Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:22

"Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi". Tarmoqlar Toshkent hokimining "feodalcha" po‘pisasi haqida


Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov.

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqovning Yunusobod tumanidagi do‘konda o‘tkazgan “reyd”i ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama mavzusiga aylandi.

2023-yil mart oyidan buyon poytaxtni idora etib kelayotgan Umurzoqov jamoatchilikka kam ko‘rinish beradigan, ommaviy axborot vositalaridan o‘zini olib qochadigan mulozim o‘laroq ta’riflanadi.

Hokimlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Yunusobod tumani Sobirobod mahallasidagi muammolarni o‘rgangan Shavkat Umurzoqov hududdagi savdo obyektlari sanitariya-epidemiologiya va yong‘in me’yorlariga javob bermasligi, do‘konlarda aynigan sabzavot va mevalar sotilayotganiga e’tibor qaratgan.

“Mana, nima sotvotti aholiga, mana, ko‘ring! Qani SES, qani soliq?! Byahki, qaqqa qaravossilar?! Nima, ertaga odamlar otravleniye bo‘lsinmi?!” deya do‘konda “mog‘orlagan o‘rik” va “suvi chiqib ketgan olma” sotilayotganini “ko‘cha uslubi”da tanqid qiladi hokim tarmoqqa sizdirilgan videolavhada.

Amaldorning qo‘l ostidagilarga “feodallarcha” muomala qilgani, meva solingan qutini otib yuborishi faollarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

“O‘zbekiston poytaxti bo‘lgan Toshkent hokimining muomalasini qarang: “Byahki, nima bu? Qaqqa qaravossan?” Umuman hokimning MCHJ egasiga yoki sotuvchiga shunday muomala qilishga, mahsulotini olib qo‘pollik bilan uloqtirishga haq-huquqi bormi? Aslida, biz hokimga Toshkentga qarayapsanmi o‘zi, deb o‘dag‘aylashga haqlimiz. U biz uchun xizmat qilishi kerak shuning uchun ham soliqlar to‘layapmiz”, deb yozdi jurnalist Anora Sodiqova.

Jurnalist Sharofiddin To‘laganov fikricha, “shahar yoki tuman hokimining xususiy do‘kon(lar)ga kirib, u yerdagi mahsulotlar sifati haqida qiziqishi va qo‘l ostidagi amaldorlarga topshiriq berishi va uni ijtimoiy tarmoqlarga joylashishi o‘ta kulgili. Bu piardan boshqa narsa emas. Odamlarning ensasini qotiradigan bu kabi hodisa(lar) Shimoliy Koreya va Turkmanistondagina bo‘lishi mumkin”.

“Hokimning to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyatlari qolib tadbirkorning o‘rigiga yopishishi umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Hokimiyatning Telegram kanaliga bir kunda mingdan oshiq muammo bilan murojaat qilishadi. Hokimning to‘g‘ridan to‘g‘ri vazifasi shu muammolarni bartaraf qilish emasmi?” deydi Turobjon Salimov.

“Kun ko‘rmagan kun ko‘rsa, kunduz kuni chiroq yoqarmish, degandek bo‘libdi”, deya tagma’noli luqma yozdi tarixchi olim Shuhrat Barlos.
“Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi”, deya xalq maqolini yodga oldi Matchon Sultonov.

“Baribir prokurorligiga boradi-da hokim bo‘lsa ham”, deb yozdi jurnalist Mirolim Isajonov poytaxt rahbari muqaddam uzoq yil prokuratura tizimida ishlaganiga shama qilib.

Aksar faollar Toshkent hokimiga sifatsiz meva oldi-sotdisi bilan emas, balki nobop yo‘llar, elektr energiya va gaz uzilishlari, chirigan kanalizatsiya quvurlari, noqonuniy qurilishlar, ayovsiz daraxtkushlik kabi dolzarb muammolarga e’tibor qaratishni tavsiya qilgan.

“Yunusobodda shu chirigan o‘rik va olmadan ham boshqa kattaroq muammolar bor edi lekin”, deydi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

“Shahar hokimining rejalarida: asfalt qilinmagan yo‘llar va beton qilinib dabdalasi chiqqan trotuarlar, yo‘l o‘tkazgichlarida ishlamaydigan liftlar, o‘rnatilmagan chiqindi chelaklar, ishlamaydigan drenaj tizimi va yana +100500 ta o‘z zimmalaridagi muammolarni tekshirish bormikan?” deya savol qo‘ydi bloger Umid G‘afurov.

“Yunusobodni suv bosib, “Skver”dagi katta daraxtlar kesilib ketsayam mayli. Muhimi – chirigan o‘rik sotmalaring!!!” deya kinoyali post qoldirdi jurnalist Abror Zohidov.

“Shuncha yil yashab, bironta odam aynigan olma yoki aynigan o‘rik yeb o‘lganini eshitmadim. Lekin Hindistonning sifatsiz dorilari sabab o‘nlab bolalar o‘lganiga shohidman”, deya mulozimni qamrovni kengroq olishga undadi Ahmad ismli foydalanuvchi.

“Shu “brat”ning (poytaxt hokimi nazarda tutilmoqda – tahr.) muborak poyi qadamlari faqat shu do‘kon bilan cheklanmasdan boshqa antisanitar joylarga ham tashrif aylab turishlarini iltimos qilardim. Masalan, Toshkent bozorlarida ob-havoga qaraydigan o‘ziga xos monopol idoralari bor. Munitsipial aktivlarni boshqarish DUK deb ataladi. Shu DUK qilayotgan ishlaridan voqif emaslar desam, kunda-kunora Farhod bozoridan o‘tadilar. Shundo “Mers”dan sakrab ikki qadam qo‘ysalar, haqiqiy antisanitar holatlarni ko‘rardilar”, deb yozdi Telegramdagi “Telegraf.uz” kanali.

Aksar blogerlar poytaxt rahbarini bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini tushunmaslik va shaxsiy mulk daxlsizligini buzishda ayblagan.

Boshqa bir guruh faollar fikricha, muammo Umurzoqovning shaxsiyatida emas, balki tizimda.

“Agar hokimlar saylov yo‘li bilan rahbarlikka kelsa, ularning ish uslubi ham, odamlarga va qo‘l ostidagilarga muomalasi ham o‘zgaradi, shahar “katta xolasining uyi” emasligini tushunib yotadi”, deb yozdi Murodxo‘ja Azimxo‘jayev.

XS
SM
MD
LG