab o‘tishda Rossiyaga ko‘maklashayotgan chet el shirkatlari va fuqarolariga nibatan ham qo‘llanganini urg‘uladi.

Sanksiyaga uchragan shirkatlar orasida, jumladan, O‘zbekistonning Uzstanex va Qozog‘istonning Kazstanex shirkatlari bor. AQSH Moliya vazirligiga ko‘ra, bu ikkisi Yevropadan o‘z nomiga dastgohlar olib kelib, so‘ngra Rossiyaga yetkazib berishi uchun ularni Xitoyning Shanghai Winsun shirkatiga jo‘natadi. Ushbu sxema ortida Rossiyaning “Tros” shirkati rahbari Sergey Ushko va uning o‘g‘li Aleksandr Ushko turibdi.

Бирламчи капитал ва иккиламчи санкциялар. Россия бизнеси Ўзбекистонда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:57 0:00

Kichik Ushko Yevropadagi dastgohlar ishlab chiqaruvchi shirkatda ishlaydi va RFdagi yakuniy foydalanuvchilar uchun dastgohlar sotib olishda otasiga yordam beradi. Moliya vazirligi qayd etishicha, ular dastgohlarni Xitoy orqali Rossiyaga olib kelishda Markaziy Osiyo davlatlaridagi vositachilarni qo‘llash uchun rossiyalik Igor va Tatyana Xomenko bilan birlikda harakat qiladilar.

O‘zbekiston shirkatlari AQSH sanksiyalariga birinchi marta yo‘liqayotgani yo‘q.

Jumladan, 2023-yilda AQSH, YI va Yaponiya O‘zbekistonning ikki shirkati “Alfa Beta Creative” MCHJ va “GFK Logistic Asia” MCHJga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi.

Yevrokomissiya saytida e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, bu ikki shirkat Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ko‘maklashgani, xususan Rossiya mudofaa sanoati uchun G‘arbda tovarlar xarid qilishga uringani uchun sanksiyalarga uchragan.

2023-yilda AQSH Savdo vazirligi Toshkentda joylashgan “Mvizion” MCHJga nisbatan sanksiyalar qo‘lladi. Shirkat elektron va telekommunikatsiya jihozlari hamda ularning ehtiyot qismlari bilan ulgurji savdo qiladi.

2022-yilda AQSH O‘zbekistonning “Promcomplektlogistic” nomli xususiy shirkatini ham “qora ro‘yxat”ga tirkagan edi. U Rossiyaning “Radioavtomatika” shirkati bilan yaqin aloqada bo‘lgani va Rossiya harbiy sanoat kompleksi uchun elektron komponentlar yetkazib bergani aytiladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga ikki yil to‘lishi va rus muxolifatchisi Aleksey Navalniy o‘limi munosabati bilan AQSH Rossiyaning sheriklariga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi.

Иккиламчи санкциялардан қўрқув
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:43 0:00

Bu safar Moliya vazirligi “qora ro‘yxati”ga arablarning Polarstar Logistics shirkati tushdiki, u turli mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonda ham shu’balari bor.

Shirkat saytidagi ma’lumotlarga qaraganda, u mashinalardan tortib tez buziladigan mahsulotlargacha – xilma-xil yuklarni tashish bilan shug‘ullanadi.

Polarstar Logistics va uning Toshkentdagi vakolatxonasi aynan qaysi sababga ko‘ra sanksiyalar ro‘yxatiga tirkalgani ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, 23-oktyabrda AQSH moliya vaziri Jannet Yelen Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi yo‘naltirilgan yangi sanksiyalar haqida e’lon qilishga tayyorligini aytdi.

“Biz Kreml harbiy mashinasining ishlashiga yordam berayotganlar, jumladan Rossiyaga juda muhim tovarlarni yetkazib berayotgan uchinchi mamlakatlardagi vositachilarga qarshi yangi kuchli sanksiyalarni e’lon qilamiz”, dedi Yelen Vashingtonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Vazir AQSH tomonidan sanksiyalar qo‘llangan tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotgan moliya muassasalari AQSH moliya tizimidan uzib qo‘yilishi haqida ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG