Markaziy Osiyo mamlakatlarida ayollar huquqlari bilan bog‘liq vaziyat achinarli. Mintaqada qizlar va ayollar doimiy zo‘ravonlik, kamsitishlarga duch keladi.
An’anaviy patriarxal jamiyat esa feminist jamoalar faoliyatiga har jihatdan to‘sqinlik qiladi.
Ammo ayollar taslim bo‘lmay, o‘z huquqlari uchun kurashib kelmoqda. “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lmish “Nastoyashchee vremya” telekanali Markaziy Osiyo ayollari o‘z huquqlari yo‘lida nimalar qilayotgani haqida hikoya qiladi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonni feminizm sohasida mintaqadagi eng ilg‘or mamlakat deyish mumkin. So‘nggi yillarda har 8 - mart kuni poytaxt Bishkekda ayollar huquqlari uchun yurishlar o‘tkazilmoqda.
Ammo ushbu tashabbuslarga an’anaviy qadriyatlar tarafdorlari to‘sqinlik qilishga urinib keladi.
Bu yilgi tadbirda 500 ga yaqin odam ishtirok etdi. So‘nggi lahzagacha yurish qatnashchilari politsiya hibsga olishi yoki o‘zlariga hujum uyushtirilishidan xavotirda edi, ammo yurish provokatsiyasiz o‘tdi. Qatnashchilar qo‘lida tutgan plakatlardagi yozuvlarning asosiy mavzusi zo‘ravonlikka qarshi kurash edi.
Qirg‘izistonda ayollarning o‘z oilalarida kaltaklanishi, zo‘rlik va qotillik qurboni bo‘lishi ko‘p uchraydi, zo‘rlash va shafqatsiz qotillik qurboni bo‘ladilar. Boz ustiga, ular har vaqt erkaklar bilan teng huquqqa ega ekanliklarini ta’kidlab turishlari kerak.
2020 - yilda “Qirq choro” millatchi harakati a’zolari yillik yurish qatnashchilariga hujum qilgan edi. Voqea joyiga politsiya yetib keldi, ammo millatchilarni emas, ayollarni hibsga ola boshladi.
Bir necha oy oldin Bishkekda MDHdagi ayollar erkinligiga bag‘ishlangan birinchi feminist ko‘rgazma – feminnale bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmaning ba’zi eksponatlari va chiqishlarga jamoatchilik turlicha munosabat bildirdi. Masalan, fohishalar huquqlarini himoya qilish masalasini ko‘targan ayol va yalang‘och qiz shaklidagi boks qopi qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.
Oqibatda feminnale kuratori do‘pposlandi va ko‘rgazmani o‘tkazgan Tasviriy san’at muzeyi direktori ishdan bo‘shatildi. Bundan tashqari, rasmiylar jamiyatning an’anaviy asoslariga zid deb hisoblagan ba’zi eksponatlar ko‘rgazmadan olib tashlandi.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda ham feminist harakatlar ancha faol. Mamlakatning eng yirik shahri bo‘lmish Olmaotada ayollar huquqlari uchun tinch yurishlar bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar rasmiylardan ayollarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilishni talab qiladilar.
Joriy yilda Olmaotada rasman ruxsat berilgan ayollar marshi o‘tkazildi, so‘ng miting uyushtirildi. Tadbirlarda 700 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Aksiya “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q”, “Mening tanam – mening ishim”, “Feminizm Qozog‘istonni qutqaradi” kabi shiorlar ostida o‘tdi.
Yurish qatnashchilari oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish to‘g‘risida qonun qabul qilishni hamda ayollar va erkaklar huquqlarini, shu jumladan, ular oladigan ish haqlarini tenglashtirishni talab qildilar.
O‘tgan yilgi yurish qatnashchilari hibsga olinmadi, biroq aksiyadan bir necha kun o‘tib, uning ikki tashkilotchisi mayda bezorilik va ruxsatsiz mitingda qatnashgani uchun jarimaga tortildi.
Qozog‘iston ayollarining yorqin chiqishi 2019 - yil fevral oyida bo‘lgandi. O‘shanda ko‘p farzandli onalar davlat tomonidan ijtimoiy yordamni kuchaytirishni talab qilib, norozilik namoyishlariga chiqdilar. Aksiyalarga Nur-Sulton shahrida ota-onasi tungi ishdaligida uyda chiqqan yong‘in sababli besh nafar bolaning o‘lgani turtki berdi. O‘shandan beri mamlakatda ayollar mitinglari muntazam o‘tkazib kelinadi.
O‘zbekiston
O‘tgan yil yozida O‘zbekistonda ayollar himoyasiga bag‘ishlangan birinchi ommaviy aksiya bo‘lib o‘tdi. Aksiya davomida qizlar feminist shiorlar bilan ko‘chaga chiqdilar.
Aksiya juda kamtarin o‘tganiga qaramay, unga munosabat tajovuzkor bo‘ldi. Ammo ana shunday qarshiliklardan keyin ham O‘zbekistonda ayollar o‘z huquqlari uchun kurashishni davom ettirmoqda.
Xususan, o‘tgan bahorda Toshkentda oilaviy zo‘ravonlikdan aziyat chekayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Aybdor emasman” xalqaro festivali o‘tkazildi. Uning doirasida shaharning turli joylarida mablag‘ to‘plash va ayollar inqiroz markazlarini qo‘llab-quvvatlash uchun film namoyishlari, muhokamalar, ma’ruzalar, konsertlar va spektakllar o‘tkazildi.
Tojikiston
Tojikistonda shakllangan feminist harakat yo‘q. Bundan tashqari, ayollarning ovozi oilada ham, davlat ishlarida ham hal qiluvchi ta’sirga ega emas. Ayollar huquqlari asosan ijtimoiy tarmoqlar darajasidagina muhokama qilinadi.
O‘tgan yili feminist faollar kafeda uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirdilar, ammo ikkita muassasa ma’muriyati ularga so‘nggi daqiqada rad javobini berdi.
18 yoshli Amiran Pardayev Tojikistondagi ayollarga o‘z huquqlarini himoya qilishda yordam berib keladi. U o‘zini feminist deb ataydi va “Instagram”da Dushanbeda shuhrat qozongan blogni yuritadi. Karatsevning aytishicha, ko‘plab tanishlari uning fikrlarini eshitgach, u bilan aloqani uzgan.
Turkmaniston
Nufuzli xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Turkmaniston inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat eng ayanchli ahvolda bo‘lgan mamlakatlarning biridir. Dunyodagi eng totalitar tuzumlardan biri hisoblanuvchi Turkmaniston hukumati inson huquqlari borasidagi har qanday chiqishni ayovsiz bostiradi.
Shunga qaramay, “Instagram”da bir yildan beri “Jora” (turkman tilida “dugona” ma’nosini anglatadi) loyihasi mavjud.
Sahifa mahalliy o‘spirin qizlarga o‘z huquqlari to‘g‘risida ma’lumot beradi. Sahifa qizlarga “yo‘q” deya bilish, salomatlikka e’tibor qaratish va shaxsiyatni rivojlantirishni o‘rgatib kelmoqda.