Qishloq xo‘jalik vaziri paxta ekmagan fermerning bolasini "sharmanda qilish"ni buyurdi

Jizzaxlik fermerlarga ijaraga olingan yerga paxtadan boshqa narsa ekish qatьiy taqiqlandi. Bu taqiqni buzgan fermerlarning ekinlari buzdirilib, o‘rniga paxta ekilmoqda. Rasmiylar bu jarayonni videoga olib, uni fermerning bolasi o‘qiydigan ta’lim dargohida namoyish etish yo‘li bilan izza qilishni buyurdi.

Aprel oyida Jizzax viloyatida o‘ndan ziyod fermerning ijaraga olgan yeriga ekkan kungaboqar, piyoz, makkajo‘xori kabi ekinlari haydab tashlanib, o‘rniga paxta ektirildi.

Fermer ekinini buzib, yerini haydab tashlash jarayoni videotasvirga olinib, hozirda hokimlik yig‘ilishlarida namoyish qilinmoqda.

Jizzaxdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 28 aprel kuni O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzaev boshchiligida Jizzax viloyatiga mo‘ljallangan maxsus selektor yig‘ilishida paxtadan boshqa ekin ekilgan yerni buzish payti olingan videolarni fermerning bolalari o‘qiydigan ta’lim maskanlarida namoyish qilish tartibi yo‘lga qo‘yilishi aytilgan.

Bu haqda ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan jizzaxliklardan biri Ozodlikka xabar qildi.

“Zarbdor tumanida 5 gektar piyoz ekkan fermerning yerini buzish jarayonini maxsus gruppa videoga olibdi. Gruppa o‘zi bilan ikkita Arion traktori olib kelgan ekan. Shu traktorlar bilan fermerning piyozini haydab tashlab, o‘rniga paxta ektirib yuboribdi. Shu videoni selektorda qo‘yib berishdi. So‘ngra Zoyir Toyirovich (Mirzaev Zoyir Toirovich – O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri. Tahr.) so‘zga chiqib, “Bu videoni shu fermerning o‘g‘li yoki qizi institutdami, kollejdami yoki maktabdami o‘qisa, o‘sha yerga borib qo‘yib beringlar. Men aytaman, borib videoni sinfdoshlari va domlalarini yig‘ib, hammasiga qo‘yib beringlar. Sharmanda qilinglar! Bolalari o‘qishga borolmaydigan, bu fermerning o‘zi ko‘chada yurolmaydigan qilinglar”, dedi. Hamma qo‘rqib qoldi bu gapdan keyin”, deydi jizzaxlik manba.

Jizzax viloyat hokimligi mas’ullaridan birining aytishicha, fermerni shu yo‘l bilan izza qilish tartibi¸ haqiqatdan¸ ham mahalliy hokimliklarga tavsiya qilingan.

“Bu birgina bizning viloyatga tegishli emas. Butun mamlakat bo‘yicha qilinayotgan tadbirlarlardan biri. Fermerlar o‘z bilganicha ish qila olmaydi. Aprel oyining boshida paxtadan boshqa narsa ekmaslik borasida ogohlantirdik. Lekin baribir ayrimlar bu gapni inobatga olishmadi. Iltimos qildik, ogohlantirdik, Lekin natija bo‘lmadi. Shunaqa izza qilinsa, balki boshqa fermerlarning ham ko‘zi ochilar”, dedi hokimlik mas’uli.

Ayni paytda bu mulozim hozircha Jizzax viloyatida bunaqa videolarni ta’lim dargohlarida qo‘yish orqali fermerlar bolasini izza qilish holati bo‘lmaganini bildirdi.

“Bu Mirziyoev kelib ketganidan keyin, hali yaqinda aytilgan tadbir. Buni rejalashtirib turibmiz. Lekin menda aniq qaysi fermerning yeriga oid video namoyish qilinishi haqida aniq ma’lumot yo‘q”, dedi hokimlik mas’uli.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarning aytishicha¸ davlat bilan shartnomada belgilangan g‘alla va paxta ekib faqat zarar ko‘rgani bois¸ ayrimlar ijaraga olingan yerlariga qo‘shimcha ekin ekib¸ zararni qoplash va ozgina daromad olishga harakat qiladi.

Yillar davomida hokimlik va fermerlar o‘rtasidagi yozilmagan bunday kelishuv bugunga kelib buzilgan va endilikda hokimliklar¸ qolaversa¸ huquq tizimlari fermerning paxtadan boshqa narsa ekmasligini jiddiy nazoratga olayapti.

Xususan¸ Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida kungaboqar ekkan ikki fermerning yeri haydab tashlandi.

Toshkent viloyatida ham yillar davomida kungaboqar ekib¸ undan kelgan daromad vositasida davlat yuklagan g‘alla va paxta rejasini amallab “oqlab” kelgan fermerlar ​Ozodlikka bu yil hokimiyat bosimi yanada kuchayganini aytgan edi.