2019-2020 o‘quv yilidan boshlab pullik tizimga o‘tadigan O‘zbekiston kollejlarida o‘qish narxining qancha bo‘lishi ikki oy ichida ma’lum qilinadi¸ dedi Ozodlik gaplashgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiysi. Mutasaddiga ko‘ra¸ kam ta’minlangan oilalar farzandlari¸shuningdek belgilangan joyda 3 yil ishlab berish shartiga rozi bo‘lganlar kollejlarda bepul o‘qishi mumkin bo‘ladi.
Kollejda o‘qish pullik bo‘ladi
Joriy yil 3 fevralidan kuchga kirgan yangi qonunga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, kasb-hunar kollejlarida ta’limning kontrakt-to‘lov tizimi joriy etiladi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, kollejlarda o‘qish uchun kontrakt-to‘lov miqdori ikki oy ichida ma’lum qilinadi.
“O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi negizida Kasb-hunar ta’limi markazi ochilib, tizim qayta tashkil qilinadi. Asosiy yangilik - kollejlar endilikda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanmaydi va kollejlarda o‘qish pullik bo‘ladi. Hozircha o‘qish narxining qancha bo‘lishi haqida biror ma’lumot bera olmayman. Sababi hozirda mutasaddi idoralar bilan birgalikda kollejda o‘qish narxining qiymati qancha bo‘lishi o‘rganilmoqda. Qarorga ko‘ra, kontarkt-to‘lov qiymati miqdorini e’lon qilishga ikki oy vaqtimiz bor. Shu muddat ichida bu masala aniq hal bo‘ladi”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan vazirlik xodimi.
Kollejda bepul o‘qish imkoni ham bor
Yangi qarorga ko‘ra, bepul o‘qish imkoni ayrim hollarda saqlab qolingan. Jumladan, qarorda yozilishicha, kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini kollejlarda bepul o‘qitish tartibi joriy qilinadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul o‘qitish uchun mahalla yig‘inlari tomonidan taqdim qilingan ma’lumotnomalar asos qilib olinadi.
Shuningdek, kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida bepul o‘qish imkoni ham bo‘ladi.
Ozodlik suhbatlashgan vazirlik xodimiga ko‘ra, davlat granti asosida o‘qish uchun kollej o‘quvchisi bilan maxsus shartnoma imzolanadi.
“Ushbu shartnomaga muvofiq kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilar, o‘zlari egallagan kasbi bo‘yicha mintaqalarda kamida uch yil ishlab berishi lozim bo‘ladi”, dedi vazirlik xodimi.
Qarorga ko‘ra, shuningdek, 2017/2018 o‘quv yilida qabul qilingan o‘quvchilar (hozir ular birinchi kursda tahsil olmoqdalar) o‘qishni to‘liq tugatguniga qadar kollej xarajatlari davlat byudjeti hisobidan ta’minlanadi.
Kollejlarga 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinmaydi
O‘tgan yili Mirziyoev ta’lim tizimining "o‘zbek modeli", ya’ni umumiy ta’lim maktabida 9 yil + 3 yillik professional ta’lim formulasidan voz vechib, 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etilishini ma’lum qilgandi.
Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, ushbu tartib 2018/2019 o‘quv yilidan boshlanib, umumta’lim maktablarida, shuningdek, akademik litseylarda o‘qish uzluksiz va 11 yillik muddatda amalga oshiriladi.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab esa kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumta’lim maktablarining 11-sinflari bitiruvchilari hisobidan amalga oshiriladi va kollejlar 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilmaydi.
“Endi kollejlar ta’lim muassasalari sifatida kattaroq yoshdagilarni o‘qitish bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Kollejlar bitiruvchilari vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarda ishlash imkoniga ega bo‘ladi”, dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xodimi.
6 oy o‘qib kollej diplomini olish mumkin
Prezident qarorida belgilangan yangi tartibga ko‘ra, kollejlarda o‘qish endi majburiy bo‘lmaydi, maktablarning 11-sinflarini bitirganlar ixtiyoriy asosda qabul qilinadi.
Shuningdek, kollejlarda biror kasbga ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘qish lozim bo‘ladi, o‘quvchi qancha o‘qishni o‘zi tanlashi mumkin.
Maktab-internatlarda o‘qish 172 ming 240 so‘m bo‘ladi
Yangi qarorga muvofiq, san’at, madaniyat va olimpiya zahiralari kasb-hunar kollejlarini ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari va maktab-internatlariga, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga aylantiriladi.
2016-2017 o‘quv yilida butun O‘zbekiston bo‘ylab 144 akademik litsey, 1411 kasb-hunar kolleji bor edi va ularda jami 1 million 500 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olgan.
Norma.uz axborot-huquqiy portali 5 fevral kuni ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘yicha jami 39ta kollej ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga aylanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktab-internetlar o‘quvchilarga yashash va ovqatlanishni ta’minlagan holda 5-sinfdan boshlab qabul qiladi. Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan maktab-internatlarda bolalar ta’minoti uchun har bir bola uchun oyiga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida ota-onalar to‘lovi undiriladi.
2017 yilning 1 dekabridan O‘zbekistondagi eng kam ish haqi miqdori 172240 so‘m qilib belgilangan.